Pedagogik texnologiya tushunchasi va uning mohiyati Texnologiya- (yunoncha ”techne”- mahorat san’at, “logos”-tushuncha, ta’limot) ishlab chiqarishning biror sohasida xomashyo material, yarim fabrikat va shu kabilarga ishlov berish yoki qayta ishlash ularning holati, xossalari va shaklini oʻzgartirishda qoʻllaniladigan usullar (metodlar) majmui demakdir.53 Pedagog olimlarning fikrlariga koʻra (N.Sayidahmedov, U.Tolipov, T.Madumarov, M.Kamoldinov) pedagogik texnologiyalarning paydo boʻlish va rivojlanish tarixi 4 bosqichga boʻlinadi: I bosqich - XX asrning 30 yillari. Pedagogika sohasida dastlab “Pedagogik texnika” tushunchasining paydo boʻlishi;
II bosqich - XX asrning 40-60 yillari. oʻqitishning texnik vositalarini paydo boʻlishi va undan foydalanish;
III bosqich - XX asrning 70-80 yillari. Oʻqitish texnologiyalari yangi avlodining yaratilishi; pedagogik texnologiyaning ilmiy asoslarini vujudga kelishi;
IV bosqich - XX asrning 90 yillari -XXI asr boshlari. Pedagogik texnologiyalarining ilmiy-nazariy asoslarining yaratilishi, yangi tadqiqot yoʻnalishining paydo boʻlishi, ilmiy maktablarning shakllanishi.
Pedagogik texnologiya g‘oyasining asoschilari B.Blum, L.Larsen, B.Skinner, D.Finn, D.Kratval hisoblanadi. Ularning bu sohaga qoʻshgan ulushlari: oʻquv maqsadlari taksanomiyasi (1956y. B.Blum) audiovizual ta’lim (1946 y. L.Larsen), dasturli oʻqitish tizimi (1954 y . B.Skinner), oʻqitish texnologiyalari (1961y. D.Finn), dasturlashtirilgan ta’lim (LOGO) ,1968y. S.Peypert), tarbiya texnologiyalari (D.Kratval) ning nazariy asoslarini yaratganligidadir.
60-70 yillarda pedagogik texnologiyalar sohasida turli ilmiy-nazariy g‘oyalarning paydo boʻlishi, shakllanishi va amaliyotga tadbiq etilishi geografiyasi yanada kengaydi. AQSH, Italiya, Angliya, Fransiya, YAponiya, Kanada, Koreya, Rossiya, Vengriya va boshqa mamalakatlarda maxsus pedagogik nashrlar, markazlar, Assotsiatsiyalar, ilmiy tadqiqot institutlari va ularda boʻlimlar tashkil etildi.
80-yillardan boshlab Rossiyalik pedagog olimlar tomonidan pedagogik texnologiyalarning ilmiy-nazariy asoslari keng tadqiq etila boshlandi. Jumladan, V.P.Bespalko (shaxsga yoʻnaltirilgan ta’lim), V.M.Monaxov (aksiomatik yondashuv), M.A.CHoshanov (muammoli-modulli oʻqitish texnologiyasi), V.F.SHatalov (oʻquv materialining belgili modellari asosida ta’limni jadallashtirish texnologiyasi), I.P.Volkov (rejalashtirilgan oʻqitish), G.K.Selevko (pedagogik texnologiyalar tasnifi), N.F.Galizinalar pedagogik texnologiya tushunchasini ilmiy pedagogik jihatdan tadqiq qildi.
90- yillardan boshlab Oʻzbekistonda ham pedagogik texnologiyalarga oid dastlabki ilmiy tadqiqot ishlari paydo boʻldi. Jumladan, pedagogik texnologiyalarning ilmiy-nazariy jihatlari N.S.Saidahmedov, J.Yoʻldoshev, R.Joʻraev, U.Nishonaliev, B.L.Farberman, N.Azizxoʻjaeva, U.Tolipov, A.Abduqodirov, A.Pardaev va boshqalar tomonidan tadqiq etildi. Respublikamizda “Innavatsion texnologiyalar” markazlari, “Zamonaviy ta’lim”, “Fan va texnologiyalar” jurnallari tashkil etilgan.
V. Bespalkoning fikricha pedagogik texnologiya-oʻquv jarayonini amalga oshirishning mazmunli texnikasi. Bu oʻqituvchi mahoratiga bog‘liq boʻlmagan pedagogik muvaffaqiyatlarini kafolatlay oladigan oʻquvchi shaxsini shakllantirish jarayonini ifodalash-loyihalashdir.