Mustaqil ishlash uchun savollar: Turistik marshrut deganda nimani tushunasiz?
Turistik marshrutni amalga oshirishda dastlab nimalarga e’tibor berish kerak?
Turizm marshrutlarini ishlab chiqishning turizm iqtisodiyotidagi o‘rni.
O‘zbekistonning necha foizini cho‘l va adir mintaqasi egallaydi?
Turizm marshrutlarini ishlab chiqishda mahalliy mehnat resurslarga ta’sirini so‘zlab bering.
5-MAVZU. TURIZM MARSHRUTLARINING TARIXI Reja: 5.1. Markaziy Osiyolik olimlarning sayohati marshrutlari
5.2. Chet ellik olim sayohatchilarning marshrutlari
5.3. Buyuk geografik kashfiyotchilarning sayohati marshrutlari
5.4. Yangi davr geografik tadqiqotlari marshrutlari
5.1. Markaziy Osiyolik olimlarning sayohati marshrutlari Turizm tarixidagi turizmning shakllanishi masalalariga mutaxassislar turlicha yondashishadi va xulosalarga to‘xtalishadi. Aksariyat hollarda turizmni iqtisodiyotda ham, insoniyatning dunyo bo‘ylab haraktlanishida ham yangi fenomen-ko‘rinish, soha deb qarashadi. Ikkinchi taraf-Aslida turizmning tarixi o‘tmishdagi dunyo bo‘ylab qilingan sayohatlardan boshlangan deb xulosa qiluvchilar ham ko‘pchilik olimlarni tashkil qiladi. Lekin, turizm haqidagi zamonaviy ta’limot dunyodagi birinchi sayohatchilarni ham, ularning sayohatlarini ham turizmga aloqasi yo‘q deb bilishadi. Bunday xulosaga keluvchilarning fikri bo‘yicha birinchi sayohatchilar sayohatga o‘zlarining hohish-istaklaricha chiqishmagan. Bu sayohatlar majburiy bo‘lib, erkinlikni tan olishmagan. Ularning maqsadi-yangi tijorat bozorlarini, yangi erlarni ochish, zo‘ravonlik bilan xalqlarni bo‘ysidirish, dinni yoyish va hakozolar bo‘lgan.
“Turizm” va “turist” atamalari ilmiy adabiyotlarda XVIII asrning oxirlarida yozila boshlandi va XIX asrda ommaviy ravishda qo‘llanila boshlandi, XX asrning 60 yillaridan boshlanib o‘zlarining hozirgi ta’rifini xalqaro miqyoslarda oldi. Dunyodagi birinchi sayohatni qadimgi Misr malikasi Xetshepsut eramizdan oldingi 1501-1448 yillarda tashkil qilgan deb hisoblashadi. SHuningdek, eramizdan oldingi 2000 yilda Misrlik Sinuxit ham o‘zining sharqga (Edem) qilgan sayohatini “Sinuxit sayohatlari”da yozib qoldirgan. O‘tmish tarixda bunday sayohatlar juda ko‘plab amalga oshirilgan. Biz quyida eramiz ostonalarida amalga oshirilgan va undan keyingi davrlardagi sayohatlar va bu sayohatlarning marshrutlariga to‘xtalamiz.
Turizm marshrutlarining tarixi esa haqiqiy turizm va turist talabiga javob beradigan Tomas Kukning tashkil qilgan marshrutlaridan boshlanadi. Tomas Kukgacha bo‘lgan sayohatchilarning marshrutlarini, yangi erlar ochish marshrutlarini, buyuk georafik kashfiyotchlarining marshrutlarini va boshqa marshrutlarning hammasini ularning o‘z oldilariga qo‘yilgan maqsadlar - boylik izlash, ilm olish, majburiy yoki qiziqish bilan bog‘lik sayohatlar marshrutlari deb baholash mumkin. Turistik marshrut hozirgi turizmning talablarini hisobga olib ishlab chiqilgandagina turistik marshrut deyilishini yoddan chiqarmasligimiz kerak.
Markaziy Osiyolik olimlar asosan VII asrda o‘z sayohatlarini boshlaganlar va jahon xalqlari taraqqiyotiga er yuzida yashagan va yashab kelayotgan xalqlar ning, millatlarning birortasi Markaziy Osiyolik olimlarchalik olamshumul ilmiy–tadqiqotlarni, ixtirolarni kashfiyotlarni amalga oshirgan emas. Ushbu qo‘llanma hajmi chegaralanganligidan Markaziy Osiyolik olimlar va sayohatchi larning to‘liq marshrutlarini keltirishning imkoniyatlari yo‘q. Quyida dunyo xalqlarida e’tirof etilgan, e’zozlangan va e’zozlanib kelinayotgan mashhur o‘tmishdoshlarimizning sayohatlari va ularning sayohat marshutlarining bir qismini keltiramiz.