MUAMMOLI SAVOLLAR VA KAZUSLAR Qonunga xilof ravishda hukm qilingan, tibbiy muassasaga joylashtirilgan, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan, ushlab turilgan, lavozimidan chetlashtirilgan yoki lavozimidan ozod etilgan shaxs o‘zining barcha huquqlarida tiklanishi zarur. Bu borada reabilitatsiya va restitutsiya tushunchalarini o‘zaro qiyoslab tahlil qiling.
Shaxsning mehnat qilish, pensiya olish va uy-joydan foydalanish huquqlarini tiklash, shuningdek mol-mulkni qaytarish yoki uning qiymatini to‘lash to‘g‘risidagi talabi qanoatlantirilmagan bo‘lsa yoxud shaxs qabul qilingan qarorga rozi bo‘lmasa, u tegishli talab bilan da’vo ishini yuritish tartibida sudga murojaat qilishga haqlidir. Reabilitatsiya qilingan shaxsning moddiy ijtimoiy huquqlarida tiklanishi yuzasidan da’vo qo‘zg‘atish tartibi va muddatlarini tavsiflang.
1-kazus Tashlandiq joydan noma’lum shaxsning murdasi topiladi. Ekspert xulosasiga ko‘ra u 24 soat ichida o‘ldirilganligi ma’lum bo‘ladi. Bedarak yo‘qolganlarni ro‘yxati tekshirilganda topilgan murdaning ayrim belgilari (yoshi, bo‘yi) fuqaro Kamilovga to‘g‘ri keladi. Kamilovning xotini va qaynisini chaqirib murdani tanib olish uchun ko‘rsatilganda ular tanib ololmaydilar.
Dastlabki tergov davomida Kamilov xotini bilan ahil yashamaganligi, xotinini doimiy ravishda urib, unga azob berib kelganligi, bu haqda ichki ishlar organi xodimlari ham voqif ekanliklari ma’lum bo‘ladi. Kamilov bedarak yo‘qolganidan oldin xotinini urib xomilasini nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Bu haqda xotinining arizasi va ekspertiza xulosasi bo‘lgan. Kamilov hech qayerda ishlamagan, doimiy ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. To‘plangan bunday ma’lumotlar qotillik jinoyatini Kamilovning xotini va ukasi sodir etganligi to‘g‘risidagi versiyani tekshirib chiqishni taqozo etdi.
Tergovchining versiyasi topilgan dalillar bilan borgan sari mustahkamlanib borayotganday tuyuladi. Kamilovning xotini va qaynisiga ayb e’lon qilinib, qamoqqa olinadi. Dastlabki tergov oxirlab qolganda Kamilovning hayot ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi.