Kirish konstruksiyalar
Kirish konstruktsiyalar so‘zlovchining gapning ayrim bo‘laklari yoki butun ifodaga bo‘lgan sub’ektiv munosabatini, emotsional tuyg‘ularini ifodalaydi: Albatta, buyuk kashfiyotlar osonlikcha tug‘ilmaydi. (J.A.) Yolqin akang bundan ham kattaroq bir unvonni ko‘zlayapti, chamasi. (P.Q.)
Kirish vazifasida so‘z turkumida ajralib chiqib, faqat kirish vazifasida ishlatiladigan so‘zlar (masalan, shekili, albatta, demak, modomik kabilar), ma’lum so‘z turkumidan ajralib chiqmagan, kirish vazifasida ham gap bo‘lagi vazifasida ham qo‘llanuvchi so‘zlar (qisqasi, rost, aftidan, oxiri kabilar) keladi.
Kirish konstruktsiyalar strukturasiga ko‘ra 3 xil: kirish bo‘laklar, kirish birikmalar, kirish gaplar.
Kirish bo‘laklar. Bular bir so‘zdan iborat bo‘lib, ma’lum so‘z turkumi bilan bog‘lanadilar. Shunga ko‘ra, kirish bo‘laklar quyidagi gaplarga bo‘linadi:
A) Ot tipidagi kirish bo‘laklar: chamasi, taajub, modomiki, odatda, oxiri, nazarimda, baxtimizga, baxtga qarshi, so‘ziga ko‘ra kabilar.
B) Olmosh tipidagi kirish bo‘laklar: menimcha, seningcha, uningcha
D) Sifat tipidagi kirish bo‘laklar: so‘zsiz, to‘g‘ri, durust, qisqasi, tabiiy kabilar.
E) Son tipidagi kirish bo‘laklar: birinchidan, ikkinchidan kabilar.
F) Ravish tipidagi kirish bo‘laklar: dastlab, oxir, nihoyat, umuman, asosan, aksincha kabilar.
G) Fe’l tipidagi kirish bo‘laklar: Kechirasiz, bundan chiqdiki, anglashiladiki, deyman kabilar.
Kirish birikmalar. Bular birikma holida bo‘lib, ularning strukturasi quyidagicha:
A) qaratuvchili kirish birikmalar: uning fikricha, buning ustiga, sening nazaringda kabilar.
B) Sifatlovchili kirish birikmalar: bir tomondan, shu shumladan kabilar.
D) To‘ldiruvchili kirish birikmalar: menga desa, qisqasini aytsam, to‘g‘risini aytganda kabilar.
E) holli kirish birikmalar: qisqacha aytganda, boshqacha aytganda, ochiq gapirganda kabilar.
F) Aniqlovchi va to‘ldiruvchili kirish birikmalar: uning so‘ziga qaraganda, sening gapingga qaraganda kabilar.
G) Aniqlovchi va holli kirish birikmalar: uning ochiq aytishicha, uning ochiq gapirishicha.
H) Aniqlovchi, hol va to‘ldiruvchili kirish birikmalar: uning ochiq gapirishga qaraganda.
Kirish gaplar. Bular gap shaklida bo‘ladi: Yolg‘iz borishga, to‘g‘risini aytsam, qo‘rqaman. (0.) Ibrohimov, qurbon ota aytmoqchi, gullarni o‘z ilmidan bahramand qildi. (A.Q.)
Kirish konstruktsiyalar quyidagilarni ifodalaydi:
1. So‘zlovchining aytilayotgan fikriga bo‘lgan munosabatini bildiradi. Bunga albatta, ehtimol, balki, shubhasiz, haqiqatan, darhaqiqat, baxtimizga, afsus, essiz, so‘zsiz, chamasi, shekilli, toleimizga, koshki, baxtga qarshi, muqarrar, ajab, to‘g‘risini aytganda, ochiq aytganda kabilar kiradi. Bular quyidagi ma’nolarni anglatadi:
A) Ishonch yoki tasdiqni (albatta, shubhasiz, so‘zsiz, haqiqatan, darhaqiqat, muqarrar kabilar): haqiqatan, bu yil mashinada sakkiz yuz ellik tonna terishga va’da berganmiz. (P.Q.) Darhaqiqat, bugungi sayr umrbod esda qoladigan bo‘ladi. (J.A.)
