8-mavzu Yonish, yong‘in va portlash haqida umumiy ma’lumotlar. Yong‘inni o‘chirish moddalari va ularning xossalari
8-§. Yong‘inda kuch va vositalarni boshqarish 81. Yong‘inda kuch va vositalarni boshqarish yong‘inni o‘chirish rahbarining asosiy vazifasi bo‘lib, vaziyatni to‘g‘ri baholab, yong‘inni bartaraf etishdagi harakatlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdan iboratdir.
82. Yong‘inni o‘chirish rahbari yong‘inni o‘chirish harakatlarini bajarishda ishtirok etayotgan yong‘indan saqlash xizmatining shaxsiy tarkibiga, shuningdek yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan kuchlar va vositalarga yakkaboshchilik asosida rahbarlik qiladi.
83. Yong‘in o‘chirilayotganda yong‘in o‘chirish rahbarining harakatlariga aralashishga yoki uning farmoyishlarini bekor qilishga hech kim haqli emas.
84. Yong‘inni o‘chirish rahbari bo‘lib quyidagilar hisoblanadilar:
yong‘inni bartaraf qilishda bitta yong‘in o‘chirish ekipaji ishlayotgan bo‘lsa, ekipaj komandiri;
tegishli hududda sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etishga bir nechta yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan bo‘lsa, shu hududning rahbari yoki garnizonda belgilangan tartibda ko‘rsatilgan shaxs, agarda yong‘in joyiga Tezkor boshqaruv xizmatining navbatchi guruhi yetib kelsa, ushbu guruhning katta rahbari.
85. Yong‘in joyiga yetib kelgan yong‘in o‘chirish rahbari quyidagilarni bajaradi:
vaziyatni aniqlash va yong‘in o‘chirishni to‘g‘ri tashkil qilinganligini hamda qo‘shimcha kuch va vositalarning chaqirilishi lozimligini aniqlash;
yong‘in o‘chirish rahbarligini o‘z zimmasiga olish.
86. Yong‘in joyiga kelgan yuqori turuvchi rahbar yong‘inning o‘chirilishiga javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi lozim. Bunda yuqori turuvchi rahbar yong‘inni o‘chirish boshqaruvini o‘z zimmasiga olganligini e’lon qiladi.
87. Yong‘inda kuch va vositalarni boshqarish uchun yong‘inni o‘chirish rahbari vaziyatga qarab tezkorlik shtabi va YoO‘Ularni tashkil qilishi mumkin.
88. YoO‘Ular ish turlari bo‘yicha (o‘chirish, himoyalash, qutqarish va boshqalar) binoning qavatlarida, zinapoyalarida, yong‘inga qarshi to‘siq va oraliqlarda yoki yonayotgan binoning chegarasida tashkil qilinishi mumkin.
89. Yong‘inda ikki va undan ortiq yong‘in o‘chirish ekipajlari ishlayotgan bo‘lsa, yong‘in sodir bo‘lgan tuman (shahar) yong‘in xavfsizligi qismining kichik yoki o‘rta boshliqlari tarkibidan biri ta’minot boshlig‘i etib tayinlanadi.
90. Yong‘inda vaziyat to‘satdan o‘zgarib qolsa va yong‘inni o‘chirish rahbaridan buyruq olishning imkoni bo‘lmasa, yong‘in joyidagi tegishli boshliqlar (rahbarlar) oqilona tashabbus ko‘rsatib harakat qilishlari lozim. Yong‘inni o‘chirish rahbaridan tegishli buyruq olmaganlik harakat qilmaslikka sabab bo‘lmaydi.