B. Tarbiyaviy ishlarning manbalari. Tarbiyaviy ishlar amalga oshirilayotgan davrning ijtimoiy vaziyati - tarbiyaviy ishlarni maqsadli koʻzlashning va loyihalashning muhim manbai hisoblanadi. Bu vaziyat mamlakat va dunyodagi ijtimoiy hodisalar, davlat bayramlari, yubiley sanalari, hukumat qarorlari, jamiyat ahamiyatiga ega boʻlgan g‘oyalar hamda mahalliy hayotga doir hodisalar sababli yuzaga keladi. Tarbiyaviy ishlarni tashkil etishning va oʻtkazishning ikkinchi manbai boʻlib, tur sifatida shakllanayotgan shaxsning zaruriy fazilatlarini va xislatlarini shakllantirishning pedagogik tashxisi sifatida xizmat qiladi. YAna bir manba - oʻquv-tarbiyaviy muassasa ma’lum muddatga belgilagan ishlarining umumiy yoʻnalishidir. Mazkur manbalarning mushtarak holati tarbiyaviy ishlarni hayotbaxsh kuch bilan toʻldiradi, ularning dolzarb ekanligini va muayyan maqsadga yoʻnaltirilganligini aniq belgilab beradi.
Asosiy tarbiyaviy maqsad (koʻpincha, axloqiy tarbiya maqsadi) aniq ishlarga oid vazifalarni belgilab beradi. Har bir ishda asosiy g‘oya ajralib turadi va u tarbiya umumiy yoʻnalishining (aqliy, jismoniy, mehnat tarbiyasi va b.) biri bilan mos keladi.
Maqsadni koʻzlash bosqichida tarbiyachining vazifasi - ijtimoiy vaziyatni baholash, oʻzining tarbiyaviy faoliyatini asosiy maqsadga boʻysundirish, tarbiyalanuvchilarning kelajakda muayyan tarbiyaviy ta’sirlarni qabul qilishga tayyorlik darajasiga tashxis qoʻyishdan iboratdir.
V. Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish boʻyicha uslubiy tavsiyalar: 1. Tarbiyaviy ishlarning aniq vazifalarini chuqur anglash, uning samaradorligini oshirishning zarur shartidir. Mazkur vazifalar mahorat bilan talqin etilgan va tarbiyalanuvchilarga etkazilgan boʻlishi kerak.Tarbiyaviy ish tashkilotchilari oʻquvchilarga oʻz nuqtai nazarlarini majburan oʻtkazmasliklari kerak: tarbiyalanuvchilarni zarur qarorlarni qabul qilishga (goʻyo oʻz qarorlari sifatida qabul qilinadigandek) ishontirish zarur.
2. Har qanday tarbiyaviy ish ishchan va majmuaviy yoʻnalish asosida loyihalashtiriladi. Birinchi yoʻnalish, yuqorida ta’kidlanganidek, tarbiyalanuvchilarning jonli, ijodiy, qiziquvchan faoliyatini talab etadi va, zarurat tug‘ilganda, tirishqoqlikni, harakatchan ishlarni tanlashga yoʻnaltiradi. Ikkinchisi esa, tarbiyachiga bir vazifadan har tomonlama samara olishga imkon beradi.
3. Tarbiyaviy ishlar jarayonida hal qilinishi lozim boʻlgan barcha vazifalar turli ahamiyatga ega boʻlishiga intilish shart emas, chunki tarbiya tizimini birdaniga bir necha mezonlar orqali optimallashtirib (muqobillashtirib) boʻlmaydi. Tarbiyaviy ishda, har qanday ishdagi kabi bosh vazifa ajratib olinadi va shu orqali qolgan vazifalar hal etiladi.
4. Tarbiyaviy ishlar mazmunini uning vazifalari va amalga oshirish sharoitlari bilan bog‘liq holda belgilab olish nihoyatda muhimdir. Material tanlanayotganda, u oʻquvchilarning tarbiyasiga ijobiy ta’sir etish tomonlariga e’tiborni qaratish lozim. Tarbiyaviy ishlarda turli xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun tarbiyachi oʻquvchilarning qarashlarini va qiziqishlarini inobatga olgan holda ularni rivojlantirishi, shuningdek, ularga tayanib ish olib borishi kerak.
5. Maqsadga muvofiq uslublar, usullar va vositalar tarbiyaviy ishlarning har bir bosqichi uchun alohida loyihalanadi. Bunda uslublarning imkon qadar faollik, tashabbuskorlik, mustaqillik tamoyillarini ta’minlanishi nazarda tutilishi lozim. Sustlik - tarbiyaviy ishlarning asosiy dushmanidir. SHu bois, tarbiyalanuvchilarning xulqi kuzatilsa, nimani oʻzgartirish zarurligini ularning oʻzlari aytadilar.
6. Tarbiyaviy ishlarni tayyorlashda tashkillashtirishning yuqori darajadagi aniqligiga erishishga harakat qilish lozim. Har qanday tarbiyaviy ish tarbiyalanuvchilar uchun «tashkilotchilik maktabi» ga aylanishi kerak. Tayyorgarlik tashabbuskorlik, talabchanlik, kirishimlilik, majburiyatlarni taqsimlash mahorati, vaziyatlarni tezda baholash kabi fazilatlarni tarbiyalaydi. Ishni tayyorlash va oʻtkazish jamoani jipslashtirishning toʻg‘ri yoʻlidir!
7. Tarbiyaviy ishlar nuxsa koʻchirishni yoqtirmaydi. Oʻzgaruvchanlik va harakat doirasining kengligi tarbiyaviy ishlarning farqlovchi belgilaridir. Sinflarning, ayrim oʻquvchilarning bir - biriga oʻxshamasligidan keng foydalanishga intilish yaxshi natija beradi. Tarbiyaviy ishlarni loyihalash chog‘ida. Bir sinfda muvaffaqiyat keltirgan tajriba ikkinchisida aynan shunday natijani bermasligi mumkinligini esda tutish kerak.
8. Tarbiyaviy ishlar turli - tuman boʻlishi kerak. Tarbiyalanuvchilar yorqin ishlarni uzoq eslab yuradilar, shu bois bunday ishlarni takrorlash maqsadga muvofiq emas, chunki u ahamiyatini yoʻqotishi mumkin. Tarbiyaviy ishlarni har doim yangisini topish qiyin, ammo ularni topishga harakat qilish zarur. Tarbiyaviy ishlar zahirasida koʻplab qiziqarli tadqiqotlar mavjud va bu takrorlamaslikni, aksincha, aniq sharoitlar bilan muvofiqlashtirgan holda oʻquvchini rivojlantirishni kafolatlaydi.
9. Tarbiyaviy ishlar his - tuyg‘ularning qudratli katalizatori kabi loyihalashtiriladi. Ma’lumki, hayajonga tushgan kishi nihoyatda ta’sirchan boʻladi. Har bir tarbiyaviy ishda tarbiyalanuvchiga yaqin, hamohang boʻlgan jihatlarni topish va unda ijobiy xislatlarni rivojlantirish, mustahkam hayot tarzini shakllantirish, tarbiyaviy ishlar madaniyatini oshirishning muhim yoʻllaridan biri boʻlgan oʻrab turgan dunyo haqiqatini toʻg‘ri tushinishga yordam beradigan qilib etkazish kerak.