Singlisi, birisi so’zlarida ikkita egalik qo’shimchasi mavjud. Egalik affikslaridan II shaxs ko’plik shakli bir necha ko’rinishga ega: kitobingiz, kitobinglar, kitoblaring. Egalik affiksining III shaxs formasi birlik va ko’plik uchun umumiydir.
I va II shaxs egalik affikslari o’zakdan anglashilgan predmet yoki belgini insonga nisbatlaydi, III shaxs affiksi esa insondan boshqa narsalarga ham nisbatlaydi: kitobning varag’i; oynaning ko’zi. Otlarga egalik affikslari qo’shilganda o’zakda tovush almashuvi va tovush tushishi ro’y beradi: etik-ing-etiging; singil-im-singlim. Ba’zan egalik affiksi o’z grammatik ma’nosini yo’qotib, o’zak bilan birgalikda boshqa so’z turkumiga-ravishga o’tadi: ertasi, kechasi; modal so’zga o’tadi: chamasi, yaxshisi. Narsa-buyumning uch shaxsdan biriga qarashli ekanligini anglatuvchi umumiy ma’nolar va ularni ifoda qiluvchi formalar tizimi egalik tushunchasini tashkil etadi. Narsa-buyumning uch shaxsdan biriga mansubligini ko’rsatuvchi morfema egalik affiksi deyiladi.