Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim…



Yüklə 22,12 Kb.
tarix17.07.2022
ölçüsü22,12 Kb.
#117409
“Биз келажак бунёдкоримиз!”


Biz kelajak bunyodkorimiz!
(esse)
Reja:

  1. “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim…”

  2. O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlar mamlakati.

  3. Vatanim kelajagi mening tasavvurimda.

1.Vatan haqida so‘z ketganda onamiz ko‘z oldimizga kelishi tasadifiy emas. Chunki Vatan har bir inson uchun onasiday aziz, otasiday qimmatlidir. Shuning uchun ham ona vatan, ota yurt deb ataymiz. Bizning O‘zbekistonimizning shonli tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda turli-tuman hodisalar: jang-u jadallar, quvonchlar, iztiroblar, yo‘qchilik va to‘qchiliklarni ko‘ramiz. Shun bilan birga, bizning faxrlansa arziydigan bobolarimiz borki, ularning jahon ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasi tufayli astronomiya, algebra, tibbiyot kabi muhim sohalar gullab-yashnamoqda. Qomusiy olimlarimiz: Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, al-Farg‘oniy kabi yetuk mutafakkirlar Birinchi Renessansning asoschilari bo‘lsa, Alisher Navoiy va uning zamondoshlari mamlakatimiz madaniyati tarixidagi Ikkinchi Renessansning ijodkorlari bo‘lishdi. Ayni paytda Uchinchi Renessans ostonasida turibmiz. Prezidentimizning “Uchinchi Renessans maktabdan boshlanadi”, degan gaplarida ulkan ma’no bor. Chunki ta’lim va tarbiya asosiy o‘rinda bo‘lsagina, avlodlar ma’rifatli yetuk shaxs bo‘lib yetishadilar. Tariximizga murojaat qiladigan bo‘lsak, qanchadan qancha ulug‘ ajdodlarimiz o‘zlarining ilmiy va ijodiy merosini biz – avlodlarga qoldirgan. Bizning burchimiz esa o‘sha ulkan madaniy merosni o‘rganish, tadqiq va targ‘ib qilishdan iboratdir. Forobiy bobomiz Nil daryosining sathini birinchilardan bo‘lib o‘lchagan yetuk ixtirochi bo‘lgan. Beruniy esa okeandagi suvning to‘lqiniga qarab Yerning narigi tomonida quruqlik borligini bashorat qilgan, qolaversa, tarixdagi ilk globus ijodkori ham Beruniy bobomizdir. Ibn Sino tibbiyot ilmining tamal toshini qo‘yish bilan birga, adabiyot sohasida ham ulkan natijalarga erishgan shoir bo‘lgan. Ulug‘ olim kasallikning ko‘zga ko‘rinmas vositalar – viruslar yordamida yuqishi mumkinligini birinchi bo‘lib ilmiy faraz sifatida ilgari surgan. Farg‘oniyning samo ilmi haqidagi bilimlarini Mirzo Ulug‘bek rivojlantirib tarixda ilk bor yulduzlar jadvali – Zij bitgan. Ulig‘bek bobomizning ushbu jadvali nihoyatda ilmiy aniqligi bilan xarakterlidir. Alisher Navoiy esa turkey tilni jahonga mashhur qilgan. Uning zamonida fors tili she’riyat tili, arab tili esa ilm-fan tili deb hisoblangan, turkey tilde she’r yozib bo‘lmaydi, badiiy asar yaratish uchun bu til qo‘pollik qiladi deyuvchilarga Alisher Navoiy ulkan epik doston – “Xamsa”ni yaratish bilan turkiy tilning quvvatini ko‘rsatib qo‘ydi. Hozirgi kundagi vazifamiz ajdodlar yutuqlari bilan faxrlanishgina emas, balki ularga munosib avlod bo‘lishimiz lozimligini anglashimizdir.
