Amerika deskriptiv lingvistika maktabi Ushbu lingvistik maktab Amerikaning mashhur lingvisti va antropologi Frans Boas (1858-1942) ilmiy qarashlari asosida 1933-1957 yillarda AQShda vujudga keldi. F. Boas Amerika hindularining tasviriy grammatikasiga bag‘ishlangan asarlarida barcha tillarni tasvirlashning yagona tamoyilini inkor qilishga va aniq tilning o‘z mantiqi asosida, tilning “ichidan” induksiya yo‘li bilan o‘rganishga chaqirgan edi. F. Boasning ishini Eduard Sepir (1884-1939) hamda Leonard Blumfild (1887-1949) davom ettirdilar. E. Sepir Kanada, Meksika va AQShdagi mahalliy aholilar tillari bo‘yicha tadqiqotlar olib borib, o‘zining asosiy “Til” (1921) asarida tilni insonning aloqa quroli bo‘lgan aniq tillar ta’siri ostida bo‘lishini, insonlarning madaniyati qanday bo‘lishi ham tillarga bog‘liq bo‘lishini ilgari surgan. Sepir tilshunoslikda etnolingvistika yo‘nalishining shakllanishiga asos soldi.
S epirning izdoshi Benjamen Uorf (1897-1941), L.Blumfildlar dastlab Sossyur ta’limotidan ilhomlangan bo‘lsalar ham, keyinchalik chetga chiqib ketdilar. Sossyurdan farq qilgan holda Sepir tilda shaklni (formani) ikkilamchi deb hisoblaydi. L.Blumfild tilni tasvirlashning metodini psixologiyadagi bixeviorizm (hatti-harakat psixologiyasi) oqimiga mosladi. Shunga ko‘ra u so‘zlashish jarayoni qator fiziologik stimullar va reaksiyalar – qabul qilish, eshitish, tinglab tushunish, bunda tashqi ta’sirning o‘rni va ahamiyati kabilardan iborat bo‘ladi. Ularning fikricha, til – tashqi va ichki aloqalarga ega bo‘lgan signallar (xabarlar) sistemasi, shunga ko‘ra til metalingvistika va makrolingvistika qismlaridan iborat.
Metalingvistika tilning og‘zaki faoliyati-tashqi holatini o‘rganib, etnolingvistika, psixolingvistika, sotsiolingvistika, mentalingvistika, paralingvistika (til atrofidagi hodisalar, imo-ishoralar, intonatsiya va boshqalar) kabi fanlarni birlashtiradi. Makrolingvistika ifodalar to‘g‘risidagi fan bo‘lib, matn (nutq bo‘lagi) bilanshug‘ullanadi. Matnbo‘laklari- fonema va morfemalar muayyan izchillik, ketma-ketlikdagi til birliklaridir.
Aynan shu deskriptiv lingvistikani shakllantirdi. Deskriptiv lingvistika matnni har tomonlama tasvirlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning asosida distrubitsiya tushunchasi yotadi. Distrubitsiya muayyan til birligi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yoki mumkin bo‘lmagan kontekstlar yig‘indisi, ya’ni gap bo‘laklarining bir-biriga nisbatan joylashish o‘rni, tarkibi, birikishi va qo‘llanish xususiyatidir. Ushbu qarashlar tilni sistema sifatida o‘rganish, til va nutqni farqlashga qaratilgan hozirgi zamonaviy tilshunoslikning rivojlanishida muhim omil bo‘ldi.