Mashq. O‘z shaxsiy hayot va faoliyatingiz to‘g‘risida bayon qilingan tarjimayi
hol matnini tuzing.
35-DARS: BILDIRISHNOMA Bildirishnoma - muassasa rahbariga xizmat faoliyati bilan bog‘liq muhim
masalalar (ishga tushganlik, muayyan vazifani bajarganlik haqida) yuzasidan yoki
yuqori idora, mansabdor shaxsga biror voqea va hodisa haqida xabar berish
maqsadida taqdim etiladigan yozma axborot - rasmiy hujjatdir.
Bildirishnoma kimga yo‘llanishiga qarab ichki va tashqi turlarga bo‘linadi.
Ichki bildirishnoma rahbar shaxs yoki bo‘lim boshlig‘iga yoziladi va muallif
tomonidan imzolanadi.
Tashqi bildirishnoma rahbar tomonidan yuqori idora yoki
mansabdor shaxsga ikki nusxada yoziladi. Rahbar tomonidan imzolanadi va ikkinchi
nusxasi muassasaning o‘zida qoldiriladi.
Bildirishnoma tashabbus, axborot va hisobot xususiyatiga ega.
Tashabbus bildirishnomasi matnida biror masala yuzasidan fikrlar ilgari surilib, rahbarni ularni
hal qilishga undaydi (10-sonli maktabda mukofotlash to‘g‘risidagi nizomlar
buzilganligi haqida).
Axborot bildirishnomasi odatda umumiy holati rahbarga ma’lum
bo‘lgan muayyan jarayon to‘g‘risida xabar beradi (Fermer xo‘jalikdagi chigit
ekishning borishi to‘g‘risida).
Hisobot bildirishnomasi ma’lum bir ishning
tugallanganligi yoki biror ko‘rsatma, tavsiya, rejaning ijrosi to‘g‘risida rahbarni
xabardor qilishga qaratilgan bo‘ladi (O‘zDSMIda Mustaqillik bayrami tantanalarini
o‘tkazish ishlarining borishi to‘g‘risida).
Bildirishnomaning zaruriy qismlari: 1. Bildirishnoma yo‘llagan shaxsning lavozimi, ismi va ota ismining bosh
harflari hamda jo‘nalish kelishigidagi familiyasi.
2. Bildirishnoma tayyorlagan shaxsning lavozimi, ismi va ota ismining bosh
harflari hamda chiqish kelishigidagi familiyasi.
3. Matn sarlavhasi
4. Hujjat turining nomi (Bildirishnoma)
5. Bildirishnomaning matni
6. Ilovalar ro‘yxati (agar bo‘lsa)
7. Yozilgan sana va yozuvchining imzosi