1.4.Qadimgi Sharqda dastlabki axloqiy ta‘limot. «Avesto» - qadimgi dunyoning axloqiy ta‘limoti.
Sharq falsafasi va Islom ta’limotida insonning ta’lim – tarbiyasi, odob-axloqi haqida juda ko’p qimmatli maslahatlar, fikr- mulohazalar mavjud. Sharqning o’ziga xosligi, unga munosib bo’lgan madaniy taraqqiyot jahon tsivilizatsiyasining beshigi dunyo xalqari rivojiga qo’shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Bu hol jahonnong barcha xolis mutaxassis olimlari tomonidan e’tirof etiladi. Qolaversa Vatanimiz tsivilizatsiyasi Sharq tsivilizatsiyasining quchog’ida voyaga yetgani va uning qadriyatlarini o’zida aks ettirganini, unga va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko’rsatganini doimo esda tutish darkor.
Muqaddas Qur’oni Karim va Hadisi Sharif insonning ma’naviy kamoloti uchun beqiyos manba ekanligi hammamizga ma’lum. Sharq mutafakkirlari, olimu ulamolari tomonidan asrlar davomida odob-axloqqa oid minglab kitoblar, hikmatlar yaratilgan.
Zardushtiylik faqat din bo’lib qolmay, balki o’sha davrning hukmron mafkurasi, ijtimoiy- siyosiy, axloqiy- falsafiy qarashlarining ifodasi sifatida ko’rina boshlaydi.
Zardushtiylikning nazariy asosi “Avesto” adabiy yodgorligining mazmuniga kirgan diniy- falsafiy g’oyalar miloddan ilgari bir qancha asrlar davomida to’plangan va rivojlangan.
“Avesto”da qadimgi kishilarning tabiat va uni bilish yo’llari haqidagi tasasvurlari umumiy tarzda ifoda etilgan.
Avestoda Turon va Eron xalqlarining ijtimoiy – iqtisodiy, huquqiy, axloqiy qarashlari va umuman dunyoqarashi o’z ifodasini topgan.
“Avesto”da o’tmish ajdodlarimizning diniy tasavvurlari, koinot va yerdagi dunyoning yaratilishi bilan bog’liq afsona va rivoyatlar, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayoti, geografiyasi, tabiati, nabototi, ilm-fani o’z aksini topgan. Unda qadimgi Turon o’lkasining iqlimi, suvi, hayvonot dunyosi, yer tuzilishi, sahrolari, tog’lari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
G’arazgo’ylik, hasad, manmanlik, fitna- fasod “Avesto”da qattiq qoralansa, va’daga vafo qilish, axdga sadoqat, samimiyat, xolislik, o’zaro izzat- ikrom kabi odamlar o’rtasida ustivor bo’ladigan axloqiy qoidalar ulug’lanadi. “Avesto” dunyoni inson uchun sinov maydoni deb tushuntiradi.
“Avesto” da odamlarni imonli bo’lishiga, doimo pok-toza yurishiga, tanani ozoda tutishga, har qanday yovuz niyat vaso’lardan yuz o’girishga da’vat etadigan axloqiy qoidalar, diniy o’gitlar, falsafiy g’oyalar nihoyatda ko’p.
Bu davrda qadimgi odamlarning baxt- saodat, adolatli jamiyat haqidagi orzu-umidlari ushaladi. Yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi kurashda Xudo Axura Mazda g’olib chiqib, baxtli hayot saltanati qaror topadi, o’lganlar tiriladi, gunohkorlar jazolanadi. Zardushtiylikda o’sha davrning huquqiy va axloqiy qarashlari ham o’z ifodasini topgandi. Zardushtiylikning ahloq majmuasida mehnatsevarlik , adolat, halollik yaxshilik asosiy o’rinni egallaydi. “Avesto” da ibtidoiy davrdan fedeoal davrgacha bo’lgan axloqiy qoidalar o’z aksini topgan. Zardushtiylikning ahloqiy asosini uchta narsa- ezgu so’z, ezgu fikr va ezgu amal tashkil etadi.
Yaxshi fikr Axura Mazda xudosining xislati ( ramzi), yomon fikr esa Axraman’yu xudosining xislatlari hisoblanadi. Zardushtiylik jamiyatda odamlar tinch yashashi, bir- biriga samimiy munosabatda bo’lishi, bir –biriga yordam qilishi g’oyalari tarafdori bo’lib, shafqatsizlik , zo’ravonlik, shuhratparastlik, hasad qilish, tuhmat, jahlga yo’l qo’yish va’daga vafosizlik kabi illatlarni qoralaydi.
“Avesto”da mehnat inson kamoloti va axloqiy sog’lomligining manbai sifatida ulug’lanadi. Bu fikrlarning ildizini “ Avesto” dagi yaxshilik va ezgulik yaratish uchun kishi mehnat qilishi, o’z qo’llari bilan moddiy noz-ne’matlar yaratishi zarurligi to’g’risidagi g’oyalardan izlamoq lozim.
Unda zardushtiylik ilohi Axura-Mazda – ezgulik, Axriman esa yovuzlik timsoli sifatida namoyon bo’ladi, ezgulik va yovuzlik, yorug’lik va zulmat, hayot va mamot o’rtasidagi abadiy kurashning ibtidosi aks etgan. “Avesto” dagi talqinlar insonning real hayoti bilan bog’liq ekani diqqatga sazovordir. Undagi ezgulik ruhi – yaratuvchilik, ijodkorlik quvvati, yovuz esa buzish va buzg’unchilik kuchi tarzida namoyon bo’ladi.
Axura-Mazda qiyofasidagi bu ezgulik – hayot ramzi, yerni inson, hayvonot va nabotot bilan boyitadi, inson ularni sog’liq, kuch-qudrat, baxt, shodlik, umid, ishonch, go’zallik, farovonlik yordamida munavvar qiladi.
Axriman qiyofasidagi yovuzlik esa qurg’oqchilik, ocharchilik, kasallik, qirg`inini, jisman va ruhan halokat singari odatlarini keltirib chiqaradi. “Avesto”da inson oliy jonzot tarzida talqin etiladi. Tabiatda barcha ne‘matlarni sevish, ardoqlash insoning muqaddas burchi hisoblanadi. Ozodalik, tozalik gigiena tushunchadan axloqiy va ilohiy tushuncha darajasiga ko’tariladi: suvni, atrof-muhitni toza tutish, jonivorlarga, nisbatan shafqatni anglatadi: inson shafqatli bo’lishi kerak. Bularning hammasi “Avesto” da ekologik axloqshunoslikning dastlabki ko’rtaklari mavjudligini ko’rsatadi.
Xulosa. “Avesto” dagi ba‘zi bir urf-odatlar va irimlarning hozirgi kunda ham saqlanib qolganligini ko’rish mumkin. Isiriq tutatish, qurbonlik uchun so’yilgan qo’y kallasini davradagi eng obro’li kishilar oldiga qo’ yish odatlari hamda sevimli Navro’z bayramimiz fikrlarimiz dalilidir.