Tilshunoslik asoslari


SO‘ZLARNING MA’NO MUNOSABATIGA KO‘RA TURLARI



Yüklə 0,94 Mb.
səhifə29/78
tarix11.11.2022
ölçüsü0,94 Mb.
#119313
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   78
Tilshunoslik asoslari (1)

SO‘ZLARNING MA’NO MUNOSABATIGA KO‘RA TURLARI


OMONIMLAR
Tilda leksik ma’nolar o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Ular shakldosh, ma’nodosh, ma’nolari zid bo‘lishi mumkin.
Omonimlar – shakldosh so‘zlar. Yozilishi va talaffuzi bir xil, ma’nosi har xil bo‘lgan so‘zlar omonimlar deyiladi. Masalan, o‘t (“olov”), o‘t (“maysa”) kabi. Omonimlar bir so‘z turkumiga ham, turli so‘z turkumiga ham mansub bo‘lishi mumkin. Omonimlar ham tilda azaldan mavjud ayrim so‘zlarning o‘xshashligidan, ba’zan boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar hisobidan paydo bo‘lishi mumkin.
Omonimlar har bir tilda uchraydi. Omonim so‘zlar kontekstda yaqqol ajralib turadi. Masalan, «quritib qo‘yilgan o‘tga o‘t ketmasin» deganimizda har ikkala «o‘t»ning ma’nosini ajratib olish qiyin emas.
Omonimlar yozilish va grammatik shakliga ko‘ra uch xil bo‘ladi:

  1. Omofonlar – talaffuz etilishi bir xil, lekin tovushlar tarkibidagi ba’zi fonemalar farqli bo‘ladi. Masalan, o‘zbek tilida etti (son) – etdi (fe’l); bod – bot, bob – bop, mard - mart; rus tilida plod (meva) – plot (sol) kabi.

  2. Omoformalar – turli so‘z turkumlarining ayrim grammatik shakllarida ro‘y beradi. Bu hodisa odatda turli turkumga oid so‘zlar o‘rtasida sodir bo‘ladi. Masalan, olma (ot) – olma (fe’l), yor (ot) – yor (fe’l) va boshqalar.

Omoformalar boshqa grammatik shakllarda o‘zaro omonimlik xususiyatini yo‘qotadi. Masalan, Yorim dushman safini yorib o‘tdi. Bu misolda yorim – yorib so‘zlari grammatik shakllarini olgach, o‘zaro omonimlik xususiyatini yo‘qotgan.

  1. Omograflar – yozilishi bir xil, talaffuzi farqli bo‘lgan so‘zlardir. Masalan, tok (uzum) – tok (elektr quvvati) kabi.



SINONIMLAR

Tilda sinonimlarning ko‘p uchrashi so‘z boyligini ko‘rsatadigan muhim dalildir. Sinonim so‘zlardan unumli foydalanish badiiy asarlarning mazmunli, ta’sirli chiqishini, hamda ularning badiiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni ham aytish kerakki, tilda bir-biriga tamomila o‘xshash, hech farq qilmaydigan so‘zlarning yonma-yon ishlatilishi tilni boyitmaydi. Masalan, o‘zbek tilidagi traktorchi – traktorist, gazeta - ro‘znoma, buxgalter – hisobchi, aeroport - tayyoragoh, rus tilida samolyot – aeroplan, yazыkoznanie – yazыkovedenie kabi. Shuning uchun bunday so‘zlar kam uchraydi. Til bunday so‘zlarning biridan to‘liq foydalanib, ikkinchisini esa iste’moldan chiqarib tashlashga intiladi.


