O'zbekistonda qora pomidor yetishtirilyapti Yangi tajriba Buxoro viloyatida ham yaxshi samara beryapti. Bundan 2 yil muqaddam Turkiyaning “Varnet Cam Sera sıstemları Inş. Ihr. ıth. san ve tıc. LTD. Ştı.” kompaniyasi investitsiya mablag'lari asosida ish boshlagan “Buxara Varnet” xorij korxonasi 30 gektar yerda superzamonaviy oynavand issiqxonalar qurib, turli navdagi pomidor maxsulotlari yetishtirmoqda. Ayni paytda korxonada 300 nafarga yaqin ishchilarning bandligi ta'minlangan.
Buxoro viloyatining ko'p erlari sho'rxok va qumloq, suv esa tanqis bo'lgani bois, bunday joylarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay hisoblanadi. Hududda klaster tizimida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratish maqsadida Prezidentning 2018 yil 10 iyuldagi “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan “Buxoro-agro” direktsiyasi faoliyati yo'lga qo'yildi. Mazkur zona uchun Jondor, Kogon, Peshku, Romitan va Buxoro tumanlaridan umumiy 3 ming gektar yer ajratilib, to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jalb etildi. “Buxara Varnet” xorij korxonasi iqtisodiy zonada bo'y ko'rsatayotgan umidbaxsh loyihalardan biri bo'lib, umumiy qiymati 120 million AQSH dollardan ziyodni tashkil etadi.
Issiqxonada yetishtiriladigan pomidorning cherri (qora, sariq va qizil navlari), o'zga, ergen, blek panter kabi yurak uchun tabiiy darmondori bo'lgan 9 turdagi navining bari katta va chiroyli ko'rinishi bilan kishi e'tiborini tortadi. Ayrimlar ularga qarab turib, hatto, sun'iy bo'lsa kerak, degan hayolga ham boradi. Axir, bunday yuqori sifatli mahsulotlarni oddiy sharoitda etishtirishning imkoni yo'q-da. Biroq yangi uslub, yangi texnologiya asosida ish boshlagan korxona shuning o'zi bilan kifoyalanmadi. Katta jamoaning sa'y-harakati bilan yurtimizda bugungi kunda jahon bozorida oliy nav sanalgan qora pomidor ham yetishtirilyapti.
— Zamonaviy issiqxona qurib, sifatli hosil yetishtirish uchun juda katta mehnat sarflandi va erishilgan natijalar ham shunga yarasha bo'lyapti, — dedi “Buxara Varnet” MCHJ xorij korxonasi direktori Beshim Hamroyev. — Ushbu yangi tajribani viloyatda qo'llashimizga, avvalo, davlatimizda qabul qilingan qonun, qarorlar, tadbirkor va investorlarga berilayotgan imtiyozlar yo'l ochib berdi. Jami 115 gektarga teng korxonada innovatsion issiqxonalar qurish bilan birga, issiqxonalar uchun konstruktsiyalar ishlab chiqaruvchi zavodni ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda yiliga 200 gektargacha hajmdagi issiqxonalar konstruksiyalari ishlab chiqarilib, mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo'naltiriladi.