II Bob. Markaziy Osiyoning eneolit davri yodgorliklari Eneolit davrining umumiy tavsifi. 2.1 Eneolit davrining ilk manzilgohlari Bu davr uchun uchta arxeologik kompleks xos bo‘lib, ulardan eng qadimgisi hisoblangan Anov I Joytun madaniyatining so‘nggi bosqichlarida g‘arbiy o‘lkalardan bir guruh o‘troq dehqon jamoasining maha..lliy hududga kelib joylashishisida paydo bo‘lgan. Bu majmuaning 3-ch metrdan iborat madaniy qatlamlar Joytun madaniyatining vorisi sanalgan Nomozgoh I madaniy qatlamlarini qoplagan. Bu bosichga oid yodgorliklar hududiy jihatdan moddiy madaniyatidagi belgilariga ko‘ra sezilarli darajada farq qiluvi g‘arbiy va sharqiy guruhlari ajralib turadi. Ular o‘rtasidagi farqlarni sapol idishlarning sirtiga berilgan naqshlarning rangi bilan farqlanadi. Agar g‘arbiy guruhdagi sapollarining sirti qizil tag ustiga to‘q va qora rangdagi naqshlar solingan bo‘lsa, sharqiy guruh sapollariniki qizg‘ish sariq yoki yorqin tag ustiga solingan naqshlari bilan ajralib turadi. Sapol idishlari mayda qum qo‘shilgan loydan yasalib, ustiga angob berilgan va bir tekis pishirilgan. Ularning sirti ayrim hollarda pardoz qilingan.
Imoratlari bir va bir necha xonali uy-joylardan iborat. Uylar ma’lum reja asosida tartib bilan qurilgan. Bu bosqichda misdan yasalgan dastlabki qurollar paydo bo‘ladi.Yodgorliklarning madaniy qatlamidan misdan yasalgan ikki tig‘li pichoq va sanchqi bigiz, terrakotik urchuqboshlar topib o‘rganilgan.
Bu bosqichda manzilgohlarda ko‘chalar paydo bo‘lib, ikkiga bo‘lib turgan. Shunday ko‘chalardan biri Monjuqlidepa yodgorligida taxminan 2 metrdan iborat. Ko‘cha atrofida aholi uy-joy imoratlari joylashgan. Alohida hovlilar yashash yordamchi xo‘jalik imoratlarida tashkil topgan. Yashash uylarining devorlarida qora va qizil bo‘yoqlarida solingan geometrik naqshlar mavjud. Uylarda o‘choqlar terakotik buyumlar, hayvon shakllari qisman ayol haykalchalari va o‘yin soqqalaridan iborat.
Ilk eneolit davriga Anov I va Namozgoh I manzilgoxlari kirib, ikki bosqichi mavjud. Anov I manzilgohi hududiy jihatdan g‘arbiy va Sharqiy guruhlarga bo‘linadi. Namozgoh I esa hududiy jihatdan g‘arbiy, markaziy va Sharqiy guruhlarga bo‘linadi. Rivojlangan eneolit davriga Anov II, Nomozgoh II manzilgohlar kiradi. Nomozgoh II hududiy jihatdan g‘arbiy va SHarqiy hududlarga bo‘linadi. So‘nggi mis-tosh davriga esa Nomozgoh III oid bo‘lib, u ham g‘arbiy va Sharqiy hududlarga bo‘linadi. Yuqori Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan Sarazm (Sarazm I, II) so‘ngi mis-tosh davriga oid bo‘lib, moddiy topilmalar uni alohida guruhlarga ajratish imkonini bermaydi.
Bu davrga kelib qurilishda paxsa bilan birgalikda to‘g‘ri to‘rtburchakli xom g‘ishtlar xam ishlatila boshlaydi. qurilishda toshdan deyarli foydalanilmagan. Mahalliy me’morchilik an’analarining shakllanishi keskin mo‘‘tadil iqlim sharoiti muhim o‘rin tutadi. Kam yog‘in bo‘lganligi tufayli uylarning tomi bolorlar bilan tekis qilib yopilgan. Bundan yashash (yoz kunlarida) uchun hamda xo‘jalik maqsadlarida foydalanilgan. Eneolit davriga kelib dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholining yangi erlarni o‘zlashtirishi natijasida ko‘p sonli yangi manzilgohlar paydo bo‘ladi. Ularning ba’zilari ( Nomozgohtepa, Oltintepa, Qoratepa ) ning hajmi ancha katta. Ba’zi bir manzilgohlar alohida qirqim ko‘rinishidagi aylanma devorlar (bunday inshootlar Geoksyur vohasining O‘rta eneolit davriga oid manzilgohlarda) aniqlanib, qo‘shni devorlar bilan qo‘shilgan. Bular ko‘rinishidan yashash uchun foydalanilgan.
