2. Yordamchi fe’llar harakat bildirmaydi (mustaqil ma’noga ega emas). Ular turli grammatik ma’no ifodalash uchun xizmat qiladi. Yordamchi fe’llar uch xil:
a) bog’lama vazifasida keluvchi, so’z yasalishida ham ishtirok etuvchi yordamchi fe’llar: bo’l, qil, ayla, et;
b) fe’llarga birikib, turli qo’shimcha ma’no ifodalovchi fe’llar yoki ko’makchi fe’llar: o’qib, chiqmoq, aytib bermoq. Ko’makchi fe’llar turli modal ma’nolarni ifodalaydi. Hozirgi o’zbek tilida butunlay ko’makchiga aylangan (mustaqil ma’nosini yo’qotib, faqat ko’makchi sifatida qo’llanadigan) fe’l yo’q. Mustaqil fe’llar ko’makchi vazifasida ham qo’llanadi. Ko’makchi fe’l bog’lanib kelgan fe’l etakchi fe’l deyiladi: gapirib (etakchi) bermoq (ko’makchi). Ko’makchi fe’llar etakchi fe’lga asosan -i (b),-a,-y ravishdosh qo’shimchalari yordamida birikadi. Ko’makchi fe’l etakchi fe’lga ravishdosh orqali birikkanda, tuslovchi qo’shimchalar ko’makchi fe’lga qo’shiladi:yozib oldik. Etakchi fe’lga ko’makchi fe’l grammatik shaklsiz (qo’shimchasiz) birikishi ham mumkin: yozdi-oldi, aytdi-qo’ydi.
Boshla ko’makchi fe’li deyarli barcha fe’llar bilan qo’llana oladi.
v) fe’l va fe’l bo’lmagan so’zlar bilan qo’llanib, turli ma’nolar ifodalovchi, yordamchi vazifalarda qo’llanuvchi edi, ekan, emish (emas, esa) yordamchi fe’llari to’liqsiz fe’l hisoblanadi.
Fe’llar o’timli va o’timsiz bo’ladi. O’timli (ob’ektli) fe’llar ish-harakatning biror ob’ektga o’tganligini bildiradi va tushum kelishigidagi so’zni boshqaradi: ber (qalamni), o’rgan (hunarni), yoz (qoidani). O’timsiz (ob’ektsiz) fe’llar bunday xususiyatga ega bo’lmaydi: kul, yugur, qayt. Orttirma nisbat qo’shimchalari o’timsiz fe’lni o’timli fe’lga aylantiradi: kuldir, yugurtir, qaytar. Fe’l nisbatlari (darajalari). Ish-harakatning sub’ekt (bajaruvchi) va ob’ekt (bajarilayotgan narsa)ga munosabati fe’l nisbatlari deyiladi. Bu munosabat maxsus shakllar orqali ifodalanadi. Fe’l nisbatlari 5 xil.
1. Bosh (aniq) nisbat-munosabat ifodalanmaydi: bildi, ko’rdi, yuvdi, osdi, kiydi.
2. O’zlik nisbat-(i)n,- (i) l: yuvindi, kiyindi. Ish-harakatning bajaruvchida (bajaruvchining o’zida, o’z ustida) amalga oshirilishini ko’rsatuvchi nisbat.
3. Majhul nisbat -(i) n, (i) l: yuvildi, kiyildi. Majhul nisbatda bajaruvchi noma’lum bo’ladi.
4. Orttirma nisbat-dir (-tir),-gaz (giz,-g’iz,-kaz,-kiz,-qaz,-qiz);-t,-iz,qir,-ar,-sat. Orttirma daraja ish-harakatning boshqalar tomonidan bajarilganini bildiradi. Orttirma nisbat so’zga birdan ortiq qo’shilishi mumkin: jo’nattirdi, yuvdirtirdi.
5. Birgalik nisbat- (i) sh. Ish-harakatning birgalikda bajarilishini ko’rsatadi: yuvishdi.
So’zga birdan ortiq nisbat qo’shimchasi qo’shilganda shu so’zning qaysi nisbatdaligi nisbat hosil qiluvchi oxirgi qo’shimchaga
qarab belgilanadi: yuvintirishdi (birgalik nis.)
Fe’llar bo’lishli yoki bo’lishsiz bo’ladi. Bo’lishlilik harakatning tasdig’ini, bo’lishsizlik inkorni bildiradi. Bo’lishlilikning maxsus ko’rsatkichi yo’q. Bo’lishsizlik ko’rsatkichi-ma. Maqsad ravishdoshidan boshqa barcha fe’llar bo’lishsizlik ko’rsatkichini qabul qiladi. Harakat nomining bo’lishsiz shakli-maslik: ko’rinmaslik.
Etakchi-ko’makchi fe’ldan tashkil topgan birikuvlarda-ma affiksi uch xil qo’llanadi: 1) etakchi fe’lga qo’shiladi: aytmay tur; 2) ko’makchi fe’lga qo’shiladi: ayta ko’rma; 3) har ikkalasiga qo’shiladi: aytmay qo’yma.