B) Gumonni (ehtimol, balki, chamasi, shekilli, aftidan): Ehtimol, oramizdan eski qadrdonlar chiqib qolar. (”Abu Ali Ibn Sino qissasi”..) Telejkalar paxtani tashib ulgurmayapti, shekili. (P.Q.)
D) Shodlik, mamnunlikni (baxtimizga, toleimizga, xayriyat, shukur): Baxtimizga, o‘rtoq Davronov uchrab qolib, bizni bu erga ergashtirib keldi. (P.T.) xayriyat, bugun havo ochiq bo‘ladi.
E) Afsus, achinish, taajjubni (afsus, essiz, nahotki, baxtga qarshi, ajabki): Afsuski, hikoya oxirida Pavelning o‘sha yili o‘lganini aytib o‘tmog‘im lozim. (N.Ostrovskiy).
F) Orzu – umidni (koshki, shoyad, koshkiydi): Koshki, akasi Yo‘lchi bo‘lsa edi. (0.)
2. Aytilayotgan fikrning kimga qarashli ekanligini ifodalaydi. Bunga menimcha, fikrimcha, aytishlaricha, ma’lum bo‘lishicha, uning so‘ziga qaraganda, uning qayd qilishicha, seningcha, nazarimda, sening gapingga qaraganda kabi-lar kiradi: Ernazar akaning aytishicha, bu yil saraton juda issiq boshlandi. (I.R.). Nazarimda, ro‘zg‘or va oshxona ishlarini Dilzodaxonning onasi qilar ekan. (P.Q.).
3) Aytilayotgan fikrning tartibini ifodalaydi. Bunga birinchidan, ikkinchidan, avvalo, nihoyat, oxiri kabilar kiradi: Nihoyat, go‘zal kunlarning birida zabardast odam bilan qudratli mashina cho‘lning qoq o‘rtasida uchrashdi. (S.N.)
4) Aytilmayotgan fikrning oldingi fikr bilan aloqasini ifodalaydi. Bunga demak, xullas, xulosa qilib aytganda, anglashiladiki, shunday qilib, baribir, binobarin, ko‘rinadiki, ochiq qilib aytganda, qisqasi, bir so‘z bilan aytganda kabilar kiradi: Xullas, qo‘shiq yana avjiga mindi. (Sh.R.) Shunday qilib, tarixiy shartnomaga qo‘l qo‘yildi. (Ya.) Baribir, suv ham, gaz ham o‘sha hamma uylarga bitta trassadan boradi. (P.Q.)
5) Aytilayotgan fikrning odatda ro‘y beruvchi hodisa ekanligini ifodalaydi. Bunga odatda, odat bo‘yicha, odatga ko‘ra kabilar kiradi: Odat bo‘yicha, shovqin solish, atrofidagilarni bezovta qilish, asabiga tegish man qilinadi.
Kirish konstruksiyalar gap boshida, o‘rtasida, oxirida keladi. Bu ularning ma’no va funktsiyasiga bog‘liq.
Kirish konstruksiyalarning ba’zilari /demak, haqiqatan, darhaqiqat, baxtimizga, to‘g‘ri kabilar/ ko‘proq gap boshida, ba’zilari /shekilli/ gap oxirida, ko‘pchiligi, ko‘pchiligi esa gap o‘rtasida keladi.
Kirish konstruksiyalar gapda ba’zan birdan ortiq kelishi ham mumkin: Shunday qilib, Mahmud, sening fikringcha, xalifaning Xorazmshohga alohida iltifot qilib qolishi zamirida biror g‘araz yo‘qmi? – savol berdi Beruniy. (”Abu Ali Ibn Sino qissasi”.)
Dostları ilə paylaş: |