2. Ma’rifat sohasida bobolarimiz hamisha peshqadam bo‘lishgan. Shu mashaqqatlar va zahmatlar orqali dunyo insoniyatining ilm-faniga, ta’bir joiz bo‘lsa, turmush sharoitining yaxshilanishiga, o‘g‘irini yengil qilishga ulkan-ulkan hissa qo‘shishgan. Buni butun insoniyat tan oladi va e’tirof etadi, deb bemalol ayta olaman. O‘zbekistonda Prezidentimiz tomonidan Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yila boshlandi. Jumladan, Prezident yangi metroning bekatlarini ko‘zdan kechirish va sayohat davomida aytgan gaplari biz – yoshlarni ko‘proq harakatlar qilishga, bundan-da yuqori natijalarga erishishga undaydi. “Biz uchinchi Renessans uchun poydevor qo‘yayapmiz. Maktablarda zarur sharoitlar yaratilsa, bilim olishda o‘zbek bolasidek mehnatkash va sabrlisi jahonning hech yerida yo‘q. Uyg‘onish davri baribir bo‘ladi, o‘shanda yangi Ulug‘beklar dunyoga keladi....Nima uchun shuncha mablag‘ni matematika, kimyo, biologiyaga sarflayapmiz? Ertaga ushbu fundamental ilmlar baribir natija ko‘rsatadi. Axir, bir vaqtlar shunday bo‘lgandi-ku”.
Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash orqali, bundan tashqari avvalambor, aholining oltmish foiz yoshlarining ilmiy salohiyati orqali biz, albatta, Uchinchi Renessansga erishamiz. Yangi imkoniyatlarga to‘la yurtda faqat va faqat ezgulik, yaxshilik va samimiylik bo‘y cho‘zadi. Yangilanishlarga to‘la yurtda faqat ezgu g‘oyalar va ezgu fikrlar hukm suradi. Shunday ekan, yaratilayotgan sharoitlarning, avvalo, shukrini qilishimiz, ulardan oqilona foydalanishimiz va qancha miqdorda bo‘lsa-da, o‘z hissa va ulushimizni qo‘shmog‘imiz darkor. Turli internet saytlari va nashrlar orqali hozirgi zamonamizdagi o‘zgarish va evrilishlarni ko‘rib turibmiz. Qani, aytingchi, imkoniyat va sharoit hamma yurtda bor to‘g‘ri, biroq mehr-sahovat va g‘amxo‘rlikning eng yuqori cho‘qqisi faqat O‘zbekistonda bor. Bu mehr-muruvvatning eng ko‘p nurlari ham yoshlarga qaratilgan. Qaysi yurtda keksalar qadrlandimi bilingki, u yurtda tinchlik hukm suradi. Qay yurtda yoshlar qadrlandimi, bilingki, u yurtda yuksalish va parvozlar bo‘ladi. Mustaqilikka erishdik, ruhimiz ko‘tarildi. Ana shu ruhni endi tetiklashtirish fursati kelgan. Bizdan qon yoki jon so‘raladigan zamona emas, balki faqat ilm, yangilik va vatanparvarlik so‘raladigan zamondir.
Yurtboshimiz bu yo‘lda biz yoshlarga suyanishlarini ta’kidlab, joylarda Prezident maktablarini, ijodiy maktablarni bunyod ettiryaptilar. Bundan tashqari, Oliy Majlis Palatalari huzurida “Yoshlar Parlamenti” ning tashkil topganligini, oliy ta’lim muassasalariga kirish kvotalarining yil sayin oshib borayotganligi hamda boshqa barcha islohotlar yoshlarga qaratilyapti. Prezident bizdan juda katta va olamshumul natijalarni, yutuqlarni kutyaptilar. Biz, yoshlar, yer-u ko‘kni titratuvchi vulqon, tinchlik uchun qalqon, otalarimizning quvvati, onalarimizning ko‘z qorasi, xaqimizning tayanchi bo‘lishimiz kerak zamondir. Har tongda o‘z o‘zimizga “Aytgil, do‘stim, nima qildik, Vatan uchun?” degan savol bilan uyg‘onmog‘imiz va shu savol bilan uxlamog‘imiz va shu savol bilan yashamog‘imiz kerak. Shunday ekan, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ”Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”. Bugungi yoshlarimiz ham kechagi yoshlar bo‘lmasligi kerak. Mas’uliyat va ishonchni oqlashimiz lozim. Har qanday mamlakatning qay darajada rivojlangani uning ma’naviy qiyofasi bilan birga iqtisodiy qiyofasini ham belgilaydi. Bugungi kunda yurtimizda iqtisodiyot sohasida ham salmoqli islohotlar amalga