4. Turkiston mintaqasida sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat va uning tarixiy ahamiyati
Turkistonda oktyabr to`ntarilishidan keyin sodir bo`lgan voqealar jarayoni shuni ko`rsatadiki, bolsheviklar o`rnatayotgan sovet rejimi o`lka xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto milliy muxtoriyatni ham ravo ko`rmadi. Mustaqillik osonlikcha qo`lga kiritilmasligini tushunib yetgan milliy vatanparvarlar qo`lga qurol olib, bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlab yubordilar. Biroq sovet rejimi va kommunistik mafkura hukmronligi yillarida ularga "bosmachi" deb nohaq tamg`a bosildi.
Ushbu o`rinda "bosmachi" so`zining mohiyati xususida to`xtamasdan o`tib bo`lmaydi. "Bosmachi" so`zi aslida "bosmoq" fe`lidan olingan. Aslini olganda Farg`ona vodiysida, umuman, butun Turkiston hududida podsho va sovetlar Rossiyasi - bolsheviklarga qarshi qurolli kurash olib borgan turkistonliklar o`zlarini hech qachon "bosmachilar" deb atashmagan. "Bosmachi" deb xalq o`rtasida harbiy sohaga aloqasi bo`lmagan jinoyatchi unsurlar, "o`g`ri" va "bezorilar to`dasi" tushunilgan. Shu bilan birga birovlarning yurtini bosib olgan bosqinchilarni ham "bosmachilar" deb atash mantiqan to`g`ri keladi. Bu harakat haqida so`z yuritilgan 1918-1919 yillarning o`rtalarigacha bo`lgan davrga tegishli arxiv hujjatlarida ham "bosmachi" so`zi uchramaydi. Bu hujjatlarda "qaroqchi" (razboynik), "shayka", juda bo`lmasa "bosqinchi" (bandit) iboralari qo`llanilgan. 1919 yilning o`rtalaridan boshlab avval ayrim rasmiy hujjatlarda, keyinchalik esa sovet vaqtli matbuotida "bosmachi" iborasini qo`llash boshlangan. "Bosmachi" va "bosmachilik" iboralari milliy ozodlik harakatining mohiyatini pasaytirish, ajdodlarimizning Rossiya zulmi va bolsheviklar hukmronligiga qarshi olib borgan qonli kurashlarini xaspshlash uchun buyuk davlatchi shovinistlar tomonidan o`ylab topildi va "banditlik", "qaroqchilik" so`zlari bilan asossiz ravishda bir qatorga qo`yildi. Kommunizm mafkurachilari va ularning maddohlari hatto 1917 yilgacha bo`lgan milliy ozodlik harakatlarini ham ko`p hollarda shu atama bilan nomladilar.
Xayriyatki, O`zbekiston Respublikasi mustaqillika erishgach, "bosmachi" yorlig`i yopishtirilgan ota-bobolarimizning muborak nomlari qayta tiklandi va ularning haqiqiy qiyofalari istiqlolchilar sifatida namoyon bo`ldi.
Sovetlarga qarshi harakat "Turkiston Muxtoriyati hukumatining tor-mor qilinishi bilan boshlanganligi" deyarli barcha tarixchilarning asarlarida e`tirof qilinadi. Aslini olganda, muxtoriyat hukumati ag`darib tashlanmaganida ham yoki bu hukum; hatto mutlaqo bo`lmaganida ham bu harakatning vujudga kelishi tabiiy bir hol edi. Zotan, bu davrda Turkistonda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat boshlanishini muqarrar qilib qo`ygan edi. Chunki Turkistonda bu harakatning boshlanishi uchun muxtoriyatning tor-mor qilinishi bilan birga boshqa bir qator jiddiy sabablar ham mavjud edi.
Birinchidan, 1917 yilda sodir bo`lgan oktyabr to`ntarilishi va buning natijasida hokimiyatni qo`lga kiritgan bolsheviklar tomonidan ilgari surilgan kommunistik mafkura Turkiston xalqlari uchun mutlaqo yot tushuncha edi. Mahalliy aholi bu g`oyani avval boshdanoq o`ziga singdira olmadi va unga qarshi turdi.
Ikkinchidan, sovet hukumati o`rnatilgan dastlabki davrda hokimiyatni boshqarishga mahalliy xalq vakillari jalb qilinmadi, ularning milliy g`ururi haq-huquqi inkor qilindi. Turkistonda bolsheviklar tomonidan o`rnatilgan sovet rejimi chor Rossiyasi mustamlakachiligining yangi shakli ekanligi o`sha dastlabki kunlardanoq oshkor bo`lgan edi.