Har bir tilning sinonimlari boshqa tillardan kirgan so‘zlar, shuningdek, shu tilning o‘z imkoniyatlaridan foydalanib yasalgan so‘zlar hisobiga boyib boradi. Masalan, tajriba – arabcha, sinov - o‘zbekcha; muhabbat, ishq - arabcha, sevgi - o‘zbekcha; chashma – forscha-tojikcha, buloq - o‘zbekcha va boshqalar.
Sinonimlarning o‘zaro farqli xususiyatlari talaygina bo‘lib, ulardan eng asosiysi ularning har birining ma’nosidagi farqli belgilardir. Sinonimlarning o‘zaro farqli belgisi, avvalo, ularning ma’no hajmida, aniqrog‘i, ma’no nozikligida ko‘rinadi. Masalan, o‘zaro sinonim bo‘lgan so‘zlardan biri biron-bir qo‘shimcha ma’no nozikligiga ega bo‘lmasligi, boshqasi esa qandaydir farqli ma’no nozikligiga ega bo‘lishi mumkin. Yuvosh, mo‘min, qobil, royish sinonimlaridan yuvosh so‘zi shaxsga, shuningdek, hayvonlarga nisbatan qo‘llanaveradi. Lekin mo‘min, qobil so‘zlari faqat odamga nisbatan ishlatiladi. Royish so‘zida gapga ko‘nadigan, aytganga yuradiganlik ma’no nozikligi bor.
Demak, sinonimlarning o‘zaro farqli xususiyatlaridan biri ularning qo‘shimcha ma’no nozikligiga ega yoki ega emasligida bo‘lib, bu xususiyat shu sinonimik qatordagi so‘zlarning qo‘llanish doirasini, qo‘llanish o‘rnini ham belgilaydi.
Sinonimlar bildiradigan vaqt, harakat, belgi, miqdor kabilarda ularning har birida belgining darajasi har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, avval, oldin, ilgari, burun, qadim sinonimlaridan ilgari so‘zida vaqtning o‘tishiga qarab uzoqlik darajasi avval, oldin so‘zlaridagidan ortiq. Burun so‘zida ilgari so‘zidagiga nisbatan, qadim so‘zida esa burun so‘zidagiga nisbatan ortiqroq. Ishchan, harakatchan, serharakat, g‘ayratli, serg‘ayrat, tirishqoq, urinchoq sinonimlaridan g‘ayratli, serg‘ayrat, tirishqoq so‘zlari belgini kuchliroq ma’no bilan ifodalaydi. Shuningdek, kambag‘al, qashshoq sinonimlaridan qashshoq so‘zi belgini kuchli ma’noda ifodalaydi. Kuch, quvvat, mador, majol, darmon sinonimlaridan mador, majol, darmon so‘zlari, asosan, kuch-quvvatning normal holatdan pastligini ifodalashda qo‘llanadi. Demak, sinonimlar bildirgan belgi darajasidagi har xillik ham shu so‘zlarning ma’nosidagi farqli ma’no nozikliklari sanaladi.
Sinonimlar nutqda ishlatilishi doirasiga ko‘ra sinonimiya qatorini hosil qiladi. Masalan: a) yuz, bet, aft, bashara, chehra, siymo; b) yurak, dil, qalb, ko‘ngil kabilar.
Sinonimiya qatorini tuzishda har qanday uslubda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan «betaraf» so‘z asos qilib olinadi. Sinonimiya qatoridagi qolgan so‘zlarning ma’nodoshligi ana shu «betaraf» so‘zni solishtirish natijasida aniqlanadi. Masalan, yuz, bet, aft, bashara, chehra, siymo sinonimiya qatorida yuz so‘zi «betaraf» so‘z bo‘lib, uning iste’mol doirasi kengdir, har qanday uslubda qo‘llanaveradi: yuzi tanish, yuzingni yuv, yuzi yoqimli, yuzing qursin. Lekin shu qatordagi bet, bashara, aft, chehra, siymo so‘zlarining iste’mol doirasi nisbatan chegaralangan (tor) bo‘lib, ular turli uslubiy bo‘yoqlarni ifodalashga xizmat qiladi. Bunday so‘zlar bilan predmetga bo‘lgan ijobiy yoki salbiy munosabatni yaqqol ifodalash mumkin. Chunonchi, chehrasi issiq, chehrasi yoqimli, chehrasi ochiq deyish mumkin, chehrasi qursin deb aytish mumkin emas.
Shunday qilib, yozilishi ham, talaffuzi ham boshqa-boshqa bo‘lib, umumlashgan, bir tushunchani ifodalaydigan, lekin ma’no nozikliklari jihatidan bir-biridan birmuncha farq qiladigan so‘zlar sinonimlar deb ataladi.



Yüklə 0,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   78




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin