MUQOBIL TERGOVGA TEGISHLILIK – muayyan turdagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni jinoyat ishini qo‘zg‘atgan organning tergovchilari tomonidan tergov qilinishi.
MURDANI KO‘ZDAN KECHIRISH – surishtiruvchi yoki tergovchi murdaning tashqi ko‘rinishini u topilgan joyda xolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida ko‘zdan kechirishga qaratilgan tergov harakati.
MURDANI TANIB OLISH – murdani tanib olish tergov harakatini o‘tkazishda albatta, uning yonida yana ikkita murda bo‘lishi talab etilmaydi. Odatda, yonida hujjati bo‘lmagan, shaxsi aniqlanmagan, kimligi noma’lum bo‘lgan shaxslarning murdalari tanib olish uchun taqdim etiladi.
MURDANI EKSGUMATSIYA QILISH – ko‘zdan kechirish, tanib olish, tekshirish yoki ekspertizaga namunalar olish uchun murdani qabrdan chiqarib olish zarur bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladigan tergov harakati.
MUTAXASSIS – tergov va sud muhokamasini o‘tkazishda dalillarni topish va mustahkamlashda surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga yordam berish uchun chaqiriladigan, shifokor, pedagog hamda zarur bilim va malakaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar.
N
NAZORAT INSTANSIYASI – jinoyat ishi apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilganidan so‘ng chiqarilgan sud qarorlariga nazorat tartibida kiritilgan shikoyat va protestlarni mazmunan ko‘rib chiqish vakolatiga ega yuqori turuvchi sud instansiyasi.
NARSA VA HUJJATLARNI KO‘ZDAN KECHIRISH – texnik vositalardan foydalanilgan holda, basharti narsa yoki hujjatlarning yo‘qolishiga yoxud shikastlanishiga olib kelmasa, o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tergov harakati.