Moskva maktabi XIX asr oxirlarida Rossiyada alohida lingvistik maktablar maydonga keldi. Bulardan biri Moskva lingvistik maktabi deb nomlanadi. Unga akademik Filipp Fedorovich Fortunatov (1848-1914) rahbarlik qildi.
F. Fortunatov yosh grammatikachilar maydonga chiqqan davrda yashab ijod etganligidan, uning tilga yosh grammatiklarga xos pozitsiyadan turib yondoshishi ko‘rinsa ham, umuman olganda, o‘zining original maktabini yaratdi va ko‘p jihatdan G‘arbdagi kasbdoshlaridan oldinda bordi. Masalan, tilning mohiyatini psixologik yo‘sinda tushunish, fonetik qonunlar singari qat’iy deb bilish uni yosh grammatikachilarga yaqinlashtiradi.
F.Fortunatov tilni, bir tomondan, ijtimoiy hodisa deb qaraydi va uning taraqqiyotini, undagi o‘zgarishlarni jamiyatning taraqqiyoti va undagi o‘zgarishlardan ko‘radi.
Ikkinchi tomondan esa, tilning ichki taraqqiyotini har bir shaxsning individual faoliyatiga bog‘laydi. Shuning uchun u tafakkur bilan nutq orasidagi munosabat problemasini ilgari surib, uni assotsiativ psixologiyadagi subyektiv-idealistik nuqtai nazardan hal qilmoqchi bo‘ladi. Yosh grammatikachilar ta’siri ostida subyektiv-idealistik pozitsiyada turib, tildagi o‘zgarishlarning yuz berishida analogiyaning (assotsiatsiyaning) roliga ahamiyat beradi.
F.Fortunatovning tilga bunday ikki tomonlama (o‘z mohiyatiga ko‘ra qarama-qarshi) fikr asosida yondoshishi tilning tashqi va ichki tarixi haqidagi ta’limotida o‘z aksini topgan.
Til taraqqiyotining tashqi tarixi, uningcha, til bilan shu tilda so‘zlashuvchi jamiyat (yoki ijtimoiy ittifoq) orasidagi zich aloqaga ko‘ra aniqlanadi. Jamiyatdagi o‘zgarishlar tildagi o‘zgarishlarni tug‘diradi. Jamiyatning bo‘linib ketishi tilning ayrim sheva va dialektlarga bo‘linib ketishiga sabab bo‘ladi. Jamiyatning mana shu qismlari orasidagi bog‘lanish yo‘qolganida bitta tilning sheva va dialektlari taraqqiy eta borib, mustaqil tillarga aylanib ketadi.
Til bilan jamiyat orasidagi munosabatni chuqurlashtira borib, F.Fortunatov mahalliy dialektlar bilan kasb-hunar dialektlarini (boshqacha aytganda, “sotsial dialektlarni”) ajratadi.
So‘zning ma’no tomoni haqida gap borganida, u so‘zning real va formal ma’nosi haqida yozadi. Real ma’no, uningcha, faktning o‘ziga, obyektiv borliqqa aloqador bo‘lsa, formal ma’no tilning o‘ziga aloqadordir.
Grammatikaning bo‘limlari mundarijasini aniqlab, F.Fortunatov ungacha rus tilshunosligida qo‘llanib kelgan etimologiya terminini morfologiya termini bilan almashtirdi. Uning fikricha, morfologiya bilan sintaksisning ajratilishi leksikologiyaning ayrim so‘z haqidagi ta’limot va iboralar haqidagi ta’limotga bo‘linishiga o‘xshaydi: morfologiya ayrim so‘zning formalari haqidagi ta’limot bo‘lsa, sintaksis so‘z birikmalari formasi haqidagi ta’limotdir.
F.Fortunatov o‘zining forma haqidagi ta’limotida izchil emas. U boshqa bir o‘rinda so‘zlarning negiz ma’nosini o‘zgartiradigan formal ko‘rsatkichlardagi ayirmalar asosida bir biridan farqli bo‘lishini so‘z formasi deb izohlaydi.
F.Fortunatovning e’lon qilgan asrlari ko‘p emas. Uning ilmiy fikrlari universitetda o‘qigan leksiya kurslarida ifodalangan edi. O‘zi hayotligida e’lon qilingan asarlari orasida “Hind-Yevropa tillarining qiyosiy grammatikasidan bir necha sahifa” (dissertatsiyasining ilova qismi), Boltiq tillaridagi urg‘uga bag‘ishlangan asarlari, hind-Yevropa tillarining fonetik strukturasiga bag‘ishlangan bir qancha kichik-kichik hajmli ishlari (shogirdi prof. V.K. Porjezinskiyning ko‘rsatishicha, hammasi bo‘lib 35ta asari) bor. Shuni aytish kerakki, F.Fortunatovning ilmiy merosi hali yetarlicha o‘rganilgan emas.
F.Fortunatov ajoyib tilshunoslarni yetishtirgan o‘ziga xos lingvistik maktab yaratdi. Bu maktabga uning M.M. Pokrovskiy (1869-1942), keyinchalik o‘z maktabini yaratgan A.A. Shaxmatov (1864-1920), V.K. Porjeniskiy (1870-1929), A.I. Tomson (1860-1935), D.N. Ushakov (1873-1942), M.N. Peterson kabi ko‘p sonli mashhur shogirdlari mansubdir. F.Fortunatov oldiga chet mamlakatlardan ham yosh olimlar kelib, undan ta’lim olar edilar. Shuning uchun uning chet ellik shogirdlari ham ko‘p edi.