Etika falsafaning axloqiy va tarbiya masalalari bilan bevosita bog‘liqdir. Ularni hal etishda pedagogika axloqning umuminsoniy qadriyatlariga suyanadi.
Estetika (nafosat tarbiyasi) insonning estetik ideallarini shakllantiradi, madaniyat va voqelikka estetik munosabatlar umumiy qonuniyatlarini oʻrganadi va estetik tarbiyani ilmiy jihatdan asoslash uchun xizmat qiladi. Bu asoslarni pedagogika fani ishlab chiqadi, yoshlarning goʻzallikni his qilish, tushunishga oʻrganish vositalari va yoʻllarini belgilab beradi.
Mustaqil Oʻzbekistonda milliy pedagogika bevosita iqtisod fani bilan bog‘lanib, bozor iqtisodiyotiga oʻtish muammolarini, iqtisodiy tarbiya masalalarini uzviylik bilan amalga oshiriladi. Ijtimoiy fanlardagi ma’lumotlarga suyanib, pedagogika jamiyatning tarbiyaga boʻlgan obyektiv ehtiyojini va ularni amalga oshirish shart-sharoitlarini oʻrganadi.
Pedagogika psixologiya va fiziologiya bilan ham bevosita va bilvosita bog‘liqdir. Fiziologiya pedagogika hamda psixologiyaning tabiiy ilmiy bazasi hisoblanadi. Pedagogika fiziologiyaning oliy asab faoliyatining rivojlanishi, asab sistemasining oʻziga xosligi birinchi va ikkinchi signal sistemalar shuningdek, sezgi organlari, tayanch harakat apparati , yurak, qon tomir hamda nafas olish sistemalarining faoliyati, rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarga suyanadi.
Ilmiy-pedagogik tadqiqot metodlari. Pedagogik muammolarni hal qilishda turli-tuman tadqiqot metodlaridan foydalaniladi. Metod lotincha “metodos” – “yoʻl” soʻzidan olingan. Ilmiy tadqiqot esa shu metod orqali nazariy, siyosiy, ilmiy, milliy va ijtimoiy hayot hodisalarini bilish maqsadiga xizmat qiladi. Ilmiy-pedagogik tadqiqot metodlaridan biror pedagogik muammoni hal qilish maqsadida talaba, oʻqituvchi-tarbiyachi, aspirant-tadqiqotchi va ilmiy xodimlar foydalanadilar. Ilmiy izlanishning dastlabki debochasi adabiyotlarni oʻrganib, tahlil qilishdan boshlanadi.
Adabiyotlarni o‘rganish metodi Adabiyotlarni oʻrganish jarayonida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni aks ettiruvchi, mutafakkir va ma’rifatparvar pedagog olimlarning asarlari, Mustaqil Oʻzbekistonning iqtisodiy, siyosiy va ma'naviyatiga doir adabiyotlar, Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov asarlari, tadqiqot mavzusiga doir darslik, monografiya, risola va maqolalar, pedagogik-psixologik izlanishlar va dissertatsiyalar oʻrganiladi.
Kuzatish metodi. Kuzatish adabiyotlarni oʻrganishdan keyin boshlanadi. Kuzatishni tadqiqotchi biror maqsadni koʻzda tutib tashkil etadi. Kuzatish rejalashtiriladi, uning dasturi tuziladi. Bunda kuzatish tezligi, soni, manzili, vaqti, vaziyatni kuzatish, materiallarni qayd qilish muddati belgilanadi. Kuzatish muddatiga koʻra ikki turga ajratiladi: qisqa va uzoq muddatli kuzatish.
Qisqa kuzatish – obyektning kundalik faoliyatidagi oʻzgarishlardan ma'lum xulosaga kelish. Uzoq muddatli kuzatish qoʻyilgan maqsad, reja va dastur asosida olib borilib, ma'lum ilmiy, yakuniy xulosaga kelinadi. Kuzatishni yakuniy qayd qilishda kinosyomka, video yozuvi, televideniya va boshqa texnik vositalardan foydalanish mumkin.
Suhbat metodi Tadqiqot mavzusining biror tomoni yoki hodisalari haqida bilib olish maqsadida ma’lum mas’ul shaxslarga og‘zaki savollar berib, ulardan axborot olish jarayonidir. Soʻroqlar mavzu doirasida, mantiqan, mazmunli, tartibli, aniq ifodaga ega boʻlishi lozim. Uning toʻg‘ri yoki notoʻg‘riligiga qarab jadval asosida natijasi aniqlanadi. Suhbat metodi jarayonida intervyu olish ham mumkin. Oʻrinli, mantiqan yuksak yoki noaniq javoblar magnit lentalariga yozib boriladi va tahlil etiladi. Yozma javoblarni ommaviy ravishda yig‘ib olish metodi anketa metodi deb ataladi. Tadqiqot natijalarining ishonchliligi anketalar mazmuniga, berilgan savollar shakliga, toʻldirilgan anketalar soniga bog‘liq boʻladi.