Foydalanish uchun adabiyotlar:
1. Yo‘ldoshev B. Umumiy tilshunoslik asoslari. - Samarqand, 2005.
2. Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. - Т., 2016.
3. Шарафутдинова Н.С. Теория и история лингвистической науки. – М., 2007.
4. Маdjidova R., Sultonova Sh., Zokirov M. O‘zbekcha-ruscha-inglizcha lingvistik atamalar muxtasar lug‘ati. – Т., 2016.
6-MAVZU. TILSHUNOSLIK TARIXIDAGI YO‘NALISHLAR VA MAKTABLAR
Reja:
1. Tilshunoslikda naturalizm yo‘nalishi. Avgust Shleyxer ta’limoti.
2. Tilshunoslikda psixologik yo‘nalish: Geyman Shteyntal va Aleksand Afanasyevich Potebnya ta’limoti.
3. “Yosh grammatikachilar” qarashlari.
4. Rus tilshunoslik maktablari.
5. Lyudvig Vintgenshteyn nazariyasi.
1. Tilshunoslikda naturalizm yo‘nalishi.
Avgust Shleyxer ta’limoti
Tilshunoslik alohida, mustaqil fan sifatida XIX asrning birinchi choragida (1816-yilda) fanlar olamiga kirib keldi. Shak-shubhasiz, tilshunoslik ham boshqa qator fanlar kabi tadqiqotlar, tajribalar, izlanishlar, g‘oyalar, kuzatishlar natijasi, “mahsuli” sifatida o‘zining alohida o‘rganish obyektiga va tekshirish metodiga ega bo‘ldi.
Qat’iy aytish mumkinki, jahon tilshunosligi fani ham shu kungi taraqqiyot bosqichiga yetib kelguncha uzoq tarixiy taraqqiyot davrini, “o‘sish” davrini bosib o‘tdi. U turli maktablar, oqimlar, ta’limotlar ta’sirida bo‘ldi, olimlar tomonidan lisoniy hodisalar haqida aytilgan fikrlar qarama-qarshiligiga, til hodisalari haqida yaratilgan juda ko‘plab manbalarga “guvoh bo‘ldi”, shakllandi.
Tilshunoslik tarixidagi naturalizm va psixologizm yo‘nalishlari Avgust Shleyxer va Geyman Shteyntal nomlari va ularning ta’limotlari bilan bog‘lanib, ayni bosqich XIX asrning taxminan 50-60-yillarini o‘z ichiga oladi.
Umumiy nazariy tilshunoslikning – til falsafasining asoschisi bo‘lgan Vilgelm fon Gumboldt tomonidan tilning sistema sifatida talqin qilinishi, tilning organizm, organik bir butunlik sifatida berilishi Avgust Shleyxer, Ferdinand de Sossyur, Boduen de Kurtene kabi tilshunoslarning ta’limotlariga ta’sir qildi, ularning lisoniy g‘oyalarida kuzatildi.
XIX asrning o‘rtalarida Yevropa tilshunosligida naturalizm oqimi (naturalizm – lotincha “natura” – “tabiat” degani) paydo bo‘ldi. Ushbu oqimning mashhur vakili nemis olimi Avgust Shleyxer (1821-1863) edi.
A.Shleyxer tilshunoslikdan tashqari botanika va falsafa kabi fanlarni ham o‘rgandi. U dastlab Bonn, so‘ngra Praga, Iyen universitetlarining dotsenti va professori sifatida ma’ruzalar o‘qidi, 1858-yilda Rossiya fanlar akademiyasining muxbir a’zosi bo‘ldi.
A.Shleyxer hind-Yevropa tillarining umumiy masalalari bilan shug‘ullandi, litva tilini o‘rganib, jonli nutq bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi, xalq og‘zaki ijodiga oid materiallar to‘pladi. U, shuningdek, qiyosiy-tarixiy va tipologik yo‘nalishda german, slavyan, boltiq tillari bilan ham shug‘ullandi.
Dostları ilə paylaş: |