Eneolitning ilk bosqichida ba’zi bir manzilgohlarning qurilish rejasi Joytun an’analarini saqlab qoladi. Tartibsiz qurigan uylardan tashkil topgan qishloqni markaziy ko‘cha ikkiga bo‘lib turadi (Monjiklitepa). Me’morchilikda aholi uy-joylari imoratlarining asosini tashkil etadi. Ilk eneolit davri uylari qo‘shimcha o‘zgartishlar kiritilgan neolit davri uylarini eslatadi. Rivojlangan va so‘nggi eneolit davri uchun muntazam va rejali qishloqlar xosdir. qishloqlar mudofaa devorlari bilan o‘ralgan (Mullalitepa). Bu davrda ko‘p xonali uylar paydo bo‘ladi.
Ayniqsa rivojlangan eneolit davriga kelib, ko‘chalar, maydonlar, katta jamoa uylari tartib bilan aniq reja asosida quriladi. To‘rtburchak va aylana shakldagi uylar 12-15 xonadan iborat bo‘lib, ularning ichida to‘rtburchak va xalqa shaklida o‘choqlar o‘rnatilgan. Uylar yonida don saqlanadigan xonalar va molxonalar bo‘lgan (Geoksyurtepa). Ilk eneolit davriga oid uylarning devorlari naqshlar bilan bezatiladi, poli suvalgan, bo‘yalgan yirik hajmgi uy ajralib turadi (Yassitepa va Dashlitepa). Ko‘rinishidan bu imorat jamoani uyushtiruvchi ibodatxona bo‘lgan. Bu uyda jamoa boshlig‘i ham yashagan bo‘lishi mumkin. So‘nggi eneolit davri manzilgohlarning (Geoksyur1) ko‘p xonali uylarida o‘choq joylashgan alohida xonalarning mavjudligi xos. Ba’zan bunday uylarda tutatqi solinadigan idish va odam kuygan suyaklari uchraydi. Bu xonalar ko‘rinishdan katta patriarxal oilaga tegishli kichik ibodatxona bo‘lgan.
So‘nggi eneolit davriga kelib xom g‘ishtdan alohida joylashgan kvadrat (Qoratepa) yoki cho‘ziq (Geoksyur I) shakldagi jamoa sag‘analari paydo bo‘ladi. Ularning usti xom g‘ishtdan aylana qilib yopilgan. Yakka Sharq ko‘milganlari ham mavjud. qabrlardan choqmoqtosh qurollar, sopol idishlar mis buyumlar va toshdan ishlangan marjonlar, haykalchalar topilgan. Eneolit davri manzilgohlardan haykalchalarning ko‘plab topilishi uning ommaviy tayyorlanganligidan dalolat beradi. Ulardan hayvon (yovvoyi va xonaki) haykalchalari (neolit davri an’analarining davom etishi) ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo ayol haykalchalari muhim o‘rin tutadi. haykalchalarda hosildorlik va ona ma’budalarining qiyofalari yorqin tasvirlangan. Ilk va qisman O‘rta eneolit uchun tik turgan nufuzli ayol haykalchalarining tasvirlanishi xosdir. haykalcha bo‘ynidagi rangli munchoqlar va tanasidagi ramziy shakllari uning tabiat bilan hamnafas ekanligini ko‘rsatib turibdi11.