Uchinchidan, yangi tuzum o`rnatilgan ilk kunlardanoq mahalliy xalqning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, milliy qadriyatlari toptaldi. Shariat asoslari va qozixonalar bekor qilindi, vaqf yerlari tortib olindi, mulkchilikning barcha shakliga chek qo`yildi.
Turkiston Muxtoriyati hukumatining tugatilishi bu harakatning butun Farg`ona vodiysida ommaviy ravishda boshlanishiga bir turtki vazifasini o`tadi, xolos. Chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmi ostida ezilib kelgan Farg`onaliklar Turkistonda birinchi bo`lib bolsheviklar rejimiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Shu tariqa, Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi qurolli harakat 1918 yil fevral oyining oxirlarida boshlangan edi.
Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar bo`lgan. Turkiston respublikasi rahbarlaradan birining e`tirof etishicha, unga asosan dehqonlar va hunarmandlar qatnashdi. Ularga shahar aholisining aksariyat qismi - o`ziga to`q badavlat oylalarning vakillari, savdogarlar, islom dini arboblari hamda ba`zi boylar qo`shildi. Harakat qatnashchilari safida oq-qorani tushungan savodxon kishilar - ziyolilar ham ko`pchilikni tashkil qilar edi va ular jadidlar orasidan ajralib chiqqan Turkiston munavarlari va muborizlari edi. Bir so`z bilan aytganda, ular safida xalqning barcha tabaqasiga mansub kishilar bor edi.
Dastlabki guruhlarning tashkil topishi Kichik Ergash (taxminan 1885-1918) va Katta Ergash (taxminan 1880-1921) ning nomlari bilan bog`liqdir.
1918 yil 27 fevralda Qo`qon atrofidagi Bachqirda bo`lgan janglarning birida Kichik Ergash shahid bo`lgach, uning o`rniga Katta Ergash (uni Mulla Ergash ham deyishgan) Farg`ona vodiysida bolsheviklarning mustamlakachilik tartibiga qarshi ozodlik bayrog`ini ko`tardi. Qo`qon uyezdidagi harakatning dastlabki tayanch nuqtasi Bachqir edi. 1918 yil mart oyining oxiriga kelib Katta Ergashning nomi Farg`ona vodiysi aholisi o`rtasida juda mashhur bo`lib ketdi. Marg`ilonda esa militsiyaning sobiq boshlig`i Muhammad Aminbek Ahmadbek o`g`li-Madaminbek (1892-1920) kurash boshladi. "o`z oldiga sovet hokimiyatini ag`darish va Farg`ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo`ygan Madaminbek ustomon siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi", deb tan olinadi 1918 yilga oid arxiv hujjatlarining birida.
Farg`ona vodiysida 1918 yilning o`rtalariga kelib, taxminan yuzga yaqin qo`rboshilar o`z dastalari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15000 yigit bor edi.
Turkistondagi bu harakatning o`ziga xos milliy ko`rinishi va xususiyatlari mavjud bo`lgan. Bu xususiyatlar harakatdagi qo`rboshilar dastalari va guruhlari faoliyatida, ularning maqsad va istaklar o`z ifodasini topgan bo`lib, unda islom shariat qonun-qoidalari asosidagi milliy davlat barpo qilishdan tortib, to milliy demokratik tartibdagi mustaqil davlat tuzishgacha kabi g`oyalar mujassamlashgan edi.
Turkiston mintaqasidagi mazkur harakatni muhim xususiyati shundaki, bu harakatda maqsadlar vazifalar qanday bo`lishidan qat`iy nazar boshdan oxirigacha bir ustuvor g`oya - Turkistonning milliy mustaqilligi yotadi. Bu harakat goh kuchayib, pasayib turishiga qaramay, unda ishtirok etuvchilarning tarkibi o`zgarib turishi va ikkilamchi manfaatlar o`rtada turganligi hamda ob`ektiv sub`ektiv omillar kuchlar muvozanatiga salbiy ta`sir qilishiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi bo`lib qolaverdi.
