Fuqaroviy javobgar ayblanuvchi tomonidan yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan aqli noraso shaxs tomonidan yetkazilgan zarar uchun qonunga ko’ra mulkiy javobgar shaxs, korxona, muassasa yoki tashkilot ishda fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etish uchun jalb qilinishi mumkin.
Ko‘pgina hollarda fuqaroviy javobgar sudlanuvchi shaxs bo‘ladi. Jabrlanuvchini moddiy manfaatini yaxshiroq taminlash maqsadida fuqaroviy javobgar sifatida sud muhokamasiga sudlanuvchining ota-onasi, qonuniy vakillari, yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, sudlanuvchining jinoiy harakatlari tufayli keltirilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘lgan korxona, tashkilot va muassasalar ham fuqaroviy javobgar bo‘lishi mumkin. Voyaga yetmaganlar jinoyat ishlari yuzasidan ularning ota-onasi, o‘quv yurti, voyaga yetmagan shaxs da’volanayotgan tibbiy muassasa, homiy va vasiylar fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilinishi mumkin.
Fuqaroviy javobgar ayblov va fuqaroviy da’voning mazmunini bilish; da’voga e’tiroz bildirish; tushuntirish berish; o’z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish, birinchi instansiya apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiya sudining majlislarida ishtirok etish, sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy da’voga tegishli qismi ustidan shikoyatlar berish; ish bo’yicha keltirilgan shikoyat va protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy javobgar sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lish va ularning talablariga asosan fuqaroviy da’voga tegishli bo‘lgan dalillar taqdim qilish; haqiqatni aniqlash, dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Dostları ilə paylaş: |