7.17. Ashyoviy dalillar va ularning tasniflanishi
(Muallif – y.f.n., dotsent A.Sh.Umarxonov)
O‘zida jinoyatning izlarini aks ettiruvchi moddiy olamning obyektlari jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilishi mumkin. Ashyoviy dalillar deganda kelib chiqishini, kimga tegishliligini, ma’lum maqsadlarda foydalanilganligini yoki joyi o‘zgarganligini, u yoki bu moddalar, narsa, jarayon, hodisalar ta’sir etganligini aniqlash mumkin bo‘lgan fizikaviy alomatlar va belgilarga ega bo‘lgan narsalar tushuniladi.
Ashyoviy dalillarni eng umumiy ma’noda jinoyatning moddiy izlari (oqibatlari) deb ta’riflash mumkin. Ashyoviy dalillarning isbotlash jarayonida bilish vositalari sifatida tutgan o‘rni ularning tergov qilinayotgan voqea «ishtirokchilari» ekanligi bilan, buning natijasida ko‘rinishi, o‘rni o‘zgarganligi yoki jinoiy harakat oqibatida vujudga kelganligi bilan bog‘liq. Daliliy ahamiyatga ularning tabiiy xususiyatlari (masalan, izning o‘lchami va shakli), joylashgan o‘rni (masalan, ayblanuvchidan topilgan o‘g‘irlangan ashyo) yoki ularning yaratilishi (tayyorlanishi) yoxud ko‘rinishining o‘zgarishi (masalan, qalbaki pul, soxta hujjat va h.k.) ega. Shunday qilib, ashyoviy dalillar, boshqa barcha dalillar kabi daliliy axborot manbalaridir, faqat bu axborot ularda tabiiy (kodlashmagan) shaklida bo‘ladi.
Jinoyat-protsessual qonunda ashyoviy dalillarning quyidagi turlari ajratilgan:
jinoyat quroli bo‘lgan narsalar. Ularga, masalan qotillik qurollari (pichoq, to‘poncha va boshqalar) yoki o‘g‘rilik sodir etishda foydalanilgan narsalar (seyf buzishda ishlatilgan ochqich, lom va h.k.) kiradi;
o‘zida jinoyat izlarini saqlab qolgan narsalar. Ularga, masalan, qon izlari bo‘lgan yoki yirtilgan kiyimlar, o‘qdan zararlangan narsalar, buzilgan seyf kabilar kiradi;
jinoiy harakatlar obyekti bo‘lgan narsalar. Jinoiy tajovuz qaratilgan narsalar, masalan, o‘g‘irlangan pul va buyumlar;
jinoiy yo‘l bilan topilgan pul va boshqa boyliklar. Bu o‘rinda jinoiy tajovuz qaratilgan (masalan, o‘g‘irlangan) pul va boyliklar emas, balki jinoyat sodir etish (masalan, noqonuniy tadbirkorlik) natijasida egallangan pul va boyliklar nazarda tutiladi;
jinoyatni ochish, ishning haqiqiy holatlarini aniqlash, aybdorlarni topish, ayblovni rad etish yoki javobgarlikni yengillashtirish vositalari bo‘lib xizmat qilishi mumkin bo‘lgan barcha boshqa narsalar. Ularga, masalan, jinoyat sodir etilgan joyda jinoyatchi tushirib qoldirgan narsalar kiradi.
Demak, ashyoviy dalillar turlarining qonunda keltirilgan ro‘yxati ochiq bo‘lib, oxirgi turi qandaydir daliliy ahamiyatga ega bo‘lgan va avvalgilariga kirmaydigan barcha narsalarni qamrab oladi.
Ashyoviy dalillarning protsessual shakli uch jihatni o‘z ichiga oladi.
Dostları ilə paylaş: |