portal.guldu.uz-“O’ZBEK MUMTOZ ADABIYOTI TARIXI” fanidan o’quv-uslubiy majmua
Nazorat topshiriqlari: 1.Ogahiyning lirikasi haqida nimalarni bilasiz?
2.Ogahiy g’azallarida ishq mavzusi. 3- asosiy masala bo’yicha darsning maqsadi: Tarixiy asarlari bilan tanishadilar.
Identiv o’quv maqsadlari: 3.1 Shoirning trixnavislik faoliyati haqida gapiradilar.
3.2 Shoir yashagan tarixiy muxit.
3- asosiy savolning bayoni: Ogahiyning tazkiranavislik faoliyatining bashlanishida ham, xuddi badiiy ijodda bo’lganidek, amakisi va ustozi Shermuhammad Munisning ta’siri katta bo’lgan, deyishga asos bor. U Munis boshlab, yakunlanmay qolgan « firdavs ul-iqbol » nomli katta tarixiy asarini davom ettirib, o’ttiz yoshida uni 1825-yil Ollohqulixonning Xiva taxtiga o’tirish yili voqealari bayoni bilan yakunlaydi. Ogahiyning tarixnavis sifatidagi chuqur bilimi, voqea-hodisalarni bayon etish uslubining pishiq va ravonligi to’la namoyon bo’lgan bu asar zamonasining olim fozillarida katta taassurot qoldiradi u xonlikning eng yirik tarixchisi sifatida tan olinadi. Bejiz emaski Ogahiyning vafotiga qadar Xiva taxtiga o’tirgan barcha xonlar o’z hukumronligi davri va yuz bergan voqea-hodisalarning tarixini bitishni unga buyurdilar. Shu tariqa « Firdavs ul-iqbol » ning Ogahiy yozgan qismlaridan tashqari, yana beshta hajman katta mustaqil tarixiy asarlari yuzaga keladi.
« Firdavs ul-iqbol » ning Ogahiy qalamiga mansub qismlari hamda « Riyoz ud-davla », « Zubdat ut - tavorix », « Jome ul- voqeot », « Gulshani davlat » va « Shohid ul- iqbol » deb nomlangan asarlarida Xorazmning 1813-yildan to 1873-yilgacha oltmish yillik tarixi, vohada yuz bergan ijtimoiy va qishloq xo’jaligi, shahar qurilishi va sug’orish ishlari, yilma-yil va voqeama-voqea tarzida izchillik bilan bayon etiladi.
Ta’kidlash lozimki, shu jarayonda mehnatkash xalq ommasining yashash sharoitlari, orzu-o’ylari, kasb-kori, urf-odatlari, marosim-ma’rakalari ham, sayl-bayramlari, to’y-tomosholari ham ishonarli tasvirlanadi. Ogahiy tarixiy asarlarning mundarijasi nihoyatda keng. Ular tarixiy voqea-hodisalar mohiyatini yirik bir mutafakkir sifatida xalqchil zamindan holis va odilona tahlil etishga muvaffaq bo’lgan. Ko’lam jihatidan qomusiy darajaga ko’tarilgan bu asarlarida ijtimoiy hayotning barcha sohalari, jumladan, xalq ijodi, san’ati, musiqasi haqida, xonanda hofizlari, qiziqchilari va o’yinchilarining faoliyatlari to’g’risida qiziqarli ma’lumotlar ko’p uchraydi. Xususan, qalamga olingan davr ichida adabiy-madaniy hayot, olimu fuzalolar, ijodkor va san’atkorlar to’g’risida Ogahiy qoldirgan guvohliklar davridagi ijtimoiy ong holati bo’yicha jiddiy ilmiy qimmatga ega. Biz bu asarlarida necha o’nlab shoirlar, tarixnavislar nomlarini uchratamiz, yaratgan badiiy-ilmiy asarlaridan xabardor bo’lamiz.
Ogahiy tarixiy asarlari muallifning « o’zligini »ham chuqurroq anglashda eng ishonchli manbadir. Ular sahifalarida Ogahiyning o’zi haqida, hayot yo’li, ijodiy-ijtimoiy qarashlariga oid muhimma’lumotlarni ko’plab uchratamiz.
Tabiatan yirik shoir qalami bilan yozilgan tarixiy asarlarning ilmiy ahamiyatidan tashqari adabiy-badiiy qimmatini ham alohida ta’kidlash lozim. Ularning ko’pgina sahifalari badiiy nasr darajasida nihoyatda jozibali va ravon, jonli va qiziqarli bo’lib, o’quvchini maftun etuvchi badiyat bilan bitilgan.
Ogahiy tarixiy asarlarining badiiyligi va o’qimishliligini ta’minlagan muhim omillardan biri-ularning shoirona nigoh bilan xalqona jonli tilda ravon yozilganligidir. Bunday muhim omillardan yana biri barcha asarlarda she’riyatga ham salmoqli o’rin ajratilganida ko’rinadi. Chindan ham, zikr etilgan tarixiy asarlar tarkibida she’riy namunalar, xususan masnaviyda bitilgan parchalarga tez-tez duch kelamiz. Bunday sahifalarda tarixchi-olim Ogahiy nozik tabiatli ulkan shoir Ogahiyga o’rin beradi va bu « o’zgarish » asarlarning umumiy mundarijasiga, yo’nalishi va yaxlitligiga aslo ziyon keltirmaydi, aksincha ular qimmatini oshiradi, badiiylik baxsh etadi, zavqli qiladi.
Qisqasi Ogahiyning sof ilmiy ahamiyatga ega bo’lgan tarixiy asarlarini ayni zamonda, davr adabiy-madaniy hayoti va uning yirik namoyondalari xususida ishonchli ma’lumotlar beruvchi manba sifatida ham ko’p jihatdan badiiy nasrga yaqinligi jihatidan ham katta qimmatga ega.