Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bo’lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini ta’minlaydi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishning murakkabligi va boshqa holatlari tufayli gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘z huquqlarini amalga oshirishda qiynalishi mumkin degan xulosaga kelsa, boshqa ishlar bo‘yicha ham himoyachining ishtirok etishini shart, deb topishga haqlidir.
Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasiga binoan himoyachi gumonni yoki aybini rad etadigan yoxud javobgarlikni yengillashtiradigan holatlarni aniqlash uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullarini qo‘llashi hamda gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga zarur yuridik yordam ko‘rsatishi; haqiqatni aniqlashga, dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Ishda ishtirok etish haqida shartnoma tuzilgan yoki tayinlangan vaqtidan boshlab advokat himoyaga haqli hisoblanadi va bu vazifani bajarishni rad etishga haqli emas.
Ayblanuvchining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish himoyachining asosiy burchidir. Ayblanuvchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish deganda, ayblov asossizligi munosabati bilan jinoyat ishini bekor qilishga erishish; ish holatlariga binoan javobgarlikni yengillashtirish maqsadida jinoyat ishining malakalanishi (kvalifikatsiya)ni o‘zgartirishga erishish; tegishli asos bo‘lgan holda ehtiyot chorasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga erishish; javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni aniqlashga urinish va boshqalardan iborat turli protsessual harakatlar tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, ayblanuvchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aybsiz shaxsni sudlash yoki javobgarlikka tortilishini bartaraf qilish, adolatsiz tarzda og‘ir jazo belgilanishining oldini olish, barcha yengillashtiruvchi holatlar majmuasini hisobga olishni o‘z ichiga oladi.
Dostları ilə paylaş: |