So‘nggi eneolit davriga kelib ayollarning o‘tirgan holatdagi nafis xaykalchalari keng tarqalib, bo‘yoqlar o‘rniga o‘yma hamda yopishtirilgan naqshlar bilan bezatiladi. Erkaklarning tik va o‘tirgan holatda ishlangan xaykalchalari ham paydo bo‘ladi. Erkaklar xaykalchalarida soqol-mo‘ylovi hamda bosh kiyimi aniq tasvirlangan. Erkaklar haykalchalari ma’budaning ilohiy sherigi yoki uning turmush o‘rtog‘i yoki ilohiy qahramon sifatida izohlanadi. Eneolit davrida devoriy naqshlar paydo bo‘ladi. Yassitepa ibodatxonasining naqshlari geometrik shaklda bo‘lib, ularga qora va qizil bo‘yoqlar berilgan. Naqshlarning motivi ancha sodda va naqshli sopol idishlarnikiga o‘xshaydi: to‘r shaklidagi kvadrat va uchburchaklardan iborat. Lekin shuni alohida ta’kidlash kerakki, eneolit davrida bir necha ming yillardan so‘ng O‘rta Osiyo me’morchiligida muhim o‘rin tutgan geometrik shakllar bilan bezash usuli vujudga keladi.
Eneolit davri kulolchilik sohasida sezilarli yutuqlarga erishiladi. Ma’lum issiqlikni saqlaydigan xumdonlar paydo bo‘ladi, xom ashyo sifati oshadi, kulolchilik buyumlarining ko‘pligida bir rangli va ko‘p rangli bezaklar bilan bezatila boshlaydi. Asosan kosalar va xumchalar naqshlar bilan bezatiladi. Asosan ikki xil bo‘yoqlar: qizil va qora-jigar ranglar ishlatiladi. Dastlab idishlarning yuqori qismi uchburchak va parallel chiziqlar bilan naqshlangan. Asta-sekin idishlar o‘zgacha ko‘rkka ega bo‘lib, bezaklkari ko‘payib boradi. Idish atrofidagi aylana chiziqlar, uchburchak shakllarning orasi goh chiziq, goh kvadrat shakldagi xoch, goh to‘lqinsimon chiziqlar bilan to‘ldirilgan. Keng tarqalgan motivlaridan biri xoch shakli bo‘lib, ko‘p sonli shakllarni vujudga keltiradi. Ma’lum uslubga solingan va aniq geometrik shaklga keltirilgan hayvon va qush tasvirlari paydo bo‘ladi. Ular echkilar, mushuk zotiga o‘xshash olachipor hayvon (qoplon bo‘lishi mumkin), yirik qanotli burgut va kichik qushlardan iborat. Odamlar tasvirlari kamchillikni tashkil qiladi. Masalan, sopol idish bo‘lakchalaridan birida qarama-qarshi holatda turgan kishilar tasvirlanib, ular O‘rtasida Janubiy Turkmanistonning eneolit davri manzilgohlarda uchraydigan ayol haykalchasiga o‘xshash ayol ma’budasi tasvirlangan. Ko‘rinishdan rassom ayol ma’budasiga sig‘inish harakatini tasvirlagan. Kishilarning obrazi va hayvonlar tasviri ba’zan ramziy belgi bilan uyg‘unlashgan. Agar ilgari hayvonlar tasviri totemizm bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik Qadimgi dehqonchilik aholisi afsonaviy tafakkurdan chiqib, ular mazmunan boshqa bir ma’noli tasvirlarni aks ettira topa boradi.
Eneolit davri manzilgohlarda ko‘p sonli tosh qurollari topilgan. Bular asosan dehqonchilik mehnat qurollari: yorg‘unchoq, hovoncha, o‘roq, dasta, kelidasta, tagkurs va boshqalar. Marmarsimon ohaktoshdan sirti qat-qat burma qilib ishlangan idish ko‘rkam qilib yasalgan. Tosh va gipsdan zeb-ziynat buyumlari, asosan munchoqlar yasalgan. So‘nggi eneolit davriga kelib bo‘yinga osish uchun mo‘ljallangan xoch yoki bir necha tishli xoch ilk bor paydo bo‘ladi. (Qoratepa, GeoksyurI). Ular yumshoq navli toshlardan yo‘nib ishlangan. Suyakdan bigiz, sanchqi yasalgan. Keyingi davrida misdan yasalgan qurollar uchraydi. Ular pichoq, sanchqi, to‘g‘nog‘ich, aylana shakldagi dastasiz oyna12.