Umumlashtiruvchi darslar (bilimlarini umumlashtirish va tizimlashtirishlar) ilgari oʻtilgan materialdan eng muhim savollari qayta takrorlanadigan va tizimlashtiriladigan, oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqlar toʻldiriladigan va oʻrganilayotgan kursning muhim g‘oyalari ochib beriladigan darslar hisoblanadi. Umumlashtiruvchi darslar mavzu, boʻlim va oʻquv kurslarining yakunida oʻtkaziladi. Kirish va yakunlash darsning tarkibiy elementi hisoblanadi. Takrorlash va umumlashtirish hikoya, qisqacha xabarlar, darslikni oʻqib berish yoki suhbatlashish shaklida oʻtkazilishi mumkin.
Tekshirish (nazorat) darslari oʻqituvchiga oʻquvchilarning ma’lum sohadagi bilim, malaka va koʻnikmalari shakllanganlik darajasi, oʻquv materialini egallashdagi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, navbatdagi topshiriqlarning bajarish yoʻllarini belgilab olishga yordam beradi. Tekshirish darslari oʻquvchidan mavzu boʻyicha mavjud bilim, koʻnikma va malakalarini qoʻllashini talab etadi. Tekshirish og‘zaki hamda yozma shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Yuqorida ifodalangan barcha dars turlarining majburiy elementi tashkiliy va yakuniy bosqich hisoblanadi. Tashkiliy bosqich maqsad qoʻyish va uni oʻquvchilar tomonidan qabul qilish sharoitlarini ta’minlash, ish sharoitini yaratish, oʻquv faoliyati motivlarini dolzarblashtirish va materialni idrok etish, anglash, eslab qolish yuzasidan beriladigan koʻrsatmalarni shakllantirishni koʻzda tutadi. Darsga yakun yasash bosqichida maqsadga erishish qayd etiladi, unga erishishda barchaning yoki yakka oʻquvchilarning alohida ishtiroki belgilanadi, ishlari baholanadi va istiqbollari belgilanadi.
Amerikalik oʻqituvchi va nashriyotchi William Chandler Bagley"Ta’lim jarayoni" (The educative process) kitobida dars turlarini quyidagicha bayon etadi
1. Rivojlantirish darslari (The development lesson);
2. Oʻrganish darslari (Study lesson);
3. Soʻrov darslari (The recitation lesson);
4. Mashg‘ulot darslari (The drill lesson);
5. Takrorlash ya’ni qayta koʻrib chiqish darslari (The review lesson);
6. Imtihon( tekshiruv ) darslari. (The examination).
Hozirgi kunda ularda uchtasi yani rivojlantirish darslari, mashg‘ulot darslari va takrorlash, ya’ni qayta koʻrib chiqish darslari keng qoʻllaniladi.