Tergovchi qanday harakat qilishi kerak? Fuqaroviy da’vogar deb topish asoslari qanday? MUSTAQIL ISH UCHUN TOPSHIRIQLAR
MDH davlatlarida va boshqa xorijiy davlatlarda jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini tahlil qiling. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
Xorijiy davlatlarda jinoyat protsessi ishtirokchilarini klassifikatsiyasini ko‘rib chiqing. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
IV BOB. JINOYAT PROTSESSIDA ISHTIROK ETISHGA MONELIK QILADIGAN HOLATLAR. RAD QILISHLAR (mualliflar y.f.n. S.M.Sahaddinov, M.Niyazov)
Annotatsiya: Ushbu mavzuning talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi jinoyat protsessining muhim institutlaridan biri bo‘lgan rad qilishni amalga oshirishning protsessual tartibi, jinoyat protsessida ishtirok etishga monelik qiladigan holatlarni aniqlash va bu vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, jinoyat protsessining ayrim toifa ishtirokchilarining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar to‘g‘risida bilim olishga imkon beradi.
4.1. Sudyaning, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Jinoyat protsessida ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar va rad qilish institutining protsessual asoslari Jinoyat-protsessual kodeksining 7-bobida belgilab berilgan.
Jinoyat-protsessual kodeksi 76-moddasida jinoyat ishi yurituvida xolislikni ta’minlash maqsadida jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar – sudyaning, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar keltirilgan. Jinoyat-protsessual qonunchiligimizda jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning barchasining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan 3 ta (ya’ni, umumiy) hamda faqatgina sudyaga tegishli bo‘lgan 6 ta (ya’ni, xususiy) holat belgilangan.