GUVOHNING ADVOKATI – belgilangan tartibda guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda unga zarur yuridik yordam ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan shaxsdir. Jinoyat ishida taraflar manfaatini himoya qilayotgan shaxs mazkur ish bo‘yicha guvohning advokati bo‘lishi mumkin emas.
GUMON – jinoyat to‘g‘risida taxmin va tusmollarga asoslangan, ayb e’lon qilish uchun yetarli bo‘lmagan ma’lumot yoki shu ko‘rinishdagi boshqa xabar.
GUMON QILINUVCHI – jinoyat sodir etgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor bo‘lsa-da, bu ma’lumotlar uni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun yetarli bo‘lmagan shaxs.
GUMON QILINUVCHINI USHLAB TURISH – militsiya yoki boshqa surishtiruv organining xodimi, shuningdek muomalaga layoqatli har qanday shaxs qonunda belgilangan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlash va yaqin oradagi militsiya muassasasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelish.
H
HAQIQATNI ANIQLASH PRINSIPI – jinoyat protsessining asosiy prinsiplaridan biri bo‘lib, unga ko‘ra ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkin bo‘lib, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim