I. Umumiste‘mol leksikasi O’zbek tili lug’at tarkibini asosan shu tilda so’zlashuvchilar uchun tushunarli bo’lgan va barcha o’rinlarda qo’llanadigan so’zlar tashkil etadi. Bunday so’zlar umumiste’mol leksikasi yoki qo’llanish doirasi chegaralanmagan leksika deyiladi. Masalan: ota,ona, shirin, uch, to’rt, men, kelmoq, bormoq, aytmoq, son, kun, ish, payt, tun, bugun, erta va h.k.
II. Iste‘mol doirasi chegaralangan leksika Iste’mol (qo’llanish) doirasi chegaralangan leksika uch xil bo’ladi: 1) dialektal leksika; 2) terminologik leksika; 3) jargon va argolar.
Dialektal leksika
Ma’lum hududda qo’llanilib, shu hudud (territoriya) aholisi (vakillari) uchungina tushunarli bo’lgan so’zlar sheva so’zlari yoki dialektal leksika deyiladi. Bunday so’zlar dialektizmlar ham deb yuritiladi.
Sheva so’zlari adabiy tildan uch xususiyatiga ko’ra farqlanadi:
a) fonetik xususiyatiga ko’ra: aka-oka, bola-bala, dada-doda, kovush-govush,edi-jedi. b) leksik xususiyatiga ko’ra: kartoshka-barang, yong’oq-g’o’z, g’isht-karvich, buzoq-o’jak, narvon-shoti. v) grammatik xususiyatiga ko’ra: oshni-oshti, kelyapti-kevotti, boramiz-boravuz, bobomga-boboma. Ba’zi so’zlar adabiy til va dialekt(sheva) da qo’llangani holda, adabiy tilda shevadagidan o’zgacha ma’noda ishlatiladi. Masalan, irkit; adabiy tilda: “kir, iflos”; shevada: “ayron xalta” ma’nosini bildiradi. Tavoq; adabiy tilda ichi chuqur idish; Farg’ona shevasida “lagan” ma’nosida qo’llanadi.
Bir-biriga yaqin bo’lgan shevalar yig’indisi lahja deyiladi. O’zbek xalq shevalari uchta lahjaga birlashadi.
Qarluq lahjasi. Bu lahjaga Farg’ona, Toshkent tipidagi shahar shevalari kiradi. Bu lahjaga kiruvchi shevalar “y-lashgan” deb ham yuritiladi.
Qipchoq lahjasi. Bu lahjaga kiruvchi shevalar “j- lashgan” ham deyiladi. Negaki, so’z boshidagi y o’rnida asosan j qo’llanadi; yo’ldosh-jo’ldosh, yil-jil, etti-jetti.