Turkistondagi bu harakatning uyushgan bir shaklda namoyon bo`lishida qo`rboshilar ko`rsatgan g`ayratshijoatni alohida ta`kidlab o`tish kerak. Qo`rboshilar harakatning harbiy rahbarlari bo`lib, ular jangovorliklari bilan mashhur edilar. O`z vaqtida Farg`ona vodiysida Kichik Ergash, Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Muhidinbek, Islom Polvon, Yormat Maxsum, Samarqand viloyati Ochilbek, Bahrombek, Buxoro respublikasi Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor, Anvar Posho, Salim Posho, Davlatmandbek, Fuzayl Maqdum, Xorazm respublikasida Junaidxon kabi qo`rboshilar bu harakatni yagona kuchga birlashtirish uchun rahbarlikni birin-ketin o`z qo`llariga olsalar-da, lekin Turkiston mintaqasidagi qurolli harakat boshdan oxirigacha yagona markazga to`liq uyusha olmadi. Turkiston fidoyilarining ozodlik harakatini yagona markazga birlashtirish uchun izchil kurashayotgan Madaminbek bilan Anvar Poshoning taqdirlari esa fojiali tugadi.
Farg`ona vodiysidagi bu harakat 1919 yil yozining oxiri va kuzida o`zining eng yuqori cho`qqisiga chiqdi. Madaminbek boshchiligidagi istiqlolchilar safiga Jalolobodda turgan rus krestyanlari armiyasining qo`shilishi vodiyda sovet hokimiyatini ag`darish uchun real kuch edi. Sentyabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O`sh shaharlarini egallashdi. Ular 13 sentyabr Eski Marg`ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar - Andijonni qamal qilishga kirishdilar. Madaminbek boshchiligidagi qo`shinning hujumi Farg`ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919 yil 22 oktyabrda Pomirning Ergashtom (Irkeshtam) ovulida bo`lgan anjumanda Madaminbek boshchiligida Farg`ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 tub aholi va 8 yevropalik kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig`i bo`lish bilan bir qatorda Farg`ona vodiysidagi bu harakatning Oliy bosh qo`mondoni ham etib saylandi.
1919 yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo`l ostida 30000ga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi janglarni olib bordilar. Bu paytda Shermuhammadbek qo`l ostida 20000, Katta Ergash qo`rboshida 8000 askar bo`lgan. Ana shu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo`naltirib turdilar.
Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar uyg`unlashgan edi. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o`z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi. "U bizning rahbarlik faoliyatimizda yo`l qo`ygan xato va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi. Uning boshqaruv apparati, o`zining tribunali va genshtabi bo`lgan, u qonunlar chiqargan", deb e`tirof etadi Madaminbekka qarshi kurashgan dushmanlaridan biri qizil komissar Gramatovich.
Turkistondagi bu harakat 1920 yilning yozi va kuzida o`zining yangi bosqichiga qadam qo`ydi. Kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Farg`ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi vatanparvarlar bilan bir qatorda endilikda Xorazm va Buxoro respublikalaridagi muxolifatchilar ham bosqinchi qizil armiya jangchilariga qarshi muqaddas kurashga otlandilar. Kurash bayrog`ini vodiyda Madaminbek o`rniga endi Shermuhammadbek ko`tardi. Farg`ona vodiysidagi butun qo`rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq tumanidagi G`oyibota qishlog`ida o`zlarining navbatdagi qurultoylariga to`plandilar. Qurultoy 1920 yil 3 mayda Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston - turk mustaqil islom jumhuriyati yoki qisqacha qilib ayo`tganda Turkiston muvaqqat hukumatini tuzdi.4
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, Buxoro va Xorazm Xalq respublikalarining demokratik islohatlar tomon bosib o`tgan yo`li o`sha davr uchun ham, bugungi kun nuqtai nazaridan olib qaralganda ham mashaqqatli va ulug` yo`l bo`ldi. Buxoro va Xorazm respublikalari atigi 4-5 yil ichida dunyoviy islohatlar joriy qilinayotgan demokratik davlatga aylana boshladi. Afsuski, bu jarayonlar mustabid sovet rejimi tomonidan sun`iy ravishda to`xtatib qo`yildi va nisbatan mustaqil bo`lgan bu davlatlarning mavjudligiga ham barham berildi.
Buxoro va Xorazm respublikalarining tugatilishi bilan kamida uch ming yillik tarixga ega bo`lgan o`zbek xalqining milliy davlatchilik xalqasi deyarli uzib tashlandi. O`zbekiston SSR tuzilsa ham (1925 yil fevral) oradan ko`p o`tmay u SSSR tarkibiga kiritildi. O`zSSR amalda hech qanday mustaqil siyosiy huquqlarga ega bo`lmay, balki yangi shakldagi mustabid sovet rejimining bir qismi bo`lganligi uchun ham mustaqil davlat vazifasini o`tay olmadi.
Dostları ilə paylaş: |