qishloq xo‘jaligi korxonalari — issiqxona, konserva yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqaruvchi yoqilg‘i sifatida tabiiy gazdan foydalanuvchi, 1 ta gaz uskunasining yillik gaz sarfi 100000 kub metrdan yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish xarakteriga ega va ega bo‘lmagan yoxud yiliga 150 litrdan ortiq suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanuvchi iste’molchilar.
3. Mazkur Qoidalar yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan bosimi 1,2 mega-paskaldan yuqori bo‘lmagan tabiiy gaz va bosimi 1,6 megapaskaldan yuqori bo‘lmagan SUG bilan ta’minlash tizimlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishda qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Qoidalar quyidagilarga tatbiq qilinadi:
aholi punktlarida joylashgan gaz ta’minoti tizimiga;
sanoat korxonalarning, qishloq xo‘jaligi korxonalarining va kommunal-maishiy soha tashkilotlarining gaz quvurlari hamda ulardagi qurilma va jihozlarga.
4. Qoidalar:
turar joylar va ulardagi ichki gaz quvurlari va gaz jihozlariga;
gazni xomashyo sifatida ishlatuvchi kimyo, neft-kimyo, neft va gazni qazib chiqarish hamda neft va gazni qayta ishlash sanoat korxonalarining texnologik gaz quvurlari va gaz jihozlariga;
qora metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarining gaz xo‘jaliklariga;
gaz bilan ishlayotgan tajriba va eksperimental agregatlar va qurilmalarga;
avtomobil va temir yo‘l transporti, daryo, dengiz va havo kemalarining gaz jihozlari, shuningdek, gazdan foydalanadigan ko‘chma qurilmalariga;
gaz-havo aralashmalarining portlash kuchidan foydalanuvchi yoki himoya gazlari olishga mo‘ljallangan qurilmalarga tatbiq etilmaydi.
5. Muhandis-texnik xodimlar uchun bilimlarni sinovdan o‘tkazish 3 yilda bir marta, ishchi-xodimlar uchun esa bir yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
6. Po‘lat va polietilen gaz quvurlarini payvand qilish ishlarini bajarish texnik o‘quv kurslarida o‘qitilgan va attestatsiyadan o‘tkazilgan payvandchilarga ruxsat etiladi.
7. Gaz jihozlari, texnik qurilmalar, gaz quvurlaridan foydalanish va sozlash, qurish, avtomatik himoya va signalizatsiya tizimlari, elektr kimyoviy himoya qilish vositalari, shuningdek, gazda ishlovchi qurilma va asboblardan foydalanish bilan band bo‘lgan ishchilar mustaqil ishga qo‘yilishidan oldin tajribali ishchilar rahbarligida kamida o‘n kunlik ish amaliyotidan o‘tadilar.