Tilshunoslik va tabiiy fanlar Tilshunoslik tabiiy fanlardan biologiya, fizika, kimyo, geografiya, geologiya, tibbiyot kabilar bilan qaysidir jihatlari yuzasidan bog‘langandir. Biz tilshunoslikni tabiiy fanlar sirasiga kiruvchi inson fiziologiyasi va antropologiyasi fanlari bilan aloqalarini ko‘rib o‘tamiz. Tilshunoslik uchun eng muhim jihat reflektor holatdagi inson nutqi faoliyati nazariyasi bo‘lib, uning asoschilari I.M.Sechenov hamda I.P.Pavlovdir. Inson ko‘rish, eshitish, sezish orqali dunyoni idrok etadi, o‘z hayotiy faoliyati davomida ana shu fiziologik holatlar – signallar sistemasi orqali voqeliklarni anglaydi, tafakkuri orqali ularning analiz-sintezini amalga oshiradi. Bularning barchasida fiziologik asoslar etakchilik qiladi. Fonetikaning anatomik-fiziologik aspekti fonetik birliklarning biologik asosini – inson organizmidagi ayrim a’zolarning nutq tovushlarini hosil qilishdagi rolini, ularning tuzilishi va faoliyatini o‘rganadi. Nutq tovushlarining biologik asosini quyidagi turlarga bo‘lish mumkin: 1) nutq a’zolarining anatomiyasi; 2) nutq a’zolarining fiziologiyasi; 3) nutq a’zolorining ijro kechimi (Jamolxonov H. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. –T.: Talqin, 2005. 26-b.).
Tilshunoslar va antropologlarning o‘zaro qiziqish xususiyayatlari ikki holatda to‘qnashadi: birinchidan, tillarni tasniflashda, ikkinchidan, nutqning kelib chiqishi masalalarini o‘rganishda. Qolaversa, inson nutqiga oid jihatlar bevosita fizikaning tadqiqot ob’ekti sanalgan akustikaga bog‘lab o‘rganiladi. Chunki fizikaning akustika bo‘limi bilan tilshunoslikning fonetika bo‘limi o‘zaro bog‘liqdir. Ma’lumki, akustika har qanday tovushning eshitish bilan aloqador xususiyatlarini o‘rganadi. Tilning tovush tomoni murakkab jarayon bo‘lib, uning fizik-akustik tabiati, biologik asosi (nutq a’zolarining harakati), talaffuz etilishi va eshitilishi kabi xossalari bor. Tovushning sifat belgilari sanalgan tovush balandligi, tovush kuchi, tovush tembri, shuningdek, tovushning miqdor belgisi ko‘rsatkichi bo‘lgan tovush cho‘ziqligi tilning fonetik birliklarining fizik tabiati hisoblanadi. Shu bilan birga har qanday tovushning paydo bo‘lish o‘rnini, lab va burunning ishtirokini aniqlash uchun fizik asboblardan foydalaniladi. Fizikadagi magnit maydon, atomning tuzilishi singari masalalar tilshunoslikdagi leksik-semantik maydon, eng kichik til birliklarining bo‘linuvchanligi singari nazariyalarning kelib chiqishiga zamin yaratdi. Bularning barchasi tilshunoslik bilan fizika fanining uzviy aloqador ekanligini ko‘rsatadi (Nurmonov A., Yo‘ldoshev B. Tilshunoslik va tabiiy fanlar. –Тoshkent, 2001. 78-b.).
Aytish kerakki, tilshunoslik bilan aloqador fanlar tilning shu fanlar nuqtai nazaridan eng ahamiyatli aspektini o‘rganadi. Masalan, sotsiolingvistika tilning ijtimoiy hodisa ekanligini, til va jamiyat munosabatlarini, ya’ni tilning kommunikativ vazifasini o‘rganadi. Mantiq fani bilan tilshunoslikning o‘zaro aloqadorlik tomoni til bilan tafakkur munosabatlarida yaqqol ko‘rinadi. Chunki tilshunoslikning o‘rganish ob’ekti bo‘lgan til tafakkur bilan bevosita bog‘liqdir. Mazkur qo‘llanmaning maxsus bir bo‘limi til va tafakkur munosabatlariga bag‘ishlanganligi ham bejiz emas.
Tilshunoslik va matematika o‘rtasidagi munosabat masalasini ochib berish ancha murakkab. Shunday fikr borki, har qanday fanni «fan» deb atash uning ichiga matematikaning qanchalik kirib borganligi, unda qo‘llanish darajasining qay darajada ekanligi bilan belgilangan. Bu - bejiz emas, albatta. Chunki matematika aniqlikni yoqtiradi. Matematikada har qanday masala aniq o‘z yechimiga, natijasiga ega. XX asrga kelib ko‘pgina matematiklar hamda yaratilgan matematika maktablari matematikani nafaqat aniq fanlarda, xususan, fizika yoki texnikada, balki ijtimoiy fanlarda ham qo‘llay boshladilar. Buning natijasi o‘laroq tilda ekonometrika (iqtisodiyotda matematik metodlarni qo‘llash), matematik mantiq, matematik lingvistika, kompyuter lingvistikasi kabi terminlar paydo bo‘ldi. Aytilganidek, XX asrda matematik mantiq fani mustaqil bir fan sifatida ish ko‘rdi. Umuman, matematik mantiq matematikaning o‘ziga xos bir bo‘limi sifatida shakllandi. Matematik lingvistika haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. Lekin shuni ta’kidlash lozimki, matematik lingvistikaga maxsus yoki o‘ziga xos lingvistika sifatida qaramaslik kerak. Bunda til hodisalarida matematik usullardan foydalaniladi. Eng muhimi, bu bevosita tilga emas, balki nutqqa oiddir. Masalan, ehtimollar nazariyasi yoki matematik statistikaning qo‘llanishi.
Hozirgi kunga kelib komputer lingvistikasi keng rivoj topmoqda. Hatto, oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlarida maxsus predmet sifatida o‘qitila boshlandi.
Xullas, tilshunoslik til haqidagi mustaqil fan bo‘lib, uning ob’ekti til bo‘lib, tilshunoslikdan tashqari yana bir necha fanlar tomonidan o‘rganilishni talab qiladigan murakkab sohadir. Tilning mohiyatini o‘rganish va tilshunoslik fanining predmetini aniqlash o‘z navbatida tilni o‘rganadigan boshqa fanlarning yutuqlarini nazarda tutishni va tilshunoslikning asosiy masalalarini hal qilishda ularni inobatga olishni taqozo etadi. Tilshunoslik boshqa fanlar bilan qanchalik aloqada bo‘lmasin, uning o‘z tadqiqot ob’ekti va tadqiqot chegarasi mavjud va mustaqil fan sifatida fanlar sistemasida qat’iy o‘rniga ega.