Bu qiziq!
Avgust Shleyxer tillarni qiyosiy o’rganishda tovushlarning qonuniy o’zgarishlariga e’tibor berishni talab qildi. U fonetikani fonologiya deb atadi va so’zda tovush, shakl hamda funksiyani farqladi.
Olim ayni vaqtda umumnazariy fikrlarni ham ilgari suradiki, bu fikrlar tilshunoslar tomonidan e’tibor bilan qabul qilindi. Ushbu fikrlar tovush qonuni, analogiya, tilning sistem xarakterga egaligi, so‘zning shakli va vazifasi haqidagi g‘oyalar bilan bog‘lanadi. A. Shleyxerning mazkur nazariy qarashlari “Nemis tili” (1860) asarida bayon qilinadi.
Bu qiziq!
Avgust Shleyxer hind-Yevropa tillarining bitta bobo tildan kelib chiqqanligi g’oyasini ilgari surdi. U hind-Yevropa tillarining taraqqiyotini “shajara daraxti” jadvali orqali tushuntirdi, ya’ni, uning fikricha, qachonlardir hind-Yevropa bobo tili mavjud bo’lgan, uning tarqalib ketishidan hozirgi hind-Yevropa tillari kelib chiqqandir.
A. Shleyxerning eng mashhur asari “Hind-german tillari qiyosiy grammatikasining kompendiumi”dir (1861) (Kompendium – lot. qisqartirish degani. U yoki bu fanga oid muhim, asosiy qoidalarni, tushunchalarni ixcham, lo‘nda bayon etish). Bu asar o‘tgan yarim asr davomida hind-Yevropa tillarini qiyosiy o‘rganishning yakuni sifatida maydonga keldi va 15 yil ichida to‘rt marta nashr qilindi.
Kompendiumda A. Shleyxer hind-Yevropa tilini (bobo tilni) qayta tiklab, uning har bir shoxobchasi qanday rivojlanishini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
Umumiy tilshunoslikda A. Shleyxer dastavval naturalistik oqimning yo‘lboshchisi, tashkilotchisi sifatida tan olinadi. Uning naturalistik falsafasi “Darvin nazariyasi va til haqidagi fan” (1863) hamda “Insonning tabiiy tarixi uchun tilning ahamiyati haqida” (1865) kabi asarlarida o‘z ifodasini topgan.
A. Shleyxer naturalizmining – naturalistik falsafasining mohiyati uning tilni jonli, tabiiy organizm sifatida tushunishida ko‘rinadi. U tilni jonli organizmlar kategoriyasiga kiritadi. Aniqrog‘i, A. Shleyxer tilning hayoti boshqa barcha jonli organizmlar – o‘simliklar, hayvonlar hayotidan jiddiy farq qilmaydi. Tillar ham ular kabi o‘sib rivojlanadigan yetuk davrga, so‘ngra esa o‘sishning eng yuqori darajasiga yetgan nuqtasidan borgan sari uzoqlashib, qariydigan davriga ega bo‘ladi, deydi.
A. Shleyxerning tilga naturalistik qarashi – biologizmi, ayniqsa, Ch. Darvinning “Turlarning paydo bo‘lishi va tabiiy tanlash” (1859) nomli eng muhim asarining e’lon qilinishi bilan yana ham kuchaydi. “Tillar, - deydi Shleyxer, - insonning xohishidan tashqari paydo bo‘lgan, o‘sgan va ma’lum qonunlar asosida rivojlanadigan tabiiy organizmdir. Ular o‘z navbatida qariydi va o‘ladi”. “Tillar tovush materiyasidan tashkil topgan tabiiy organizmlardir... tillarning o‘sishi ma’lum qonuniyatlar asosida yuz beradi”.
Dostları ilə paylaş: |