Nutq birliklari va ularga xos xususiyatlar
1. Tovush – nutq birligi, fonemaning nutqda voqelashgan, reallashgan moddiy shakllanga asosi. Tovush til birliklari – morfema, leksemalarning moddiy qobig‘i, ifoda tomoni hisoblanadi. Tovush xususiylik sifatida fizik, akustik, fizioligik va lisoniy xususiyatlarga ega. U fonemaga nisbatan birlamchi hodisa va fonema bo‘la oladi, muayyan birliklarni funksional-semantik jihatdan farqlaydi va ijtimoiy vazifani bajaradi.
2. So‘z – nutq birligi bo‘lgan tovushlar kompleksidan tashkil topgan ijtimoiy belgidir. U tilda tayyor turadigan, imkoniyatlar majmuasi bo‘lgan leksemaning voqelanishi, ro‘yobga chiqishi, moddiy ko‘rinishidir. Demak, so‘z xususiylik sifatida namoyon bo‘ladi va perseptiv (tovush tomoniga egalik), nominativ (atash funksiyasi) va signifikativ (ma’no, tushuncha ifodalash) vazifalarni bajaradi.
3. So‘z birikmasi – leksema va so‘zlarning nutq jarayonida erkin birikuvidan tashkil topadigan, nutq jarayonida yetishtiriladigan birlik. U gap bilan so‘z orasidagi oraliq nutqiy birlik – nutq mahsuli sifatida baholanadi va gap uchun qurilish materiali bo‘lib xizmat qiladi. So‘z birikmasi ham nominativ – atash vazifasini bajaradi, uning ma’nosi tarkibidagi mustaqil so‘zlar ma’nolaridan kelib chiqadi, biroq ushbu so‘zlar semantikasiga qaraganda aniqroq, chuqurroq, murakkabroq va kengro mazmunga ega. So‘z birikmasi tarkibidagi komponentlar o‘zaro tobe-hokim munosabatida bo‘ladi. Har bir so‘z birikmasi asosida so‘z valentligi – so‘zlarning birikuvchanlik imkoniyati yotadi.
4. Gap – ifoda va mazmun jihatlariga ega bo‘lgan, fikr ifodalash (axborot olish va axborot berish), ya’ni kommunikatsiya akti birligi hisoblanadi. Gap grammatik, intonatsion tugallikka ega bo‘lgan va muayyan hukmni bildiradigan birlik. Ayni paytda gapda borliqga munosabat – modallik ham ifodalanadi.
4.Til sathi birliklari o‘rtasidagi paradigmatik, sintagmatik va izomorflik munosabatlari
Izomorfizm (lotincha izoma, – o‘xshash, morfo-shakl) tilning turli sathlari birliklarining ichki tuzilishi o‘rtasidagi o‘xshashlikni bildiradi. Ushbu atama ilk bor Ye. Kurilovich tomonidan kiritilgan bo‘lib, uning fikricha, tovush komplekslari (masalan, bo‘g‘in) va semantik komplekslar (masalan, gap) funksional, vazifaviy munosabatlaridan qat’iy nazar, chuqur struktur parallelizmga ega. Aynan shu holat, ya’ni ular o‘rtasidagi o‘xshashlik izomorfizm deb nomlanadi.
Tilshunoslik tarixida tilning fonologik, morfemik, leksik, grammatik sath birliklari ko‘p hollarda avtonom holda, ularning aloqadorligi va o‘xshash nuqtalarining mavjudligi, ya’ni izomorflik e’tiborga olinmagan holda o‘rganildi.
Sistemaviy tilshunoslikning maydonga kelishi, uning tilni o‘rganishda aniq metodlarga tayanishga intilishi til sathlari o‘rtasidagi izomorfizmga jiddiy e’tibor qaratilishiga sababchi bo‘ldi. Izomorfizm tilning turli xil sathlararo munosabatlarda kuzatiladi. Jumladan, bo‘g‘in va gap o‘rtasidagi izomorfizm quyidagilarda ko‘rinadi:
bo‘g‘in asosida unli tursa, gap asosida fe’l turadi;
bo‘g‘inning markaziy birligi unli bo‘lib, u undoshlar bilan kengayishi mumkin, gapning markaziy birligi fe’l kesim ham unga tobe so‘zlar bilan kengayishi mumkin bo‘lgan kengaytiruvchi bo‘lakdir;
bo‘g‘in ayrim holatlarda unlisiz hosil bo‘lishi mumkin, fe’l qatnashmagan gaplar ham mavjud va ular chegara holatlar sanaladi.
Sathlararo izomorfizmni aniqlash yuqori sath birliklarini o‘rganishda quyi sathlarda qo‘llanilgan tekshirish metodlarini qo‘llash imkoniyatini yaratadi. Bu quyi bosqichda qo‘llanilgan sodda metodlar yordamida murakkab birliklarni ham o‘rganishga yordam beradi. Shuningdek, hozirgi kunda bir-biri bilan aralashtirib yuborilayotgan transformatsiya va derivatsiya hodisalarini tekshirishda morfologik o‘zgarish bilan sintaktik o‘zgarish o‘rtasidagi hamda leksik yasalish bilan sintaktik yasalish o‘rtasidagi izomorflikka tayanish lingvistik birliklar o‘zgarishi (transformatsiyasi) va yasalishi (derivatsiyasi) o‘rtasidagi o‘xshash va farqli belgilarni yoritishda muhim ahamiyatga ega.
Dostları ilə paylaş: |