4.Til sathi birliklari o‘rtasidagi paradigmatik, sintagmatik va izomorflik munosabatlari Izomorfizm (lotincha izoma, – o‘xshash, morfo-shakl) tilning turli sathlari birliklarining ichki tuzilishi o‘rtasidagi o‘xshashlikni bildiradi. Ushbu atama ilk bor Ye. Kurilovich tomonidan kiritilgan bo‘lib, uning fikricha, tovush komplekslari (masalan, bo‘g‘in) va semantik komplekslar (masalan, gap) funksional, vazifaviy munosabatlaridan qat’iy nazar, chuqur struktur parallelizmga ega. Aynan shu holat, ya’ni ular o‘rtasidagi o‘xshashlik izomorfizm deb nomlanadi.
Tilshunoslik tarixida tilning fonologik, morfemik, leksik, grammatik sath birliklari ko‘p hollarda avtonom holda, ularning aloqadorligi va o‘xshash nuqtalarining mavjudligi, ya’ni izomorflik e’tiborga olinmagan holda o‘rganildi.
Sistemaviy tilshunoslikning maydonga kelishi, uning tilni o‘rganishda aniq metodlarga tayanishga intilishi til sathlari o‘rtasidagi izomorfizmga jiddiy e’tibor qaratilishiga sababchi bo‘ldi. Izomorfizm tilning turli xil sathlararo munosabatlarda kuzatiladi. Jumladan, bo‘g‘in va gap o‘rtasidagi izomorfizm quyidagilarda ko‘rinadi:
bo‘g‘in asosida unli tursa, gap asosida fe’l turadi;
bo‘g‘inning markaziy birligi unli bo‘lib, u undoshlar bilan kengayishi mumkin, gapning markaziy birligi fe’l kesim ham unga tobe so‘zlar bilan kengayishi mumkin bo‘lgan kengaytiruvchi bo‘lakdir;
bo‘g‘in ayrim holatlarda unlisiz hosil bo‘lishi mumkin, fe’l qatnashmagan gaplar ham mavjud va ular chegara holatlar sanaladi.
Sathlararo izomorfizmni aniqlash yuqori sath birliklarini o‘rganishda quyi sathlarda qo‘llanilgan tekshirish metodlarini qo‘llash imkoniyatini yaratadi. Bu quyi bosqichda qo‘llanilgan sodda metodlar yordamida murakkab birliklarni ham o‘rganishga yordam beradi. Shuningdek, hozirgi kunda bir-biri bilan aralashtirib yuborilayotgan transformatsiya va derivatsiya hodisalarini tekshirishda morfologik o‘zgarish bilan sintaktik o‘zgarish o‘rtasidagi hamda leksik yasalish bilan sintaktik yasalish o‘rtasidagi izomorflikka tayanish lingvistik birliklar o‘zgarishi (transformatsiyasi) va yasalishi (derivatsiyasi) o‘rtasidagi o‘xshash va farqli belgilarni yoritishda muhim ahamiyatga ega.