ISHLARNING ALOQASI BO‘YICHA TERGOVGA TEGISHLILIK – boshqa belgilari bo‘yicha turli dastlabki tergov organlarining tergoviga tegishli bo‘lgan bir necha jinoyat ishini birlashtirib tergov qilinishi.
J
JABRLANUVCHI – jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar ko‘rgan shaxs.
JAMOAT AYBLOVCHISI – jamoat birlashmalari va jamoalarning jinoyat ishlari bo‘yicha sud muhokamasida ayblov tarafida ishtirok etadigan vakili hisoblanadi.
JAMOAT HIMOYACHISI – jamoat birlashmalari va jamoalarning jinoyat ishlari bo‘yicha sud muhokamasida jamoat himoyachisi tariqasida ishtirok etadigan vakili.
JIDDIY QARAMA-QARSHILIKLAR – isbot qilish predmetiga kiruvchi holatlar mazmuni yuzasidan ko‘rsatuvlarda mavjud bo‘ladigan nomutanosiblik, ma’lumotlarning bir-birini rad etishi hisoblanadi. Tergovchi shaxslarning ko‘rsatuvlaridagi qarama-qarshiliklar jiddiy yoki jiddiy emasligini mustaqil ravishda belgilaydi.
JINOYAT ISHINI QO‘ZG‘ATISH – jinoyat protsessning dastlabki bosqichi bo‘lib, unda vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslar yetarli sabablar (shaxslarning arizalari; korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar; jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar va izlarni surishtiruv organi, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning bevosita o‘zi aniqlashi; aybini bo‘yniga olish haqidagi arz) bo‘lganda, ish bo‘yicha yurituvni boshlash uchun asoslar bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror jinoyat protsessi tartib-taomillarini harakatga keltiradi, keyingi bosqichlarda tegishli protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun huquqiy asosni vujudga keltiradi hamda dastlabki tergov muddatlarini hisoblash muddatini boshlanishini belgilaydi.