Murakkablashuv. So‘zning moddiy tarkibini o‘zgarishining uchinchi yo‘li murakkablashuv nomini olgan. Murakkablashuv dеganda, avval tub so‘z hisoblangan so‘zlarni yasama yoki murakkab so‘zlar qatoriga o‘tib qolishi yoki bir morfеmali so‘zlarni ikki va undan ortiq morfеmali so‘zlarga o’tib olishi tushuniladi. Masalan, golland tilidan rus tiliga o‘tgan zonedek so‘zi зонтик tarzida o’zlashtirilib, analogiya qoidasiga binoan bu so‘zning tarkibi столик, домик so‘zlari tarkibi singari зонт va -ик morfеmalariga ajratiladi. Murakkablashuv hodisasi avvalgi hodisaga qaraganda tillarda kamroq uchraydi.
Shunday qilib, so‘z moddiy tarkibining o‘zgarishi dеganda mazkur so‘zning dastlabki ko‘rinishi bilan uning hozirgi morfologik tarkibi orasidagi o‘zgarish tushuniladi. Bu hodisalarni aniqlashda qiyoslash katta ahamiyatga egadir. So‘z moddiy tarkibining o‘zgarishi til taraqqdiyotini ko‘rsatuvchi omillardan biridir.
SINTAKSIS
Sintaksis so‘z birikmalarini, gap qurilishi va grammatik xususiyatlarini, gap turlarini, gap bo‘laklarini, bu bo‘laklarning o‘zaro birikish yo‘llarini o‘rganadi.
Nutqning asosiy bo‘lagi - gapdir. Grammatik qonun-qoidalarga asoslangan, grammatik jihatdan shakllangan, ohangiy tugallikka ega bo‘lgan va nisbiy tugallangan fikrni bildirgan so‘zlar yoki so‘z gap bo‘ladi.
Ma’no va grammatik jihatdan o‘zaro bog‘langan ikki va undan ortiq mustaqil so‘zlar so‘z birikmasi deyiladi.
Yuqorida gapdagi so‘zlar ma'no talablariga ko‘ra o‘zaro turli sintaktik munosabatlariga kirishishi aytib o‘tilgandi. Gapning butunligini, sintaktik jiqatdan mustahkam jipsligini ta'minlaydigan narsalar ana shu munosabatlardir. Masalan: Ilg’or chilangar topshiriqni oshirib bajardi. Bu gapda bir nechta so‘z birikmasini ajratib ko‘rsatish mumkin: Ilqor chilangar, topshiriqni bajardi, oshirib bajardi.
Bir-biri bilan sintaktik jiqatdan boqlangan, birinchi darajali predikativlik munosabatiga ega bo‘lmagan, ikki yoki undan ortiq mustaqil so‘zlar qo‘shilmasi so‘z birikmasi deyiladi. So‘z birikmalari anglatgan ma'nolariga ko‘ra so‘zlarga o‘xshash: ular so‘zlar kabi nominativ atash funksiyasiga ega, narsa va hodisalarni ularning xususiyati bilan birga qo‘shib ataydi. So‘z birikmalari gaplardan quyidagi xususiyatlari bilan farq qiladi:
- gaplarda predikativlik munosabati bor (ega-kesim munosabatida ifoda qilinadi), so‘z birikmalarida bunday munosabat yo‘q;
- gaplar bir so‘zdan iborat bo‘lishi mumkin, so‘z birikmasida kamida ikkita mustaqil so‘z bo‘ladi;
- gaplar o‘z ohang tuzilishiga ega, so‘z birikmalarida bunday xususiyat yo‘q.
So‘z birikmalari bir – biri bilan moslashuv, boshqaruv va bitishuv yo‘li bilan bog‘lanadi.
Moslashuv. Tobe so‘z hokim so‘z shakliga mos keladi. Masalan: большой бассейн, большая река, talaba o‘qiydi.
Boshqaruv. Tobe so‘z hokim so‘z talab qilgan grammatik shaklni oladi. Masalan: встретил брата, читаю книгу, she’rni yod oldim, stolni surib qo‘y.
Bitishuv. So‘zlar hech qanday qo‘shimcha va yordamchi so‘zlarsiz birikib keladi. Ravish+fe’l, sifat+ot. Masalan: ko‘p terdi, oq gul.
Sintaksis
Sintaksis grekcha so‘zdan olingan bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi tuzish degan tushunchaga to‘g‘ri keladi.
Sintaksis grammatikaning bir qismi bo‘lib, gap qurilishi haqidagi ta’limdir. Gap va uning logik-grammatik tiplari sintaksisning o‘rganish obektidir. So‘z birikmalari va gap bo‘laklari gap qurilishining tarkibiy qismini tashkil qiladi. Gapda so‘zlarning o‘zaro sintaktik aloqaga kirish usullari sintaksisning “So‘z birikmasi” bahsining obekti hisoblanadi.
Sintaksis grammatikaning ikkinchi qismi – morfologiya bilan uzviy bog‘liqdir. Morfologiya va sintaksis bir-birini to‘ldiradi. Sintaktik kategoriyalar ko‘pincha morfologiya bilan bog‘liq holda o‘rganiladi. Masalan, sodda gaplar paradigmasi morfologik kategoriyalar asosida bayon qilinadi. Ba’zi til hodisalari /kelishiklar, yordamchi so‘zlar/ ham morfologiyada, ham sintaksisda o‘rganiladi.
Gap
Aloqa-aralashuv vositasining eng kichik birligi gapdir. Gap tuzish modellari til birligi bo‘lsa, konkret gaplar nutq birligidir.
Obektiv borliq va unga bo‘lgan munosabatni ifoda qilib, nisbiy tugal fikr yoki his-tuyg‘u anglatib, tugal intonatsiyaga ega bo‘lgan so‘z hamda grammatik qonun-qoidalar asosida o‘zaro birikkan so‘zlar bog‘lamasi gap deyiladi.
Gapning asosiy logik-grammatik belgilari quyidagilar:
Har qanday gapda obektiv borliq va unga bo‘lgan munosabat ifoda qilinadi. So‘zlovchi shaxsning aytilayotgan fikrga bo‘lgan munosabati predikativlikdir. Predikativlik gapning grammatik ma’nosini ifoda qiladi. U gap hosil qiluvchi kategoriya bo‘lib, gapda ifoda qilinayotgan fikrning borliqqa bo‘lgan munosabatini modal planda ham zamon va shaxs-sonda ifoda qiluvchi kategoriyadir.
Modallik predikativlikning tarkibiy qismi bo‘lib, fe’l mayillari, modal so‘zlar bilan ifoda qilinadi. Umuman predikativlik sintaktik mayl, zamon, shaxs-son kategoriyalari, modal so‘zlar va intonatsiya orqali ifodalanadi. Sintaktik mayl, zamon, shaxs-son kategoriyalari morfologik mayl, zamon, shaxs-son kategoriyalaridan farq qiladi. Sintaktik mayl, zamon, shaxs-son kategoriyalarining ma’nosi kengdir: bir mayl, zamon, shaxs-son formasi nutq protsessida boshqa mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarini ifoda qilish uchun ham qo‘llanishi mumkin.
Har qanday konstruktsiya gap bo‘lib kelish uchun tugallangan intonatsiyaga ega bo‘ladi. Jonli nutqda bir gap ikkinchi bir gapdan tugallangan intonatsiya (pauza) bilan ajralib turadi. Yozuvda esa bu tegishli belgilar (nuqta, so‘roq, undov belgilari) bilan ko‘rsatiladi. Mana shu belgiga ega bo‘lmagan ayrim predaktiv konstruksiyalar gap hosil qilmay, birikmali aniqlovchi hisoblanadilar: Zulfiya o‘qigan kitob juda qiziqarli ekan. Uzoqdan bo‘yi baland yigit ko‘rindi.
Gapda fikrning barcha formalari (hukm, so‘roq, buyruq) ifoda qilinadi. Bular nisbiy tugal bo‘ladi. Demak, gap fikr formalarining birortasiga ham teng bo‘lmaydi. Gap doirasi ulardan keng. Gap grammatik kategoriya, fikr formalari esa logik kategoriyalardir.
Gap bir so‘z yoki so‘zlar bog‘lamasidan tashkil topadi. Bir so‘zning gap bo‘lib kelishi maxsus intonatsiya orqali ifodalanadi: Bahor. Hamma yoq ko‘m-ko‘k.
Gap so‘zlar bog‘lamasidan iborat bo‘lganda, uning bo‘laklari ma’lum grammatik qonun-qoidalar asosida sintaktik aloqaga kirishadilar. Bu tip gaplarda predaktivlik mayl, zamon, shaxs-son kategoriyalari, modal so‘zlar bilan ifodalanadi: qirdan g‘ir-g‘ir shabada esadi.
Gaplarning klassifikatsiyasi
Gaplar quyidagi belgilar asosida klassifikatsiya qilinadi:
1. Gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari.
2. Gapning voqelikka munosabat jihatidan turlari.
3. Gapning strukturaviy klassifikatsiyasi:
a/ Struktura asos /grammatik markaz/ning miqdoriga ko‘ra turlari;
b/ struktura asosining tarkibiga ko‘ra turlari;
v/ ikkinchi darajali bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra turlari;
g/ zarur bo‘laklarning ifodalanishiga ko‘ra turlari.
4.Gapning bo‘laklarga ajralish-ajralmasligiga ko‘ra turlari.
Dostları ilə paylaş: |