BEMOR
Universitet kasalxonasi yo'lagiga chiqayotgan yigitchaning chehrasi bo'zargan, shifokor xonasi eshigini ochayotgan qo'llari titrardi. U qadamini bosgan sari quvvati uni tobora tark etayotgandek tuyular, ko'zlari xiralashgan va yanada shishin-qiragandek edi. Ifodasiz nigohi uzoqlarga qaratilgan, tevaragida kechayotgan hodisalar uning ongiga borib yetmasdi. Kengroq vestibyulga tushganida u shunday behollikni tuydiki, ko'z oldi jimirlashib, atrofdagi narsalarning hammasi go'yo suzib ketgandek bo'ldi. Eng yaqindagi oromkursiga bazo'r yetib bordi-da unga o'zini tashladi.
Kasalxonaga kiraverishdagi ulkan oynani quyib turgan kuchli jala tinimsiz savalardi. Go'yo tomchilar uning miyasidagi «Nima sababdan aynan men?» degan og'riqli savol bilan hamohang urilardi.
Uning o'tmishga qaratil'gan va og'riqlar orqali vujudga kelgan savollariga kelajagini yorituvchi javoblarni ololmasligini anglamasdi. Bu kabi savollar o'zi bilan birga yanada kuchliroq og'riq va o'kinchlar keltirardi, endi u yuzlaridan dumalayotgan yoshlarini sira to'xtatolmasdi.
Hammasi juda tez, go'yo bir kun ichida sodir bo'lganday tuyulardi. Uning kollejdagi birinchi o'quv yili yaxshi o'tgandi, u barcha imtihonlarni topshirib, eng yuqori ballar oldi. Uni porloq kelajak kutardi. Lekin endi hech qanday kelajak yo'q edi.
U hayotdagi eng bebaho narsani — salomatligini yo'qotgandi.
Ko'pincha biz salomatligimizni shunchaki o'zidan o'zi bo'ladigan holat kabi qabul qilib, unga sira e'tibor bermaymiz. Aksariyat insonlar o'z vujudlaridan ko'ra mashinalariga ko'proq e'tibor beradilar, yigitcha ham shundaylar toifasidan edi.
Lekin salomatlikka umrbod bepisandlik yaramaydi. Ertami kechmi, qachon bo'lsa ham bunday loqaydlikka yo'l qo'yganimiz o'zimizga qaytadi. Qahramonimiz uchun ham shunday kun keldi.
Hozirgina u shifokorning: «Qo'limizdan hech narsa kelmaydi. Baxtga qarshi, bu bedavo dard», degan dahshatli so'zlaridan bo'lak hech narsani eshita olmasdi.
Birgina lahzaning ichida uning butun hayoti ag'dar-to'ntar bo'ldi. Endi u hech qachon avvalgi holatiga qaytmaydi. Shunday qilib, yigitcha universitet vestibyulidagi burchakda kaftlariga yuzini tiragancha o'tirardi. Qo'rqib ketgan, umidini yo'qotgan va yolg'izlikda qolgan yigit anchadan beri qilmagan ishni — duo o'qishni boshladi. Biroq bu oddiy ibodat emasdi, u yigitning ko'ngil tubidan chiqayotgan edi: «Xudoyim, marhamatingni ayama. To'g'ri yo'lga o'zing boshla».
Ba'zan ibodat qilish sirli kuchlarni o'z ichiga oladi — ko'rinmas quvvat, ruhni Ilohiy Kuchlar bilan bog'laydi va modomiki, u Xudoga qaratilgan astoydil iltijo ekan, u har qanday kasallikni yengadi, har qanday muammoga yechim topadi.
Aql va ruhning Ilohiy Kuchlar bilan muloqoti xotirjamlik keltiradi, har qanday tanglikdan xalos qiladi va mo'jiza ro'y beradi — ibodatga javob keladi.
Dostları ilə paylaş: |