Ilonni har qancha qilsang tarbiyat Oxir zahrin sochib etkazar zahmat. Nokas tabiati ilon kabidur, YUzin ko‘rmaslikka etgil harakat. Abdulla Avloniy xulqni yaxshi va yomonga ajratadi. YAxshi xulqlar tarkibiga fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, sa’y va g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, ilm, sabr, hilm, intizom, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, adolat, muhabbat, olihimmat va avfni kiritsa, yomon xulqlarga g‘azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, atolat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g‘iybat, haqorat, jibonat, hasad, kizb, nifoq, tama’, zulm singarilarni kirishini e’tirof etadi va ular ta’rifida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tadi. Bularning barchasi u yoki bu darajada odamlararo munosabat jarayonida qo‘llanilishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. YAxshi tarbiya topganlarda yaxshi xulqlar, yomon tarbiya ko‘rganlarda esa yomon xulqlar hukmronlik qiladi. Bu esa muomala jarayonida oydinlashadi. Aslida, barcha muammolarning echimi muomalada ekanini unutamiz va munosabatlarimizni chigallashtiramiz.
“Nurnoma”da keltirilishicha, sarvari koinot “Men etti daryo yaratdim, – deb sanay boshlaydi, – ularning orasida biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi”. Muomalaning barchaga daxldor bo‘lgani hilm haqida so‘z ochish mohiyatlidir. Bu haqda Abdulla Avloniy shunday yozadi: “Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli. YUmshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur. Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur. Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur. (O‘sha kitob. 25-b.)
Halimtabiatlilik muloyimlikdir. Jahl qilish, g‘azablanish ularga yot bo‘lishidan tashqari, fikrini bosiqlik, vazminlik bilan etkazuvchi kishilardir. Jahlning jilovi shaytonning qo‘lida. Halimtabiat inson o‘zgani emas, o‘zini enga olgan kishi mard hisoblaydi. Bu ularning shiori. Demak, insonlararo muomalada chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak lozimligi uqtiriladi. SHuning uchun ham hadisi shariflardan birida “Hilm xulqlarning sayyididur” deyiladi. Suqrot hakim: “SHiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm, shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor”, – deb yozgandi.
Ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lgan insonlar muomala madaniyatida ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi. Xushmuomalalik, xushfe’llik, beozorlik, muloyimlik, hayo-ibolilik ularning husniga husn, obro‘siga obro‘ qo‘shgan. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida “Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q” – deya bejiz ta’kidlamagan. Beandishalilik, befahmlik, befarosatlik esa kishini aqldan, hayodan judo qiladi. SHarq odobnomasida qaerga borish, qanday so‘rashish, qaerda o‘tirish, qanday so‘zlash, kimlarning suhbatida bo‘lish muomala madaniyatining mezonlari sifatida ko‘p bor tilga olingan. Sa’diy SHeroziy “SHirin so‘zli shilgay dushman po‘stini,dag‘al so‘zli dushman qilgay do‘stini” – deya o‘rinli ta’kidlagan. Jon ozig‘i ham, qozig‘i ham, yaxshi so‘z bilan ilon inidan, yomon so‘z bilan pichoq qinidan chiqishi borasidagi dono xalqimizning uqtirishlari zamirida ham muomala madaniyati mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. SHarqona lutf, sharqona tavoze’dan bexabarlik insonning ne kuylarga solmaydi, deysiz.
Muomala jarayonida so‘zlashishdan oldin suhbatdoshingizning yuz-u ko‘zidagi ifoda yoxud tabassumi siz uchun muhim. U qovog‘ini solib gapirsa, o‘sha sovuqlik sizgayam ko‘chishi aniq, yoki aksincha. Tabassum ko‘pgina muammolarning kaliti ekanini bilsak ham ba’zan amal qilmaymiz. Negadir xohlamaymiz. Ayniqsa, bizga birov biron bir xizmat yoki iltimos bilan kelsa, aftimizni burishtirib rahbarlik “viqori” yodimizga tushibmi qovog‘imizni solib olamiz. O‘zimiz sezmagan holda suhbatimiz ohangida kibru havo hukmronlik qila boshlaydi. Bu mulohazalar sizga erish tuyulmasligini bilaman. Hayotingiz mobaynida siz ham xuddi shunday sovuqqon bironta korxona yoki tashkilot rahbarchasiga uchragansiz. Undagi manmanlik yoxud sizga bo‘lgan bepisandlikning guvohi bo‘lgansiz. To‘g‘ri, kayfiyati yomon paytda kelibman, yuqori tashkilotlarning biridan dakki egan bo‘lishi mumkin, deb o‘zingizni ovutgan ham bo‘lasiz. Lekin har qanday holatda ham ochiqyuzlilik, o‘zbekona bag‘rikenglik va mehridaryolik xalqimiz tabiatiga xosligini unutmaslik zarur. Ba’zan g‘arbdagi behayolik va tanazzulga yuz tutayotgan jamiyat haqida gapiramiz.
