portal.guldu.uz-“O’ZBEK MUMTOZ ADABIYOTI TARIXI” fanidan o’quv-uslubiy majmua
2 - asosiy savolning bayoni: Munis o’zbek klassik lirikasida mavjud bo’lgan she’r turlarida ijod etib, ularning ajoyib namunalarini yaratgan. Biroq uning ijodida g’azal janri salmoqli va muhim o’rin egallaydi. Bu tasodifiy hodisa emas, albatta. Chunki g’azal janri o’zining tuzilishi jihatidan ancha ixcham bo’lib, o’qish va esda saqlashda qulayliklarga ega. Bundan tashqari g’azal shoirga o’zi yashagan davrdagi ko’pgina masalalarni qisqa, shu bilan birga chuqur mazmunda ifodalash imkonini beradi. Ana shu pozitsiyadan turib Munis g’azallariga yondoshganimizda ularda shaxs hayoti bilan bo’liq bo’lgan masalalardan tortib davrning muhim sotsial masalalari hamda falsafiy fikrlarigacha aks etganligini ko’ramiz.
Munis g’azallarining asosiy qismini besh, etti, sakkiz, to’qqiz, o’n, ikki baytli g’azallar tashkil etadi.Ba’zan uning lirikasida boshqa shoirlarda deyarli uchramaydigan yigirma uch, yigirma to’rt, yigirma besh, hattoki o’ttiz uch baytdan iborat g’azallar ham uchraydi. Garchi bular g’azal ko’rinishida bo’lsada , ularni g’azal deyish qiyin. Munis g’azallari orasida jamiyatdagi adolatsizlik, haqsizlik, turli salbiy urf – odatlarni fosh etishga bag’ishlangan bir qancha she’rlar bor. Bular “shuaro“ , “so’z” , “ abas” , “dud “ , “umid”, kabi radifli va “She’r ul tig’i dudamdurkim jahonni fath etar, “Sabot istasang mulk bunyodig’a “; “ Xos o’lub joh ahlig’a in’omi sohib tojlar “, kabi misralar bilan boshlanadigan g’azallardan iborat bo’lib, ularda shoirning sotsial qarashlari o’zining yorqin ifodasini topgan.
Mana uning yumoristik ruhda yozgan “ Ro’za “ g’azali :
Ro’za bisyor meni tang etmish, Badanim sust, ayog’im lang etmish. Ta’bima har dam og’irliq eturib, Kof tog’i bila hamsang etmish. Yangi oy shavqi tanim zor aylab, Qomatim iyd g’ami chang etmish. Za’f uydin chiqorimg’a qo’ymas, Har qadamni necha farsang etmish. Boda mahmurlig’idin ro’za Meni o’lturgali ohang etmish. Ber jilo may bila soqiyki, xumor Ta’bim oyinasini zang etmish. Mast etib, qil madade Munisg’a, Ki sipohi g’am ila jang etmish. Bu g’azal Munisning eng sodda va ravon yozilgan asarlaridan biri bo’lib, uni o’qiganda ko’zlari nursiz, rangi sarg’aygan, bukchayib hayolga berilgan kasalnamo bir obraz o’quvchi ko’z o’ngida paydo bo’ladi. Aruz vaznining ramali musaddasi maxbun bahrida yozilgan bu g’azal folklor qo’shiqlariga o’xshab ketadi. Unda xalqqa tushunarli, uning ruhiy holatiga mos keladigan ko’pgina so’z va iboralar mavjud bo’lib, bu ayniqsa uning qofiyasida yorqin ifodalanadi. Bu g’azalning o’ziga hos hususiyatlaridan yana biri uning ma’lum kompozitsiyaga, shu bilan birga, mustahkam izchillikka ega bo’lishligidadir.
Munis o’z ijodida ilm olish masalasiga katta e’tibor beradi. Yoshlikda umrni zoe ketkazmay, kasb – hunar o’rganib kamolotga erishish lozimligini quyidagi ruboiysida mana bunday bayon etadi:
Munis, talab et kamol – erursen chu yigit, Kim yaxshidur etsa fazl uchun qayg’u yigit. O’q qilg’on ishin yo qila bilmas hargiz Qarilar ila barobar o’lg’aymu yigit. Ma’lumki ruboiy ko’pincha a-a-b-a tarzidagi qofiyaga ega. Biroq to’rtala misraning qofiyadosh bo’lib kelish hollari ham yo’q emas. Buning eng yaxshi namunalari Alisher Navoiy ruboiylarida mavjud bo’lib, Munisda ham uchraydi.
O’rni kelganda shu narsani ham aytib o’tish kerakki, Munis g’azallarida fors – tojikcha so’zlar ruboiylarga nisbatan ancha kam uchraydi. Buning sababi Munis forsiy tildagi ruboiylarini ko’p o’qib, ulardan ta’sirlangan bo’lishi mumkin.
Jamiyatdagi tengsizlik, adolatsizlik razolatning asosiy sababi qayerda va nimadan iborat ekanligini tushunib yetmagan Munis boshiga yog’ilayotgan turli ofat, g’am-alam va baxtsizlikning bosh sababi falak – “ charxi dun ” deb biladi:
Ey falak, muncha nedur aylamay izhori sitam, Urubon har nafas el bag’rig’a yuz nishtari g’am. Yaxshilarga etibon anvoiy xazon qahrindin, Kim yomon ersa, alar zaxmig’a qilding marham. Munis o’zbek adabiyotida mavjud bo’lgan mustazot, musaddas, tuyuq, qasida, qit’a, muammo, tarkibband, va ta’rix kabi janrlarda ham juda ko’p barkamol asarlar yaratgan.
Shoir lirikasida olg’a surilgan mavzulardan yana biri uning shoh va amaldorlarga o’git – nasihat berib, ularni adolatga chorlash, shu orqali xalq hayotini yaxshilashga urinishdir.
Zulm o’tin, ey shoh, yoqma xalq arokim, nogihon Qilmag’ay ul shu’la dudi ro’zgoring qap – qaro.