Banklarning turlari.Kapitalistik tuzumning rivojlanishi turli mulkchilik shakllarining rivojlanishiga, moliyaviy mablag‘larning alohida moliyaviy muassasalar ixtiyorida markazlashuviga olib keladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin ko‘pchilik kapitalistik mamlakatlarda ayrim banklarning milliylashtirilishi yuz berdi. Bu o‘z navbatida banklarning mulkiy, huquqiy funksiyasi, tabiati va boshqa qator mezonlari bo‘yicha tavsiflanishiga sabab bo‘ldi. Zamonaviy iqtisodiyotda banklar quyidagi mezonlar bo‘yicha tavsiflanadi.
Mulkiy jihatdan – davlat banki, aksiyadorlik banki, kooperativ bank, xususiy va xorijiy kapital ishtirokida qo‘shma banklariga bo‘linadi. Banklarni mulkchilik nuqtai nazardan tasniflanganda asosan ularning ustav kapitali tarkibida kimning ulushi 51 foizdan yuqori bo‘lsa, bank shu shaxslarning nomlarini oladi. Masalan, bank kapitalining asosiy ulushi xususiy yoki kooperativ tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri kelsa, mazkur banklar xususiy yoki kooperativ bank deya yuritiladi. Davlat banklari kapitalining asosiy ulushi davlatga tegishli bo‘ladi, ko‘pchilik mamlakatlarda Markaziy banklar davlat banki hisoblanadi. O‘zbekistonda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, Davlat – aksiyadorlik Xalq banki, aksiyadorlik tijorat “Asaka” banklarning kapitali tarkibida asosiy ulush davlatga tegishli bo‘lganligi bois mazkur banklar davlat banklari hisoblanadi. Mamlakatimizda aksiyadorlik tijorat banklari sifatida, aksiyadorlik tijorat “Agrobank”ni, Aloqabank, Turonbank va boshqalarni keltirish mumkin. Mamlakatimizda yopiq turdagi aksiyadorlik tijorat banklari mavjud emas. Xorijiy kapital ishtirokida qo‘shma banklar mamlakat qonunchiligiga asosan belgilangan miqdordagi ustav kapitali xorijiy ishtirokchilar tomonidan shakllantirilsa mazkur banklar shu maqomga ega bo‘ladi. Mamlakatimizda xorijiy kapital ishtirokidagi banklarni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Huquqiy jihatdan – banklar ochiq va yopiq turdagi jamiyatlar sifatida tasniflanadi. Banklarning kapitalini asosiy ulushi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi, ushbu banklar ochiq aksiyadorlik yoki yopiq aksiyadorlik banklari bo‘lishi mumkin. Ochiq yoki yopiq aksiyadorlik banklari deyilishiga sabab ularning aksiyalarini sotish va sotib olish jarayoni bilan bog‘liq bo‘ladi. Qatnashchilari o‘zlariga tegishli aksiyalarini o‘zga aksiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati ochiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Aksiyalari faqat o‘z muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Mamlakatimizda mulkiy jihatdan tashkil topishidan qa’tiy nazar, faoliyat yuritayotgan barcha banklar ochiq aksiyadorlik banklari hisoblanadi.