Pedagogikaning metodologik asosi. Pedagogikaning fan sifatida shakllanib borishi ijtimoiy-iqtisodiy zaruriyat mahsuli sifatida turli fanlar bilan qadim-qadim zamonlardan bog‘liqligidir. Shuni ta’kidlamoq kerakki, pedagogika fanining metodologik asosi diniy va dunyoviy fanlar tarkibida rivojlangan. Qur'onda “Ilm” soʻzi turli hollarda 765 marta takrorlanadi. G‘arb faylasuf olimlari ham Islom falsafasiga suyangan holda ijod etganlar.
Pedagogika fanining metodologiyasini yaratishda qomusiy mutafakkir va pedagoglarning oʻrni diqqatga sazovor. Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Rudakiy, Firdavsiy, Alisher Navoiy, chex olimi Yan Amos Komenskiy, shvetsariyalik pedagog Iogann Genrix Pestalotsi, nemis pedagogi Adolf Disterverg, rus pedagogi K. D.Ushinskiy kabilar oʻz ijodiyotlarida pedagogikaning metodologik asosini yaratib, komil inson tarbiyalashdagi qonuniyatlarni asosladilar. Yangicha Sharqona pedagogikaning metodologiyasi oʻtmish ajdodlarimizning barkamol inson tarbiyasidagi g‘oya va ta’limotlarini oʻrganib, unga suyangan holda milliy istiqlol mafkurasini mustaqkamlash va unga amal qilishdir. Pedagogika fanining mazmuni, maqsadi, vazifalari, tamoyil usul va vositalari, umuman, har bir inson uchun zarur boʻlgan tarbiyaviy ta'sirlar yangicha asosga ega boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov bu borada shunday degan edi:
“Oʻzbekistonning yangilanish va rivojlanish yoʻli toʻrtta asosiy negizga asoslanadi:
– umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
– xalqimizning ma'naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish;
– insonning oʻz imkoniyatlarini erkin namoyon qilish;
– vatanparvarlik”2.
Oʻzbekistonda mustaqillikni saqlab qolish va uni mustahkamlashda pedagogika fanining metodologik asoslariga bevosita bog‘liq boʻlgan har bir masalalarga ijodiy, rivojlantiruvchi nuqtayi nazardan yondashish zarurdir.
Pedagogikaning asosiy kategoriyalari va tushunchalari Pedagogika fanining predmeti, oʻqitishning, ta’lim-tarbiyaning zamonaviy qonuniyatlari, mazmuni, usullari, vositalari bilan kishilarni, yoshlarni, mutaxassislarni qurollantirishdir. Uning metodologik asoslari maqsad va vazifalari dunyoning moddiy-ma’naviy rivojida shaxs kamoloti uyg‘unligi qonuniyatlari va davlatning zamonaviy siyosatidan kelib chiqadi.
Pedagogika fanida bir biriga uzviy bog‘langan quyidagi tushunchalar mavjud: Tarbiya, ta’lim, ma'lumot. Tarbiya ijtimoiy hayot uchun zarur boʻlgan hodisadir. U jismoniy barkamollik, yaxshini yomondan farqlash, yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish qudratiga egadir. Tarbiya kishilik jamiyatining hamma boshqichlarida rivojlanib, oʻsib avloddan avlodga vorislik vazifasini bajargan, lekin maqsadi, vazifasi, mazmuni oʻziga xosligi bilan farq qiladi.
Pedagogika metodologiyasi oʻzida pedagogik nazariya asoslari va tuzilmasi haqidagi bilimlar tizimini, pedagogik hodisa va jarayonlarni tadqiq qilishning yondashuvlarini, pedagogik voqelikni haqqoniy ifoda etadigan axborotlarni olish usullarini, shuningdek, bu bilimlar tizimini qoʻlga kiritish boyicha faoliyat tizimini mujassamlashtiradi.