oshirilmoqda.Aynqsa, tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar, yengilliklar, “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosidagi kam foizli kreditlar insonlarda qo‘shimcha daromad olishga bo‘lgan rag‘batini kuchaytirmoqda. Prezidentimiz, tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham, davlat ham boy bo‘ladi”, deganlarida xalqimizning mehnatkashligi, insonparvarligi va samimiyligini nazarda tutganlari shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022 yildagi PF-60-son “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, tadbirkorlik sohasiga ham kata e’tibor berilmoqda. Bugungi murakkab sharoitda iqtisodiy barqarorlikni ushlab qolish har jihatdan dolzarb bo‘lgan vazifalardan hisoblanadi.
3.Albatta, bunday islohotlar o‘z samarasini beradi. “Agar bir yilni mo‘ljallasangiz, guruch eking, agar o‘n yilni mo‘ljallasangiz, daraxt eking, agar butun umrni mo‘ljallasangiz, ta’lim oling va ta’lim bering”, degan naql bejiz paydo bo‘lmagan. Yurt kelajagining qanday bo‘lishi ushbu yurtda ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlarga bog‘liq. Shu bois ham keying vaqtlara “Najot maktabda, najot ta’limda, najot bilimda” degan shior o‘zbek ziyolilari orasida juda ommalashdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston kelajagini mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” kitobida vatanimizning shonli o‘tmishi bilan birga saodatli kelajagi haqida ham mulohazalar bayon etilgan. “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”, degan gaplari har bir insonning qalbida faxr-iftixor tuyg‘ulari bilan birga, ulkan mas’uliyatni ham yuklaydi.
Vatanim kelajagini men qanday tasavvur etaman? Osmono‘par binolar, aqlli uylar, kosmosga sayohat uyushtirayotgan sayyohlik agentliklari, dunyo ilm-fani taraqqiyotida yuksak martabaga erishayotgan yoshlar, barqaror iqtisodiy ahvol, keng investitsiyalarning ochiq shakllari… Ha, bular ertak emas, yaqin kelajakda biz – yoshlar qurishimiz kerak bo‘lgan istiqbol. Bunday yuksak natijalarga erishish uchun nima qilmoq lozim? Degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Albatta, har qanday ijobiy natija bugungi kundagi mehnat mahsuli hisoblanadi. Shunday ekan, hozirdanoq biz –yoshlar qo‘lni qo‘lga berib jipslashishimiz, shu yurt, shu el koriga yaraydigan inson bo‘lishni hayotimizning maqsadiga aylantirishimiz, milliy g‘ururimizni asrab avaylashimiz, Vatanni sevishimiz lozim bo‘ladi.
Vatanni sevish, millatni ulug‘lash esa bizga ona suti va allasi bilan singadigan murakkab ruhiy jarayondir. Shu bois ham Prezidentimiz xotin-qizlarning ta’lim olishiga nihoyatda kuchli e’tibor bermoqdalar. Chunki, bir yigitni o‘qitish, nari borsa bir oilani o‘qitishga teng bo‘lsa, bir qizni o‘qitish butun jamiyatni o‘qitishdir. Hali biz Uchinchi Rennessansga, albatta, erishamiz. Forobiylar, Ulug‘beklar, Temurlar yotgan beshikdan yana shunday buyuk insonlar yetishib chiqadi. O‘zbek xalqining jahonda tenglar ichra teng mamlakat ekanligi butun dunyo afkor ommasiga ma;lum bo‘lmoqda. O‘tmishi sharafli bo‘lgan yurtning kelajagi ham buyuk bo‘lishi shubhasiz. Chunki oqqan daryo yana oqaveradi. Dunyoga ulug‘larni bergan bu diyor yana shunday buyuklarni yetishtirib chiqa oladi. O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat!
Yüklə 22,12 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin