3. Slavyan tillari guruhi Slavyan tillariga kiruvchi tillar uch kichik guruhga bo‘linadi: sharqiy, janubiy, g‘arbiy guruhlar.
A. Sharqiy guruh: 1) rus tili – lahjalari: shimoliy rus va janubiy rus. Rus tilining har ikki lahjasi, asosan, «a» va «o» tovushlarining talaffuz qilinishi bilan farqlanadi. Xususan, shimoliy rus lahjasi «o»lovchi (gapirganda urg‘usiz «o» bilan «a»ni ajratib aniq talaffuz qilish), janubiy rus lahjasi «a»lovchi (talaffuzda «o» tovushi o‘rnida «a» tovushining qo‘llanishi) sifatida farqlanadi. Yozuvi slavyan yozuvi bo‘lib, uning «qachon paydo bo‘lganligi haqida aniq bir fikr hozircha yo‘q. Slavyan alfaviti haqidagi dastlabki ma’lumotlar IX asrning ikkinchi yarmiga oiddir. Haqiqiy slavyan alfavitining paydo bo‘lishini aka-uka Kirill (asl nomi Konstantin Filosof) va Mefodiylar nomi bilan bog‘laydilar. Bunda, ayniqsa, Kirillning roli katta bo‘lib, u 863-yilda tartiblashtirilgan ilk slavyan alfavitini ishlab chiqadi. Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi slavyan yozuvidagi yozma yodgorliklar X-asrlardan keyingi davrlarga oid bo‘lib, ular qadimgi slavyan yozuvining ikki ko‘rinishida, ya’ni kirillitsa (Kirillning nomi bilan bog‘liq atama) va glagolitsa (eski slavyan tilidagi glagol «so‘z» so‘zidan olingan)da bitilgan. Harflarning shakliga ko‘ra glagolitsa va kirillitsa bir-biridan keskin farq qilgan. Kirillitsadagi harflarning shakli sodda, aniq va yozish uchun qulay bo‘lgan. Glagolitsadagi harflarning shakli aksincha, behad murakkab va jimjimador bo‘lib, allaqanday, jingalak, halqasimon va shu kabi qiyin shakllarni eslatgan»20. Shu bois, kirillia taxminan XII asrlardayoq glagolitsani siqib chiqardi;
2) ukrain tili – 1917-yilga qadar malorusskiy (kichik rus) yoki malorossiyskiy (kichik Rusiya)nomi bilan atalgan, uchta asosiy lahjasi mavjud: shimoliy, janubiy-sharqiy, janubiy-g‘arbiy; adabiy til sifatida XIV asrdan e’tiborat shakllana boshlagan. Hozirgi ukrain adabiy tilining shakllanishi XVIII asr oxirlariga borib taqaladi. Uning asosi Podnepr lahjasidan olingan; yozuviga kirillitsa asos qilib olingan;
3) belorus tili – yozuvi XIV asrdan e’tiboran kirillitsaga asoslangan bo‘lib, shimoliy-sharqiy hamda janubiy-g‘arbiy lahjalardan iboratdir. Belorus adabiy tili o‘rta belorus shevasiga asoslangan.