Ko‘rinadiki, qadimgi hind tilshunoslari, sintaksis sohasida jiddiy ishlar qilmagan bo‘lsalar-da, gapga yuqori baho berganlar. Jumladan, Bxartxari “Gap va so‘z haqida asar” nomli monografiyasida grammatikaga quyidagicha baho bergan: “U (ya’ni grammatika) mangulik darvozasidir, nutqni ifloslanishdan saqlovchi dorivordir, barcha bilimlarni yorituvchidir. U har bir bilimda yarqirab nur sochib turadi”
Hind tilshunoslari til birligi sifatida gapni tan olganlar, chunki faqat gap orqali fikr ifodalanadi, deb tushunganlar. So‘zni til birligi deb hisoblamaganlar. Ularcha, so‘z shakl va mazmun nuqtai nazaridan mustaqillikka ega emas deb hisoblaydilar.
Qadimgi yunon tilshunosligi
Qadimgi yunon olimlari ko‘p fanlar qatori tilshunoslik sohasida ham juda ko‘p va muhim muammolar bilan shug‘ullanganlar, e’tiborga loyiq yutuqlarga erishganlar. Ularning bir qismi bizgacha yetib kelgan. Ya.V.Loya va yana bir necha tilshunoslar qadimgi Yunonistonni “Yevropa tilshunosligining beshigi” deb baholaganlar.
Tilshunoslik tarixi mutaxassislari Qadimgi Yunon tilshunosligini mazmuni va mundarijasi asosida shartli ravishda 2 davrga bo‘ladilar.
1.Falsafiy davr. 2.Grammatik davr
Falsafiy davr
Antik davr faylasuflari eradan ilgarigi XI–V asrlardayoq tilga ham falsafaning bir qismi sifatida qarab, til hodisalarining mohiyatini falsafiy jihatdan izohlaganlar. Ularning tilga bo‘lgan munosibatlari, tilning mohiyatini izohlashlari tabiat va jamiyat haqidagi falsafiy qarashlardan kelib chiqqan.
Natijada Qadimgi Yunon tilshunosligida falsafiy davr shakllangan.
Demokrit
Demokrit so‘zlar narsalar va kishilarning xohishlariga muvofiq ifodalanishini, so‘z bilan narsalar o‘rtasida moslik, tabiiy tenglik yo‘qligini ta’kidlaydi. Bunda u quyidagi dalillarga asoslanadi:
1.Anchagina so‘zlarning har biri bir necha ma’noga ega, ya’ni ularning har biri bir necha narsani bildiradi: shakldoshlar, polisemiya.