3.“Yosh grammatikachilar” qarashlari Umumiy tilshunoslikning asoschisi Vilgelm fon Gumboldt sanaladi. U tilning ilmiy nazariyasini qiyosiy-tarixiy metod asosida yarata boshlagan. Uning asosiy ishi – “Inson tili tuzilishining har xilligi va uning inson naslining ma’naviy taraqqiyotiga ta’siri” asari 1836-yilda vafotidan so‘ng akasi Aleksandr Gumboldt tomonidan chop etilgan.
XIX asrning 1850-1860 yillarida bu metod Avgust Shleyxer (1821-1868) va Geyman Shteyntal (1823-1899)lar tomonidan rivojlantirildi. 1861-1862 yillarda Shleyxerning asosiy ilmiy ishi dunyo yuzini ko‘rdi va unda o‘tgan 50-yil davomida bajarilgan hind-Yevropa tillarining qiyosiy-tarixiy tadqiqi umumlashtirildi. Shteyntal tillarning kelib chiqishi, tillarni tasniflash va tilshunoslik tarixi haqida ilmiy ishlar yozdi.
1870-1900 yillar qiyosiy-tarixiy metod taraqiyotining ikkinchi bosqichi bo’lib, “Yosh grammatikachilar” tadqiqotlari bilan bog’liqdir. “Yosh grammatikachilar” tilni tarixiy hodisa deb hisoblashgan va bu fikr German Paul tomonidan “Til tarixi tamoyillari” kitobida qayd qilingan. Bu fikrni Shleyxerning tilga biologik hodisa sifatida qarash («til – tabiiy organizm») fikri bilan solishtirish mumkin. “Yosh grammatikachilar”, shuningdek, tovush o’zgarishlaridagi qonuniyatlarni aniqlashgan, ular tirik tillar va dialektlar o’rganilishi lozim deb hisoblashgan. Bu qiziq!
“Yosh grammatikachilar” vakillari sifatida German Paul, Karl Brugman, German Ostgof, Bertold Delbryuklarni ko‘rsatish mumkin.
Yosh grammatikachilar til faktlarini aniq kuzatishgan bo‘lsa-da, ular umumiy nazariy muammolarni olg‘a surishga jur’at etishmadi. Masalan, “Parij lingvistik jamiyati” nizomida quyidagi band bo‘lgan: “Jamiyat tilning kelib chiqishi va xalqaro sunhiy tilning yaratilishi sohasida ish olib bormaydi”.
“Yosh grammatikachilar” A.Shleyxerning lingvistik biologizm g‘oyasiga qarshi chiqishgan bo‘lishsa-da, sun’iy yo‘l bilan yaratib bo‘lmaydigan tilning tirik organizmga o‘xshash tomonlari haqida ham so‘z yuritishgan. Yosh grammatikachilar fonetik o‘zgarishlarni chuqur tadqiq etishdi, undagi qat’iy qonuniyatlarni, analogiyalarni, o‘zlashmalarni va neologizmlarni ajratib ko‘rsatishdi. Ular ta’limotiga induvidualizm va psixologizm g‘oyalari xos bo‘lgan. Shunday qilib, ular tildagi o‘zgarishlar sabablarini jamiyatdagi o‘zgarishlardan emas, balki inson ruhiyatidagi o‘zgarishlardan izlashgan. Masalan, ular zamonaviy rus tili uni o‘rganmagan bola uchun o‘lik tildir, lekin o‘lik til hisoblangan lotin tili esa bu tilni mukammal bilgan filolog-klassik uchun tirik til sifatida namoyon bo‘ladi, deb hisoblashgan.