VI BOB. ISBOT QILISHNING UMUMIY SHARTLARI
(Muallif – yuridik fanlar nomzodi, dots. S.M.Raxmonova)
Annotatsiya: Talabalar tomonidan mazkur mavzuning o‘rganilishi jinoyat protsessida isbot qilish jarayonining mazmun va mohiyati, isbot qilishning umumiy shartlari, isbotlash subyektlari, isbotlash majburiyati, dallilarni to‘plash, tekshirish va baholash elementlari to‘g‘risida zaruriy bilim va ko‘nikmalar shakllantirishga xizmat qiladi.
6.1. Isbotlash va uning elementlari
Isbotlash – ishni qonuniy, asoslangan va adolatli hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi haqiqatni aniqlash maqsadida dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashdan iboratdir (Jinoyat-protsessual kodeksining 85-moddasi).
Jinoyat ishlari yurituvida amalga oshirilayotgan bilish isbot qilish shaklida olib boriladi, u o‘zida murakkab jarayonni mujassam etib, alohida elementlardan tashkil topgan. Ular esa o‘z navbatida jinoyat protsessining har bir bosqichida isbot qilishning tartibi, usullari, vositalari va shartlarini belgilab beradi.
Isbot qilish – jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni olishga qaratilgan harakatlar tizimidir. U jinoyat protsessini harakatlantiruvchi kuch bo‘lib, u protsessning bir bosqichidan ikkinchisiga tadrijiy o‘tishini to jinoyat ishi uzil-kesil hal bo‘lgunga qadar taʼminlaydi.
|
Isbotlash haqiqatni aniqlashga xizmat qiladi. Jinoyat ishlarini sudda yuritishdagi haqiqat – tergov va sud xulosalarining xolisona voqelikka muvofiqligini amalda tekshirilgan fikridir.
Jinoyat-protsessual kodeksining 2-moddasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun har bir muayyan holda tergov qilinadigan yoki hal qilinadigan jinoyat ishi bo‘yicha isbotlash predmetiga kiradigan barcha holatlarni voqelikka to‘la muvofiq holda aniqlash lozim.
Ishning haqiqiy holatlarini isbotlash muammolari jinoyat protsessual nazariyaning hamda jinoyat protsessida jinoyatlarning tergov qilinishi va ochilishini amalga oshiradigan vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslarning protsessual faoliyati negizini tashkil etadi. Shu munosabat bilan isbotlash maqsadi, vositalari, usullari va elementlari, uning mohiyati, predmeti va chegarasi kategoriyalari doimo jinoyat-protsessual huquqi fani e’tibor markazida bo‘lib keladi.
Dostları ilə paylaş: |