Pedagogik tushunchalar. TA’LIM – maxsus tayyorlangan kishilar rahbarligida oʻtkaziladigan, oʻquvchilarni bilim, koʻnikma va malakalar bilan qurollantiradigan, bilim, qobiliyatlarini oʻstiradigan, ularning dunyoqarashini tarkib toptiradigan jarayondir. Ta’lim jarayonining mazmunini bilim, koʻnikma va malaka tashkil qiladi.“Ta’lim insonlarga yaxshiroq hayot tarzi va mavqe imkoniyatlarini yaratadi. Odamlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlariga yordam beradi. Insonga oʻzini va dunyoni tushunishdagi bilimini oshirishda zarur. Odamlardagi bag‘ri kenglikni shakllantiradi. Yoshlarning hayotga va dunyoga boʻlgan qarashini shakllantirishga yordam beradi. Demak, ta’lim millatni rivojlantirishga yordam beradi”3, – deydi amerikalik pedagog olim A.Mur.
TARBIYA – oʻsib kelayotgan avlodda hosil qilingan bilimlar asosida aqliy kamolot – dunyoqarashni, insoniy e’tiqod, burch va mas’uliyatni, jamiyatimiz kishilariga xos boʻlgan axloqiy fazilatlarni yaratishdagi maqsadni ifodalaydi. Tarbiya bola tug‘ilgandan boshlab umrining oxirigacha oilada, maktabda, kasb-hunar kollejlarida, oliy ta’lim muassasalarida va jamoatchilik ta’sirda shakllanib boradigan jarayondir.
BILIM – bir butunlikni tashkil qiluvchi qismlar orasidagi, ularning ichki ziddiyatlaridan kelib chiqqan bog‘liqlikdir. U qonuniyat deb ham yuritiladi. Ya’ni bilim insoniyat tomonidan mustaqil hayotda, faoliyatda, ishlab chiqarishda zarur boʻlgan fan asoslarining qonunlari va tushunchalarini oʻzlashtirish natijasidir. Bilim – oʻrgangan narsani tushuntirib bera olish boʻlib, oʻquvchilar oʻqish orqali u bilan qurollanadilar. Bilimni hayotda koʻp unum beradigan qilib qoʻllay olish bilan birgalikda koʻnikma va malaka hosil qilish lozim.
KOʻNIKMA– mashq qilish natijasida beriladigan harakatlar yig‘indisi boʻlib, bilimni ma'lum joy(sinfda, laboratoriyada va hakazo)da qoʻllay olishdir.
Koʻnikma – malakaning tarkibiy qismi boʻlib, harakatning ayrim qismlarini nihoyatda tez, aniq va maqsadga muvofiq ravishda bajarilish qobiliyatini ifodalaydi va koʻp marotaba takrorlanadigan mashqlar natijasida yuzaga keladigan harakatlar yig‘indisidir.
Iqtidor va koʻnikma mashq qilish va takrorlash orqali malakaga aylanadi. MALAKA – bilim va koʻnikmani istalgan joyda qoʻllay olishdir.
Bilim asosida koʻnikma va malaka paydo boʻladi. Bilim bahsda kerak boʻlsa, koʻnikma mehnatda, dunyoni oʻzlashtirishda zarur.