Shayxiy g‘azallaridan
Bahor mavsumidir, hamdami sabo bo‘laylik,
Gul va do‘st bo‘yi ila oshino bo‘laylik.
Chun davri loladir, ixlos ila qadah tutaylik,
Negakim nargis bo‘lur, masti beriyo bo‘laylik.
Zamona sirrini qo‘y g‘uncha kabi sarbastga1,
Chaman safosiga gul kabi dilgusho bo‘laylik.
Bul jahonning fathiga Jam jomdir demish miftah2,
Keling, mulozimi jomi jahonnamo bo‘laylik.
Bahor tavbaga Shayxiy junun demish oqil,
Bugun muvoffaqat et, erta porso bo‘laylik.
* * *
Ne xabar berdi sabo zulfi parishoning uchun,
Ki binafsha motamsaro ko‘rinur oning uchun.
Ne sabab bosh ochar-u, qo‘l ko‘tarur sarvu chinor;
Ki duo aylar ular qaddi xiromoning uchun.
Oy yuzing ko‘rgach bo‘lur ravshan yeru osmonlar,
Har na vajh aytar esam shul mohitobonim uchun.
Lola chok etdi yuzing gul yonog‘ing rashkidin,
G‘uncha chok etdi o‘zin la’li durafshoning uchung.
Dur-u gavhar sochilur, nozik kalomlar yozilur,
Shayxiy insho qilajak shul lab-u dandoning1 uchun
AHMAD POShO
(?-1497)
XV asr turk adabiyotining eng yorqin yulduzlaridan bo‘lgan shoir Ahmad Posho, o‘sha vaqtda Usmonlilarning poytaxti bo‘lgan Edirna shahrida tug‘ildi. Uning otasi Valiyuddin Ilyos Murod II ning qoziaskari, ya’ni bosh harbiy qozisi edi. o‘z davrida yaxshi ma’lumot olgan Ahmad Posho faoliyatini Bursadagi Murodiya madrasasida mudarrislikdan boshladi. Tez orada Edirna qozisi bo‘ldi. 1451 yil taxtga o‘tirgan Fotih Sulton Mehmet nazariga tushgan Ahmad Posho qoziaskar, shahzodalar otabegi va vazir lavozimigacha ko‘tarildi. Vazir Ahmad Posho ko‘plab shoirlarga valine’matlik qiladi, ustozi Malihiyni sultonga tanishtirib, hurmatini bajo keltiradi. Ammo saroydagi kurashlar shoir Ahmadiyni ham chetlab o‘tmaydi. Shoirning “axloqsiz”ligi haqida podshoga chaquv bo‘ladi va Ahmad Posho zindonga tashlanadi.
Yedi-Kule (Yetti minora) zindonida yotgan shoir “Karam qasidasi”ni yozib sultonga yetkazadiki; “Qullarning adashmog‘i mumkin, ammo podshoning avfi qaerda” misralarini o‘qigan shoh shoirni avf qilib Bursaga jo‘natadi. Shoir Bursada Orxan va Murodiya madrasalarida dars beradi. Keyinchalik Anqara sanjaqbeyi etib tayinlanadi, Mehmet II ni vafotidan so‘ng taxtga chiqqan Boyazid II Ahmad Poshoga iltifot ko‘rsatib Bursa sanjaqbeyligini beradi. Ayrim manbalarda Ahmad Posho oila qurmaganligi aytilsa, boshqalarida Fotih Mehmet Ahmadni To‘ti ismli joriyaga uylantirgani, shoirning bir qizi bo‘lib, qizi ham, xotini ham erta vafot etgani, undan so‘ng Ahmadning oila qurmaganligi aytiladi. Ahmad Posho umrining oxirigacha Bursada yashaydi va 1497 yil qazo qilgach o‘zi qurdirgan madrasaga dafn qilinadi.