SHogirdlarimdan bir nechtasi xorijdagi nufuzli o‘quv yurtlarida o‘z malakasini oshirib qaytishdi. Ular suhbat jarayonida ko‘cha-ko‘yda qovog‘ini solib yurgan kishilarni kam uchratganini, o‘zlarining tashvish-u muammolar bo‘lsada, boshqalarga uning ta’siri bo‘lmasin, deb tabassumli qiyofada yurishi va ish tutishlarini aytishdi. So‘ngra qaytib kelganlarida, avtobusdagi ayrim kimsalarning baqir-chaqirig‘i, telefonda baland ovozda gapirishlari erish tuyulganini aytishdi. Oilada, ishxonada ba’zan muammoli vaziyatlar tug‘ilishi, asabbuzarliklarga yo‘l qo‘yilishini inkor qilmaymiz. Garchi, shunday bo‘lsada, “shaytonga hay berib” sharqona muomala madaniyatini unutish yaramaydi. Qaerdadir eshitgandim. Bir yapon yigit ishxonasida ochiq chehra bilan ishga unnab, “navbatchi” tabassum bilan yurganmish. SHunda kasbdoshlaridan biri “tunov kuni otang dunyodan o‘tgandi, shekilli, nimaga xomush emassan”, – desa, “vafot etgan mening otam, hamkasblarimnikimas, tushkun, xomush holatda yurib ularning qayg‘umga hasratdosh, sherik bo‘lishlarini istamayman” – deb javob bergan ekan.
Rivojlangan mamlakatlarda qovoq solib yurish, xo‘mrayish ko‘cha etikasiga zid va hurmatsizlik sanaladi, “ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan kabi xalqlar vakillari oddiy muloqotdan oldin albatta, uzr so‘raydilar va suhbat oxirida minnatdorchilik bildirishni unutmaydilar. O‘zaro suhbat davomida sizni mayin tabassum bilan siylab turadilar. Bu «navbatchi» tabassumning foydasi katta, ochiq yuzli odam hammada hamisha yaxshi taassurot qoldiradi. To‘g‘ri, o‘zining tushkun qiyofatini, mahzun holatini boshqalarga ham ravo ko‘rish, go‘yoki o‘zining kasalini boshqalarga yuqtirishga o‘xshaydi. Sovuqqon, tund qiyofada muomalada bo‘luvchi kimsalar borasida Mirzo Abdulqodir Bedil shunday yozgandi: “YAxshilik izlama sovuq kishidan, muzlagan chechakning hidi juda kam.” Bularning barchasi inson qalbiga yo‘l topish tilsimlariga borib bog‘lanadi. Muomala sirlari haqida juda ko‘plab allomalar tadqiqot ishlari olib borishgan. O‘zbek kitobxonlariga rus tili orqali bo‘lsa-da, tanish bo‘lgan ruhiyatshunos olim Deyl Karnegidir. Odamlar bilan muomala qilish, ularning qalbini rom etish sir-sinoatlari haqida ko‘p va xo‘p yozgan. Lekin uning fikr-mulohazalarining aksariyati sharqona mentalitetga unchalik mos kelmasligi aniq. Ba’zi mulohazalari bizning milliy, ma’naviy va axloqiy qarashlarimizga to‘g‘ri kelmasligini inkor etib bo‘lmaydi. Umuman olganda, millatidan, irqidan qat’iy nazar inson ruhiyati, talab va ehtiyojlarida mushtarak jihatlar bo‘lgani uchun ayrim masalalarda yaqinlik ham bor. Odamlarga yoqishning usullari, do‘st orttirsh yo‘llari haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiradi. U yozadi: “Do‘stim, siz dunyoda do‘st orttirishga eng usta bo‘lgan jonivorni bilasizmi? Albatta, bilasiz. Siz uni xar kuni ko‘chada uchratishingiz mumkin. U sizni 10 qadam naridan ko‘rishi bilanoq, dumlarini o‘ynatib oldingizga yugurib keladi. Agar siz to‘xtab uni siypalasangiz, u sizdan xursand va sizni juda yaxshi ko‘rishini anglatish uchun turli xil qiliqlar qilayotganligini ko‘rasiz. Siz bu shodlikning orqasida yashirin bir intilish yo‘q ekanligini – u sizga biron-bir narsani sotish yoki siz bilan turmush qurish ilinjida emasligini yaqqol his qilasiz. Siz biror marta it kun kechirish uchun ishlashi shart bo‘lmagan yagona jonivor ekanligi xaqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Tovuq tuxum qilishi kerak, sigir sut berishi kerak, bulbul esa sayrashi kerak. It-chi? It kun kechirishi uchun sizga o‘z sadoqatini ko‘rsatishi, sizga vafodor bo‘lishi kerak, xolos. It o‘z umrida ruhiyatga oid biror kitob o‘qigan deysizmi? Lekin u qandaydir tug‘ma instinkt yordamida odamzodga suykalib, ikki oy davomida ikki yilda orttirgan do‘stlaridan ham ko‘proq do‘stlar orttirish mumkinligini biladi.” Bu borada Deyl Karnegining fikrlariga qo‘shilish mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerakki, insonlararo muomala jarayonida qiziqish, manfaat, ehtiyoj degan tushunchalar muhim rol o‘ynaydi. Ko‘p yillar siz bilan do‘stlik rishtasini mustahkamlab yurgan do‘stingiz nimadir sabab bo‘lib bir iltimosini bajarolmasangiz, to‘nini teskari kiyvolib sizga bo‘lgan muomalasi, munosabati keskin o‘zgaradi. Bunday “do‘st”lar yo‘q, deb o‘ylaysizmi? SHoir shuning uchun ham kuyunib ushbu misralarni bitgan bo‘lsa ajab emas.