So‘z qurilishining morfologiyaning ob’ekti sifatida o‘rganilishi. Barcha tillarda so‘zlar ma’noli qismlarga bo‘linadi. Masalan, ishchi so‘zidagi ish predmetlik ma’nosini bildiruvchi o‘zak va –chi grammatik ma’no bildiruvchi qo‘shimcha.
Qo‘shimchaning grammatik ma’nosi faqat tovush jihatidan emas, balki shu so‘zning gapdagi sintaktik vazifasiga ko‘ra ham belgilanadi. Masalan, rus tilidagi;
На столе лежали книги
Я вчера купил книги
У меня нет этой книги
gaplarida книги so‘zi bir xil ko‘rinishga ega. Lekin, - и qo‘shimchasi birinchi gapda ko‘plik, bosh kelishik, ikkinchi gapda ko‘plik, tushum kelishigi, uchinchi gapda birlik, qaratqich kelishigi ma’nolarini bildiradi.
Demak, kelishik morfemasi – и ning ma’nosi gapda so‘zning boshqa so‘zlar bilan munosabatiga ko‘ra belgilanyapti.
So‘zning har bir ma’noli qismi morfema deb ataladi. Morfemalar ikki xil bo‘ladi: o‘zak va affiks.
So‘zlarning o‘zaro munosabatini bildirishga xizmat qiluvchi affikslar qo‘shimcha deb ataladi.
So‘zning qo‘shimchasiz (ya’ni so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchasiz) qismi negiz deb ataladi. Negiz bir, ikki va undan ortiq o‘zaklardan yoki o‘zak hamda yasovchi affikslardan iborat bo‘lishi mumkin.
Faqat o‘zakdan iborat negizlarni tub negiz deb ataymiz.
O‘zak va affiksdan tashkil topgan negizni yasama negiz deb ataymiz.
So‘zning morfologik tuzilishidagi o‘zgarishlar. Vaqt o‘tishi bilan so‘zlar ham ma’no jihatidan, ham tovush jihatidan o‘zgarib ketadi, o‘zining leksik ma’nosini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Xatto ba’zi so‘zlar mustaqil leksik ma’nosini yo‘qotib, yordamchi so‘zga aylanib qoladi. Masalan, oldida, tomon, bir-, bir- kabi:
Uy oldida kutdim.
Shahar tomon yo‘l oldi.
Bir yonadi, bir o‘chadi.
Boshqa tillarda ham shu holatni kuzatamiz. Masalan, ingliz tilida yordamchi fe’lga aylangan to have, to be fe’llari yoki artiklga aylangan so‘zlar (ingliz, nemis, frantsuz tillarida) the, der, die, das, le, la kabi.