Ahmad Posho lirik shoir bo‘lib, uning she’riyati turk adabiyoti tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ahmad Posho dunyo go‘zalligini ta’rif etar ekan, inson mana shu go‘zallikdan bahramand bo‘lishini kuylaydi. Shoir sifatida u Hofiz Sheroziy ijodini bir namuna deb bilgan va ijodda unga ergashgan. Ahmad Posho g‘azallari o‘zining nafisligi, arab, fors so‘zlarini qo‘llashi bilan ajralib turadi. Shoir ijodini ikki davrga bo‘lish mumkin: 1. A. Poshoning zindonband bo‘lguniga qadar yozgan ijodi. Bu davrda shoir qasidalar va g‘azallar yozib ijodda ko‘proq fors shoirlariga (Hofiz) ergashgan. 2. Hazrat A. Navoiy ijodi bilan tanishgandan keyingi she’riyati. Manbalarda ko‘rsatilishicha 1481 yil A. Navoiy o‘zining 33 g‘azalini Sulton Boyazid IIga yuborgan. Sulton bu g‘azallarni Bursaga, Ahmad Poshoga jo‘na–tadi va Navoiy g‘azallariga nazira bag‘ishlashni shoirdan so‘raydi. Ahmad Poshoga A. Navoiy g‘azallari shunchalik ma’qul keladiki, A. Posho Navoiyning 33 g‘azaliga nazira bag‘ishlaydi. Mana shu naziralardan biri:
Zulfingki uzoringda etar jilvalar, ey do‘st,
Tovusi junondirki ochar bolu par, e do‘st.
Xattinki tilsim etdi labing doirasiga,
Shirinlik uchun mushk ila afsun yozar, e do‘st.
Qo‘y, borma qo‘nog‘iga raqibingki, bilursen,
It bo‘lgan yerga hech malak etmas guzar, e do‘st.
Zulfi siyohing chiqmadi zebo kulohingdan,
Zeroki harir ichra bo‘lur mushki tar, e do‘st.
Voiz so‘ziga voqif o‘lub, yosh tukmadi chashmim.
Sard bo‘lsa-havo bo‘lmagay mardumda gar, e do‘st.
Ne vajh ila yuz surmag‘ay Ahmad ayog‘ingga,
Ne bosh ila tark etmagay yo‘lingda sar, e do‘st.
Shoir o‘zining Fotih Mehmet zamonidagi kunlarini eslab, o‘zini A. Navoiyga, Fotihni Husayn Boyqaroga qiyoslashga ishora bor.
Ahmad Posho g‘azallarida muhabbat – bosh mavzu. Shoir o‘zini “muhabbat kuychisi”ligini aytadi. Sevgi jamiki shodliklarning, ayni paytda g‘am-anduhning sababchisidir, u oshiq-ma’shuq munosabatlarini tasvirlarkan, tabiat ko‘rinishlaridan ustalik bilan foydalanadi.
Har kiminkim hamdami gul yuzli bir jonon o‘lur,
Xonasi jannat kibi doim bahoriston o‘lur,
Oshig‘u ma’shuqqa o‘xshar oftob ila zamin
Kim biri yig‘laguncha birisi xandon o‘lur.
(Tarjima bizniki A.A.)
Ahmad Posho ijodining undan keyingi ko‘plab turk shoirlari ijodida ta’siri kuchli bo‘lgan.
Ahmad Posho devonida usmonli turk tilida yozilgan g‘azallar bilan barobar, arab, fors tilida yozilgan g‘azallar borkim, bu shoirning shu tillarni yaxshi bilganligini ko‘rsatadi.
Ahmad Posho g‘azalnavis sifatidagina emas, qasidanavis sifatida ham mashhur bo‘lgan. Birinchi yozgan “Saroy qasidasi” 1461 yil Sulton Mehmet Fotih Istambulda qurdirgan, Yevropada Several nomi bilan mashhur, nihoyatda go‘zal saroy xaqidadir. Shoir saroyni fotografik aniqlikda tasvirlash bilan cheklanmay, shohona odob-axloq haqida ham fikr yuritadi. Asar badiiy jihatdan ham, madaniyat obidasi haqida ma’lumot berishi jihatidan ham ahamiyatlidir. Ikkinchi qasida “Karam qasidasi” olijanoblikni madh etsa, uchinchi “Quyosh qasidasi” Sulton Mehmed II ga bag‘ishlangan.
Umuman Ahmad Posho usmonli tilining keng imkoniyatini o‘z she’riyati misolida ko‘rsata oldi va o‘rta asr turk adabiyotini yanada yuksaklikka ko‘tardi.
Dostları ilə paylaş: |