Rh agglyutinogen - rezus omili deb ataladi. U dastavval Makakus rezus degan maymunlarning qonida topilgan. Bu agglyutinogen odamlarning 85% da bo’ladi, 15% da esa bo’lmaydi.
Hozir aytib o’tilgan qon guruhlari odamga xos bo’lib, tibbiyot amaliyotida katta ahamiyat kasb etadi. Hayvonlar uchun esa, bu qon guruhlari hech ahamiyatga ega emas desa ham bo’ladi.
CHunki hayvonlarning qon guruhlari juda ko’p. Qoramolda hozirgacha 80 xildan ziyod agglyutinogen topilgan. Ularni 12 ta sistemaga ajratish mumkin. Bularning ichida V sistema eng katta bo’lib, unda 30 tacha agglyutinogen bor. Qoramollarning qon guruhlarini aniqlash uchun 51 xildan ziyod standart zardoblar ishlatiladi. CHo’chqalarda 16 ta, qo’ylarda 7 ta, tovuqlarda 14 ta, otlarda 10ta agglyutinogenlar sistemasi borligi aniqlangan.
Hayvonlarda agglyutinogenlarning bunchalik ko’p uchrashi ularda qon quyishni ancha mushkullashtiradi. SHu sababli, hayvonlarda qon quyishning amaliy ahamiyati yo’q desa ham bo’ladi.
Ammo hayvonlarning qon guruhlarini aniqlash, ularning avlodini aniqlashda, naslchilik ishlarida, mahsuldorligini o’rganishda qo’l kelmoqda.
1 - ish: Qon guruhini aniqlash. Odamda qon guruhini aniqlash uchun ikkinchi va uchinchi guruh standart qon zardobidan foydalaniladi. Buyum oynachasining ikki chetiga har bir guruhdagi qon zardobidan tomiziladi. So’ngra steril igna yordamida chap qo’lning ismsiz barmog’idan qon chiqarilib, har bir zardob tomchisi yoniga shu qondan bir tomchi tomiziladi va shisha tayokchalar bilan qon zardobining yonidagi qon tomchisi bilan aralashtiriladi. (Zardobning bir tomchisiga tekkan tayoqchani boshqa zardob tomchisiga tegizib bo’lmaydi).
Agar oradan taxminan 5 minut o’tgandan keyin ham ikkala guruhdagi zardobda agglyutinatsiya bo’lmasa, tekshirilayotgan qon 1-guruh bo’ladi.
Agar ikkala zardob tomchisida ham agglyutinatsiya hosil bo’lsa, qon 4-guruhga kiradi.
Agglyutinatsiya ikkinchi guruh zardobida bo’lib, uchinchi guruh zardobida bo’lmasa, qon 3-guruhga kiradi.
Aggyultinatsiya uchinchi guruh zardobida bo’lib, ikkinchi guruh zardobida bo’lmasa, qon 2 guruhga kiradi.