Oila nima uchun jamiyatning asosiy poydevori hisoblanadi?Chunki, insoniyatning paydo boʻlishi, oilalarning vujudga kelishi, ularni qadriyat sifatida himoya qilish zamirida jamiyat tashkil topgan. Oilalarning har tomonlama mustahkamligi, tinch – totuvligi jamiyatning barqarorligini ta’minlaydi. Shuning uchun oila jamiyatning asosiy va tayanch boʻg‘ini ekanligini quyidagilar bilan izohlash mumkin: – insondagi barcha insoniy fazilatlarning poydevori oilada tarbiyalanadi.
– shaxs esa jamiyatning bir boʻlagi sifatida oilada olgan hayot falsafasini jamiyat taraqqiyotiga tatbiq etadi, oʻzining bor qobiliyati, imkoniyati, tarbiya qirralarini millat, xalq, mamlakat, jamiyat ravnaqi uchun safarbar etadi.
Amalga oshirilayotgan bunday ta’lim-tarbiyaviy ishlar zamirida har bir fuqaroni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan Qonunlar, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Davlat dasturlari, xalqaro huquqiy hujjatlarning mazmun va mohiyatini bilish va ularga hayotda amal qilishga oʻrgatish, mamlakatimiz va dunyo mamlakatlari siyosiy hayotidan voqif etish, yashashga oʻrgatish nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻg‘risida”gi PF 4944-son qarori bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, ularning jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirish maqsadida fuqarolar yig‘inlarining faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar namunaviy Nizomlarining tasdiqlanishi ushbu ijtimoiy tuzilmaning jamiyat oldidagi mas’uliyatini yana bir bora oshirdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi hamda hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan oilaviy biznes, xotin-qizlar kichik va oʻrta biznesini rivojlantirish, ayollar tadbirkorligi uchun banklardan imtiyozli kreditlar berish siyosati izchil amalga oshirilishi tufayli ayollarning oila budjetiga qoʻshayotgan hissasi ham ortib bormoqda. Buning natijasida farzandlarda ham tadbirkorlik xislatlari oʻsishiga real imkoniyatlar yaratilmoqda.