ADVOKAT – oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasida advokat bo‘lishi mumkin.
|
ADVOKATLIK SO‘ROVI – advokat kasbiy faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuridik yordam ko‘rsatilishi munosabati bilan davlat organlaridan, korxona, muassasa, tashkilotlardan hamda jamoat birlashmalaridan zarur bo‘lgan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni so‘rashi va olishi.
|
ADOLATSIZ SUD QARORI – ishning aniqlangan holatlariga zid ravishda yoki moddiy yoxud protsessual qonunni jiddiy buzgan holda qabul qilingan sud hujjati (hukm, ajrim yoki qaror).
|
AJRIM – sud tomonidan chiqariladigan protsessual hujjatlardan biri, sud qarorlarining bir turi sifatida qaraladi. Ajrimlar birinchi instansiya va apellyatsiya, kassatsiya, nazorat sudlov instansiyalari tomonidan hamda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha sud majlisida va sud majlisidan tashqari jinoiy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida qonunda belgilangan asoslarga muvofiq chiqariladigan akt (protsessual hujjat) sanaladi.
|
AYB E’LON QILISH – tergovchi, prokurorning jinoiy ta’qib ostidagi shaxsga uning nimada ayblanayotganligini ma’lum qilishdan iborat protsessual harakatidir.
|
AYBINI BO‘YNIGA OLIB ARZ QILISH – bu o‘zini odil sudlovga topshirish va tegishli jazoga tortilish maqsadida shaxsning sodir qilgan jinoyati haqida o‘z ixtiyori bilan xabar berishidir.
|
|